06.11.2024 13:10

Oʻzbekiston prezidenti YuNRVA faoliyati cheklanganini qattiq qoraladi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Bishkekda boʻlib oʻtayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitida nutq soʻzladi. U oʻz nutqida Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham toʻxtalib, Isroil tomonidan YuNRVA faoliyatining cheklanganini keskin qoraladi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoev TDK faoliyatini kengaytirish boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Bishkekda boʻlib oʻtayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitida nutq soʻzladi. Davlat rahbari oʻz nutqi davomida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olgani, etakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaygani, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortayotganiga urgʻu qaratdi.

“Albatta, bularning salbiy taʻʻsiri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi qoʻshma reja va katta loyihalarimizga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda”, - dedi u.

Shu boisdan tashkilot doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekanligini taʻʻkidladi.

“Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz

U mazkur koʻp yillik nizoning yagona echimi – xalqaro meʻʻyoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanini yana bir bor taʻʻkidladi.

“Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida oʻtadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy echim topilishiga umid qilamiz”, - dedi u.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston prezidenti Afgʻoniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida boʻlishi lozimligi, bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yoʻlga qoʻyish muhim ekanini tilga oldi.

“Afgʻonistondagi oʻtkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam koʻrsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini roʻyobga chiqarish masalalari albatta koʻrib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz”, - dedi u.

Shavkat Mirziyoev sammitda Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlar oʻrtasida kuchayib borayotgan koʻpqirrali hamkorlikning yorqin ifodasi ekanini qayd etib oʻtdi. “Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeini oshirish, oʻzaro manfaatli va doʻstona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga koʻtarishga erishamiz”.

Oʻzbekiston etakchisi TDT faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan:

Tashkilot asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash;

Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshligi toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilish;

Tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish. Eng avvalo, tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini engillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish;

Turkiy investitsiya jamgʻarmasi ishini faollashtirish, Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish;

Oʻrta koridor boʻylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qoʻshma operatorlarni yaratish;

Raqamli turkiy dunyo kontseptsiyasini ishlab chiqish;

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻtkir ekologik muammolarga echimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengash tuzish;

Turkiy tillardan bevosita tarjima qilishni ragʻbatlantirish, maktablarda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va sanʻʻati haqida fakulʻtativ darslarni yoʻlga qoʻyish va boshqa.

Shuningdek, davlat rahbari Oʻzbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasiga toʻlaqonli aʻʻzo boʻlishga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoev TDT doirasidagi amaliy hamkorlik shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda pozitsiyalarni mustahkamlash, turli tahdid va yangi xavf-xatarlarning oldini olish, aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini taʻʻkidladi. 

Mavzuga aloqador