09.04.2024 07:22

Oʻzbekiston prezidenti Ramazon hayiti arafasida 426 nafar mahbusni afv etdi

Oʻzbekiston prezidenti Ramazon hayiti arafasida 426 nafar mahbusni afv etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlarning 135 nafari asosiy jazodan toʻliq, 200 nafari shartli ozod etildi. Ular orasida 11 nafar xorijlik va 3 nafar voyaga etmagan shaxslar bor.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 aprelʻ kuni Ramazon hayiti arafasida jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʻʻiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga koʻra 426 nafar shaxs afv etildi, ulardan 135 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 200 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 26 nafarining jazosi engilrogʻiga almashtirildi.

Shuningdek, 65 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga etmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Prezident afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Mavzuga aloqador