09.10.2025 16:16
41

Oʻzbekiston Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvni olqishladi



Oʻzbekiston AQSh prezidenti Donald Trampning bevosita koʻmagida Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni ozod etish boʻyicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi. Bu haqda TIV matbuot xizmati maъlum qildi.

"Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyatini va ularning muhim rolini yuqori baholaymiz. Mazkur saъy-harakatlar zoʻravonlikni tez fursatda toʻxtatish, gumanitar inqirozni engillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratmoqda.

Oʻzbekiston doimo xalqaro huquq meъyorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻt ochishni toʻxtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar oʻrtasida xavfsizlikni taъminlash, barqaror hamjihatlikni oʻrnatish va oʻzaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy echim sari muhim qadam boʻlishiga ishonchimiz komil", deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, unda Oʻzbekistonning Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar engillikni taъminlashga qaratilgan xalqaro saъy-harakatlarga konstruktiv hissa qoʻshishga tayyorligi ham bildirilgan.

Mavzuga aloqador