Suriya, Iroq va boshqa mamlakatlarda qoʻporuvchi tashkilotlarga aʻʻzo boʻlgan oʻzbek (tojik va uygʻurlar ham) jihodchilarining boshqa millat vakillaridan asosiy farqini bilasizmi? Ular na pul, na boshqa dunyoviy manfaatlar uchun jang qilishadi. Ular koʻr-koʻrona shahid boʻlaman, deb urushga kirishadi (jihod, shahidlik nima degan savolga javob bera olishmasa ham).


Ular na oʻlimdan qoʻrqishadi, na xizmatlari uchun pul yoki boshqa moddiy narsalarni talab qilishadi. Ularni tuzogʻiga ilintirgan qoʻporuvchi tashkilot va xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari (terroristik tashkilotlarning maqsadi din yoki oxirat emas, balki siyosiy va iqtisodiy manfaatlarga erishish ekanligi; asosiy qoʻporuvchilik harakatlarini esa maxsus xizmatlar uyushtirishi hech kimga sir emas) uchun esa oʻzbek, tojik va uygʻurlar har qanday bosh ogʻriqlari va javobgarliklardan holi tayyor “gladiatorlar” hisoblanishadi.


Ularga oylik yoki boshqa xarajatlarni toʻlash shart emas. Oziq-ovqati, kiyim-bosh, qurol-aslahalar bilan taʻʻminlasa bas, “Allohu akbar” deya oʻzlarini olov ichiga tashlayverishadi.


Bunday yollanma askarlar uchun hech qanday javobgarlik, jinoiy oqibatlar ham mavjud emas. Yaʻʻni, deylik, qaysidir davlatning Suriya hududidagi geosiyosiy maqsadlari uchun oʻzbeklar oʻz millati va vatani tomonidan voz kechilgan, ortiga qaytish imkoni boʻlmagan bevatan va sohibsiz odamlar boʻlib, ular orqali oʻzlarining har qanday manfur maqsadlari, insoniyatga qarshi jinoyatlarini amalga oshirishlari mumkin, biroq buning uchun hech qanday javobgarlik yoʻq: bu davlatlarni hech kim urush jinoyatlari, bosqinchilik va interventsiyada ayblolmaydi, isbotlay ham olmaydi. Undan tashqari, hech kim, na qoʻporuvchining oilasi, na qurbon tomon tovon puli talab qilolmaydi. 


Xoʻsh, nega aynan oʻzbek, tojik yoki uygʻur? Chunki bu millatlar, birinchidan, dinga oʻta moyil, ikkinchidan, oʻz yurtlarida dinga qarshi qattiq kurash mavjud. Kuchli bosimlar, cheklovlar, taqiblar va qatagʻonlar sharoitida diniy ehtiyojlari qondirilmagan, elementar diniy bilimlar berilmagan yosh-yosh yigitlar internet yoki tashqi migratsiya natijasida umrida koʻrmagan diniy va eʻʻtiqodiy “ozodlik”ka chiqqach, osongina terroristik tashkilot va maxsus xizmatlar tuzogʻiga tushmoqda.


“Krokus” voqealari va Gʻazodagi urush fonida aynan Tojikiston va Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan Gʻarb va boshqa mamlakatlarda salbiy qarash, ishonchsizlik va xavfsirash yanada kuchaydi. Aksiga olib, MO davlatlari hukumatlari oʻz hududida Islomga va musulmonlarga qarshi cheklovchi xarakterdagi yangi choralari bilan dunyoga “Biz dinga, radikalizmga qarshi kurashyamiz”, degan signal tarqatishni boshladi.


Bu signallar aslida sogʻlom aql tomonidan ushbu mamlakat fuqarolari yanada radikallashadi, yanada xavfli terroristlarga aylanadi, degan xulosani keltirib chiqaradi. Chunki fizika qonunlariga koʻra, bir muhitda bosim qancha ortsa, portlash xavfi shuncha kuchayadi. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, katta ehtimol bilan yaqin orada Gʻarb davlatlarida Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilib, kuzatuvlar yanada kuchaytirilsa kerak.


Aholining diniy ehtiyojlarini qondirish, bir vaqtning oʻzida radikallashuv, bagʻrikenglik, plyuralizm gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida ham diniy, ham dunyoviy taʻʻlim-tarbiya uygʻunlashtirilgan tizimni yaratish maqsadga muvofiq. Zero, aholida ehtiyoj bor ekan, har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham bu boʻshliq toʻldiriladi, cheklovlar va jazolar esa norozilik, tajovuzkorlik, jamiyatning boʻlinishi kabi teskari natijalarni yuzaga keltirishi mumkin.


Bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik va mamlakatning dunyo boʻyicha imidji yanada yomonlashmasligi uchun Markaziy Osiyo davlatlari va hukumatlari, ayniqsa, yosh avlodning qondan-qonga oʻtib kelayotgan diniy ehtiyojlarini dinning haqiqiy bilimdonlari, soha mutaxassilari orqali qondirish yoʻllarini keskin koʻpaytirishi lozim. Jumladan, bu boradagi qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va tuzatishlar kiritish orqali davlat taʻʻlim muassasalarida mamlakatda roʻyxatdan oʻtgan diniy konfessialar turiga muvofiq modullarga ega boʻlgan “Diniy madaniyat va dunyoviy etika asoslari” kurslarini kiritish standartlarini ishlab chiqish lozim. Oʻquvchi ota-onasining tanlovi asosida yuqoridagi modullardan biri boʻyicha dars oladi. Darslar diniy tashkilotlar xodimlari emas, maktabning qayta tayyorlangan pedagoglari tomonidan oʻtilishi maqsadga muvofiq.


Shuni unutmaslik kerakki, diniy taʻʻlimning keng yoyilishi, koʻpchilik qoʻrqqanidek, jamiyatda radikallashuvga sabab boʻlmaydi. Mutlaqo aksi – diniy tushunchasi kengaygan inson oqni qoradan, toʻgʻrini yolgʻondan ajrata oladi, turli buzgʻunchi kuchlar qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylanmaydi. Bordiyu shunda ham notoʻgʻri yoʻllarga tushib, shu yoʻlidan qaytmaydiganlar uchrasa, ularni tiyib qoʻyish qiyin boʻlmaydi. Chunki endi ularga qarshi faqat davlatning maxsus tashkilotlari emas, balki ongli jamiyat ham kurashadi.


Mavzuga aloqador