24.06.2024 11:18

Ozarbayjonda uch politsiyachi va bir fuqaro otib oʻldirildi

Ozarbayjon poytaxtida qidiruvdagi shaxsni ushlash chogʻida otishma roʻy berdi. Natijada uch politsiyachi va bir fuqaro halok boʻldi. Otishma sodir etgan shaxsning oʻzi ham politsiya tomonidan otib oʻldirilgan.

24 iyunʻ kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrining Xazar tumani Shuvalan qishlogʻida bir necha bor sudlangan, qidiruvda boʻlgan Rovshan Allohverdievni qoʻlga olishga urinish paytida otishma sodir boʻldi.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasining xabar berishicha, Allohverdiev qurolli qarshilik koʻrsatib, uch politsiyachi va bir fuqaroni oʻldirgan.

Xabarda aytilishicha, u oʻz oila aʻʻzolarining orqasiga yashirinishga uringan va politsiyaga “Lankaster” qurolidan oʻq uzgan.

“Otishma sodir etgan shaxs politsiyaning javobi natijasida halok boʻldi”, — deyiladi bayonotda. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, kecha kechqurun Dogʻistonda Maxachqalʻʻa va Derbentdagi pravoslav cherkovi, sinagoga va politsiya xodimlariga hujum uyushtirildi, natijada yigirmaga yaqin odam halok boʻldi. Dogʻiston rahbari Sergey Melikov bir kechada “15 dan ortiq politsiyachi” va bir necha tinch aholi hujumlar qurboni boʻlganini aytdi.

Mavzuga aloqador