18.02.2025 13:16
281
Olmaliqdagi koloniyadan 21 yoshli mahkumning oʻligi chiqdi
Olmaliqdagi 14-sonli koloniyadan 15 fevralь kuni 21 yashar mahkum – Muhammadqodir Poʻlatovning jasadi chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov maъlum qildi.
Mahkumning Fargʻona shahrida yashovchi onasi Nigora Qambarovaning aytishicha, u oʻgʻli bilan shu yilning 26–28 yanvarь kunlari uzoq muddatli uchrashuvlarda boʻlgan. Ayolning bildirishicha, oʻgʻli xalqaro sport turnirlari gʻolibi boʻlib, bolaligidan sport bilan shugʻullangan. Biror marta sogʻligʻidan shikoyat qilmagan, unda biror yondosh kasalliklar kuzatilmagan. Bezorilikda ayblanib, 3 yilga qamalgan yolgʻiz oʻgʻli shu yil avgustida manzil koloniyaga chiqishi kerak edi.
Koloniya maъmuriyati esa Muhammadqodir miokard infarkti va pankreatitning ogʻir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etganini aytmoqda. Biroq uning onasi farzandining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga oʻxshash chiziqlar borligini bildirgan.
“Bizda shubha tugʻdirgan hozircha yagona jihat koloniya maъmuriyatining mahkumning ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligidir”, deb yozdi Abdurahmon Tashanov.