06.10.2025 15:16
60
Oʻlim jazosi qayta tiklanishini xalq hal qiladi – Sadir Japarov
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov oʻlim jazosini qayta tiklash tashabbusiga izoh berdi. Siyosatchi uning taqdirini xalq hal qilishini maъlum qilgan.
Muhokamaga sentyabrь oyi oxirida oʻta shafqatsizlik bilan oʻldirilgan 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning fojiali oʻlimi sabab boʻldi. Jamiyat ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni talab qildi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, u tergovni shaxsan oʻz nazoratiga olgan va maъmuriyatga jazoni kuchaytirish uchun qonunlarga oʻzgartirishlar tayyorlashni topshirgan.
Sadir Japarov voyaga etmaganlar va ayollarni oʻldirish, zoʻrlash bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortib borayotgani, “odatdagi” qamoq muddatlari endi jinoyatchilarni toʻxtata olmayotganini taъkidladi. Shuningdek, u korruptsion jinoyatlar oʻlim jazosiga tortilishi mumkin emasligini, gap faqat shafqatsiz qotillik va pedofiliya haqida ketayotganini aytib oʻtgan.
Japarov sud xatolari yuz berishi ehtimoli haqidagi xavotirlarga ham javob berdi. Unga koʻra, XXI asrda tergov va sud jarayonlarini shaffof oʻtkazish uchun texnik imkoniyatlar — videoyozuv va onlayn translyatsiyalar mavjud.
“Biz bu masalani yolgʻiz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Masala umumxalq referendumiga qoʻyilishi mumkin. Agar koʻpchilik qoʻllab-quvvatlasa, u holda Konstitutsiya va qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni qayta koʻrib chiqish lozim boʻladi”, degan Japarov.