17.04.2024 12:29

OAV: Rossiya tinchlikparvar kontingentini Qorabogʻdan olib chiqishni boshladi

Rossiya tinchlikparvar kuchlari Qorabogʻni tark etishni boshladi. Jumladan, Kelbajar tumanidagi alban Xudavang ibodatxonasini qoʻriqlash Ozarbayjon IIV xodimlariga topshirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya harbiy texnikalari karvoni Qorabogʻni tark etib, Terter va Bardin tumanlari orqali Ozarbayjondan chiqib ketayotgani aks etgan videolar paydo boʻldi. Ozarbayjon matbuotining qayd etishicha, shu bilan Rossiya tinchlikparvar kontingentining mamlakat hududidan olib chiqib ketilishi boshlangan.

Xabarlarda harbiy texnika va tinchlikparvar kuchlar allaqachon Kelbajar tumanidagi alban Xudavang ibodatxonasi hududidan chiqib ketgani qayd etilgan. Monastirni qoʻriqlash Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi xodimlariga oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, Rossiya tinchlikparvar kuchlari 2020 yil 10 noyabrda Ozarbayjon, Rossiya va Armaniston rahbarlari tomonidan imzolangan uch tomonlama bayonotga muvofiq, Qorabogʻ hududiga joylashtirilgan edi. 2024 yil 1 yanvarda rasman tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ Respublikasi oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Mart oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Boku va Erevan ikki tomonlama munosabatlarni tartibga solishga har qachongidan ham yaqinroq ekanini aytdi.

Mavzuga aloqador