04.09.2024 15:17

Misr prezidenti 12 yil ichida ilk bor Turkiyaga keldi

2013 yilda davlat toʻntarishi uyushtirib, Muhammad Mursiyning qonuniy hukumatini agʻdargan Abdulfattoh Sisi 12 yil oʻtib Turkiyaga keldi. Ushbu tashrif doirasida mudofaa, energetika, savdo-sotiq va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqiladi. Ikki davlat rahbarlari mintaqaviy muammolar, jumladan, Gʻazo sektori va ishgʻol ostidagi Falastin erlariga hujumlar boʻyicha fikr almashmoqchi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning taklifiga binoan Anqaraga keladi. Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi Anqarada boʻlib oʻtadi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 4 sentyabrʻ chorshanba kuni Turkiyaga keldi. Bu Misr rahbarining Turkiyaga ikki davlat oʻrtasidagi keskin munosabatlar bilan kechgan 12 yil ichidagi ilk tashrifidir.

Davlat rahbarlari Turkiya va Misr oʻrtasidagi Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yigʻilishiga raislik qiladi.

Ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmini hozirgi 10 milliard dollardan 15 milliard dollarga oshirish rejalashtirilmoqda. Turkiya prezidenti maʻʻmuriyatining Kommunikatsiyalar boshqarmasi maʻʻlumotlariga koʻra, tashrif chogʻida ushbu maqsadga erishish uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan barcha chora-tadbirlar koʻrib chiqiladi. Energetika, sogʻliqni saqlash, turizm va mudofaa sanoati sohalarida uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlari ham koʻrib chiqiladi.

“Tashrif doirasida prezidentimizning 2024 yil 14 fevralʻ kuni Qohiraga tashrifi chogʻida imzolangan Qoʻshma deklaratsiyaga muvofiq qayta tashkil etilgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining prezidentlar raisligidagi birinchi majlisi boʻlib oʻtadi. Kengash yigʻilishida Turkiya-Misr munosabatlarining barcha jihatlari, shuningdek, kelgusi davrda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qoʻyilishi mumkin boʻlgan qoʻshma qadamlar muhokama qilinadi”, — deyiladi Turkiya prezidenti maʻʻmuriyatining Kommunikatsiyalar boshqarmasi bayonotida.

Ikki davlat etakchisi, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va global muammolar, ayniqsa Isroilning Gʻazo sektori va bosib olingan Falastin erlariga hujumlari haqida fikr almashadi.

Turkiya-Misr Oliy darajali strategik hamkorlik kengashi yigʻilishida mudofaa, energetika, turizm, sogʻliqni saqlash, taʻʻlim va madaniyat sohalarida 20 ga yaqin shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, mazkur tashrif Turkiyaning Misrga kiritgan 3 milliard dollardan ziyod sarmoyasi hajmining yanada oshirishi kutilmoqda. Xususan, Turkiya Misr bilan mudofaa sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish kun tartibida.

Shuningdek, energetika, ayniqsa, suyultirilgan gaz, atom energetikasi va qayta tiklanadigan energiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, Turkiyaning xorijdagi jami toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasi hajmi boʻyicha Misr 294 million dollar bilan 19-oʻrinda. Misr ham Turkiyaga 45 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoya kiritgan. Sisining ziyorati doirasida qoʻyiladigan qadamlar ikki davlat oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya ulushini oshirishga yordam berishi kutilmoqda.

Oʻtgan yili Turkiyadan Misrga eksport 3 milliard dollarni tashkil etdi. Xuddi shu davrda Misrdan import 3,1 milliard dollarni, ikki davlat oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi esa 6,1 milliard dollarni tashkil etdi.

Bu davrda Turkiyaning Misrga eksportida birinchi oʻrinni isitish qozonlari, mashinalar, mexanik asbob-uskunalar, yadro reaktorlari, ularning ehtiyot va butlovchi qismlari, temir va poʻlat, plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar egalladi. 

2024 yilning 7 oyida Misrga eksport 1 milliard 904 million dollar, bu davlatdan import esa 1 milliard 911 million dollarni tashkil etdi.

Tashqi Iqtisodiy Aloqalar Kengashi (DEIK) qoshidagi Turk-Misr ishbilarmonlar kengashi raisi Mustafa Denizer ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning taxminan 1 yil avval normallashganiga diqqat qaratdi.

"Misr Turkiyaning ikkinchi ishlab chiqarish bazasiga aylanishi mumkin boʻlgan strategik davlatdir. Shimoliy Afrikadagi eng katta hamkorimiz. Shuningdek, u eng koʻp savdo hajmiga ega davlatlardan biri. Bundan tashqari, bizning joriy hisobimiz hali ham mavjud boʻlgan davlat”, - deya qoʻshimcha qildi Denizer.

Misr va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar 2013 yilda Sisi davlat toʻntarishi uyushtirib, Muhammad Mursiyning qonuniy hukumatini agʻdarganidan soʻng keskinlashgandi. Erdoʻgʻon bir necha bor Sisini “qotil va diktator” deb atagan. 2013 yilda Misrda amalga oshirilgan davlat toʻntarishidan soʻng Erdoʻgʻon Qohira bilan aloqalarini uzdi. 12 yillik tanaffusdan keyin ikki tomonlama munosabatlarni tiklash jarayoni boshlandi.

Mavzuga aloqador