10.06.2025 18:28
170

Mirziyoev Ukraina va Falastin masalasiga toʻxtaldi


 
Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq soʻzlab, jahonda qurollanish poygasi avj olayotganini aytib oʻtdi. 

Unga koʻra, yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga etgan. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining oʻsish surъatlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda.

"Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambagʻallik, iqlim oʻzgarishlari kabi masalalarga eъtibor kamaymoqda. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga boʻlgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim.

Biz Ukraina bilan bogʻliq vaziyatni faqat diplomatik yoʻllar bilan hal etish zarur, deb hisoblaymiz va Istanbulda boʻlib oʻtayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni olqishlaymiz.

Shu bilan birga, koʻpdan buyon choʻzilayotgan Gʻazo fojiasiga eъtiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda koʻz oʻngimizda koʻplab begunoh insonlarning nobud boʻlayotganini hech nima bilan oqlab boʻlmaydi. Bu muammoning yagona echimi – nizoni xalqaro huquq meъyorlari va qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi oʻz mustaqil davlatiga ega boʻlishga haqlidir", degan prezident.

Bundan tashqari, Mirziyoev global kun tartibidagi yana bir masala – bu qoʻshni Afgʻonistonning tinch va barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishdan iboratligini taъkidlagan. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik har qachongidan ham muhim.

Mavzuga aloqador