04.01.2024 19:07

Markaziy Osiyoga yaqin kelajakdagi xavf-tahdid qaerdan keladi? Gʻarbdanmi, Xitoydanmi yo Rossiyadanmi?

Xavf xatar va tahdidlar masalasi juda keng qamrovli mavzu. Bugun Markaziy Osiyoga qashshoqlik, ishsizlik, ekologik muammolar katta xavf. Ulardan ham yirigi yirik derjavalar – Rossiya, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi mintaqaga ega chiqish uchun raqobat kurashlari. Ayni raqobat MO kelajagi uchun katta xatarlar. Oʻz vaqtida Afgʻonistonda ham katta davlatlar, aniqrogʻi SSSR va AQSh oʻrtasidagi raqobat fuqarolar urushini keltirib chiqargan edi. Bugun esa Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari uzra “qora bulutlar” suzib yuribdi. 2020 yili Rossiya va Xitoy bilan MO uchun raqobatlashishni istamasligini mintaqaga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi aytgan edi. Ammo Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan koʻp oʻtmay, AQSh ham Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini dastaklash bahonasida yana katta oʻyinga qoʻshildi. Ammo bu oʻyinda hozircha Moskva va Pekinning qoʻli baland. Markaziy Osiyo amalda boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Jugʻrofiyaga qaralsa, mintaqa Rossiya va XXRning oʻrtasida, buyuk davlatlar siyosati markazida joylashgan. Markaziy Osiyoning ikki tarafida joylashgan 2 ta buyuk davlat – Rossiya bilan Xitoy –qaysidir maʻʻnoda oʻzaro murosa yoʻlini tanlagan, ular, asosan, Gʻarb bilan ziddiyatga oʻralashib qolgan. Markaziy Osiyo foydalanishni istayotgan yoki foydalanayotgan koʻp vektorli yondashuvni ushbu kontekstda amalga oshirish juda qiyin. Gʻarbda hech kim mintaqa Xitoy va Rossiya bilan munosabatlarini bas qilishini kutib oʻtirgani yoʻq. Buning iloji yoʻqligi tushunarli. Markaziy Osiyo “Evroosiyo superkontinenti yuragi” sanaladi va Moskva, Pekin, Vashington uchun ham mazkur mintaqa bilan munosabatlar muhim oʻrin tutadi. Bu yil S5+1 sammitida AQSh prezidenti va Markaziy Osiyoning barcha besh davlati rahbarlarining ilk uchrashuvi boʻlganligi bilan ajralib turadi. S5+1 formatining oʻzi yangilik emas, deyarli 10 yildan beri Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi ushbu format doirasida uchrashib keladi. Nega bu safar mazkur uchrashuv prezidentlar darajasida oʻtkazilmoqda? Qoʻshma Shtatlar, nihoyat, Markaziy Osiyo boʻyicha jiddiy strategiyaga muhtojligini tushundi. Ilgari siyosat asosan Afgʻoniston yoki boshqa muammolar nuqtai nazaridan koʻrib chiqilar edi. AQSh strategiyasi goʻyo Afgʻoniston strategiyasiga shunchaki qoʻshimcha boʻlib, Markaziy Osiyoga qaratilmagandek edi. Ukrainadagi urush bu mintaqaning naqadar muhimligini koʻrsatdi. AQSh oxirgi ikki yil ichida duch kelgan ikkita eng muhim tashqi siyosat muammosi (Afgʻoniston va Ukrainadagi urush) haqida gap ketganda, Markaziy Osiyo ikkalasining markazida ekanini unutmaslik kerak. 
May oyida Xitoy rahbari Si Tszinʻpin “Xitoy-Markaziy Osiyo” birinchi sammitida Markaziy Osiyo davlatlarining besh etakchisini qabul qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oktyabrʻ oyida Ostona shahrida tarixda birinchi boʻlib oʻtgan “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti doirasida besh davlat rahbari bilan uchrashgan edi. Hozir mintaqada haqiqatan ham qiziq davr, chunki biz koʻp qutbli tizimdamiz. Demak, mintaqaviy kuchlar koʻproq taʻʻsirga ega. Afgʻonistondagi urush paytida Markaziy Osiyoga koʻpchilik AQSh-Rossiya raqobati prizmasidan qaragan edi. Endi biz Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi raqobat prizmasidan Markaziy Osiyo haqida gapiryapmiz. Bu davlatlar doimo mintaqadagi muloqot ishtirokchilari boʻlib qoladi. Ammo muhokamalarda Xitoy va Rossiya hukmronligiga juda koʻp eʻʻtibor qaratilmoqda. 
Ochiq tan olish kerak, mintaqamizda hukmronlik qilmoqchi boʻlgan har bir davlatning oʻziga xos xavfi bor. Keling, ularni tahlil qilib koʻrishga intilaylik. 1990-yillarning boshida Markaziy Osiyo Rossiya uchun “proezddan uzib qoʻyilgan vagon”ga oʻxshardi, ammo bugun Kremlʻ bu “vagon”ni “eshelon”ga qattiqroq bogʻlashga urinayapti. Chunki 90-yillarning boshida Moskva eyforiyaga berilib, Gʻarbga yuz burgan, Gʻarb bizni ochiq qarshi oladi, NATO va Evroittifoqqa zudlik bilan qabul qiladi, degan oʻy hayolda edi. Ammo aksi boʻldi. Korruptsiya va jinoyatchilik avj olgan Rossiyani hech kim bagʻrini ochib kutib olmadi. Vladimir Putin hokimiyat tepasiga kelgach, Rossiyaning avvalgi qudrati va mavqeini tiklashga qaror qildi. Birinchi navbatda, sobiq sovet respublikalari, shu jumladan, Markaziy Osiyoni oʻzining hayotiy strategik manfaatlari hududi deb eʻʻlon qildi. Bu yoʻlda siyosiy va iqtisodiy vositalardan foydalanishga urinayapti. Ochigʻini aytganda, Markaziy Osiyoning iqtisodiy qiymati Rossiya uchun u qadar baland emas, eng asosiysi, energiya resurslari tranziti uchun manfaatdor. Moskvaning mintaqadagi bosh maqsadi – oʻz manfaatlari doirasini yaratish, sobiq sovet respublikalarini “oʻz malayiga aylantirish, imkoni boricha, tashqi aktorlar, birinchi navbatda AQSh taʻʻsir doirasini kamaytirishga erishish. Bu siyosatda Qozogʻiston va Oʻzbekiston bilan munosabatlar alohida oʻrin egallaydi. Ammo bir narsani unutmaslik kerak. Oʻtgan asrning oxirida amerikalik siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy yozganidek, Rossiya mintaqani tashqi kuchlar uchun butkul yopishga siyosiy jihatdan oʻta zaiflik qiladi, mazkur hududlarni faqat oʻz kuchi bilan oʻzlashtirish uchun oʻta qashshoqlik qiladi. 
XXI asrda ham vaziyat deyarli oʻzgarmadi. Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari, birinchidan, uning mintaqada taʻʻsirini saqlab qolishga intilishi, sobiq sovet makoni qoldiqlarini oʻz panohida ushlab turishi bilan izohlanadi. Bu bilan jahonda boʻlmasa-da, Evroosiyodagi derjava nomini tasdiqlashlariga erishini istaydi. Bunday iddaolar Kremlʻ tashqi siyosatining eng asosiy motivatsiyalaridan biri sanaladi. Dunyoning har bir nuqtasida yoʻqolib borayotgan taʻʻsiri sababli Moskva bu kasalikka chalingan. Bu oʻrinda sobiq sovet respublikalari Kremlʻ etakchilikka daʻʻvogarlik qilayotgan dunyoning yagona qismi. Ammo u ham “liqillab” qolgan. Ikkinchidan, Rossiya manfaatlari oʻziga moyil va u bilan munosabatlarni rivojlantirishga tayyor rejimlarni saqlab qolish va dastaklashni talab etadi. Bu vazifalarni uddalash ham tobora murakkashlashib bormoqda. Ayniqsa, Rossiyadagi qator siyosatchilarning Qozogʻiston va Oʻzbekiston kabi Markaziy Osiyo respublikalarini Ukraina magʻlub etilgandan keyin qoʻshib olishga qaratilgan bayonotlari bu davlatlardagi aholini tashvishga solib qoʻydi. Boz ustiga, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosati koʻpqutbliligi bilan ajralib turadi. Faqat Rossiyaga qarab siyosat yuritish yoʻnalishi allaqachon barbod boʻlgan. Turkmanistan boshidan oʻzining tashqi siyosiy neytralitetini eʻʻlon qilib, Rossiyaga chaqiriq tashlab boʻlgan. 
Uchinchidan, Rossiya Markaziy Osiyoda tashqi kuchlar, birinchi navbatda Qoʻshma Shtatlar taʻʻsirini oshishiga yoʻl qoʻymaslikka intilmoqda. Tashqi aktorlarning faolligini toʻxtata olmasligini tushungan Kremlʻ AQSh va Xitoy kabi davlatlar bilan raqobat va sheriklikda muvozanatni topishga intilyapti. Xitoy ekspansiyasi avvalo, iqtisodiy va moliyaviy intilishlar bilan cheklanadi. Xitoy oʻzini Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan koʻp tarmoqli transport va energetika infratuzilmalarni yaratishga koʻmaklashyapti, ayni vaqtda oʻziga gʻarbiy, yaʻʻni Evropa yoʻnalishi uchun yoʻl ochishga kirishgan. Demak, Pekin “rus maydoni” da Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishga intilayotgan boʻlsa, Rossiya ham mintaqaviy infratuzilmalarni yaratishga daʻʻvogarlik qilmoqda. Xitoy chaqirigʻiga javoban, Rossiya Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti kabi integratsiya loyihalari orqali mintaqa bilan bogʻlanib turibdi. Rossiya Ukraina urushi bilan mashgʻul boʻlib turgani sababidan janubiy chegaralarida beqarorlik boʻlishini istamaydi. Yaʻʻni Moskva MOni janubiy sarhadlari deb biladi. Biroq ular oʻrtasida kelajakda suv yoki hududlar deb nizolar chiqsa, ularni toʻxtatish bahonasida oʻz armiyasini olib kiradi. Bu MOning suverenitetiga bevosita tahdid demakdir!
Ammo Xitoy namoyishkorona ravishda Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga aralashidan bosh tortadi. Pekin bu davlatlarda kim hokimiyat tepasiga kelmasin, qudratli qoʻshnisi Rossiya bilan janjallashib qolishni istamaydi. Xitoyning MOda oʻsib borayotgan ishtiroki Rossiyaning iqtisodiy faolligini tormozlab qoʻydi, ammo Kremlda buni muqarrar hodisa deb qabul qilishadi, ular fikricha, Markaziy Osiyo – bu ikki qudratli davlatning sheriklikdagi hududi. Bu hamkorlikning ramzi esa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti. Xitoy bilan oʻyin qoidalarini kelishib olgan Rossiya AQShga uning mintaqadagi taʻʻsirini cheklash maqsadida keskin qarshilik koʻrsatyapti. Rossiya til va migratsiya tufayli uzoq vaqt davomida taʻʻlim, madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohasida Xitoyga qaraganda kattaroq taʻʻsirga ega boʻladi: Rossiyada Markaziy Osiyodan juda koʻp muhojir ishlaydi. Hozir esa Rossiya juda qiyin ahvolda. U urushda qatnashgan yoki halok boʻlgan koʻplab erkaklarini yoʻqotdi. Bu Markaziy Osiyolik muhojirlarni Rossiya uchun yanada kerakli qilib qoʻyadi va mintaqani Moskva bilan yana yaqinroq qiladi. 
Biroq Rossiyada bosh koʻtarayotgan shovinizm va millatchilik MO ga katta xavf. Haqiqatdan ham bir necha yillardan beri koʻproq Qozogʻiston rossiyalik siyosatchilarning nishoniga aylanib qolgan edi. Ular Qozogʻistonni informatsion xurujlar va doʻq-poʻpisalar orqali qoʻrqitib, nodoʻstona muhit yaratib kelgan. Buni men soʻnggi yillarda Rossiyada neoimperiyachilik kayfiyati kuchaygani bilan bogʻlagan boʻlardim. Rossiyada tobora eski “shonli kunlarini” qumsayotgan siyosatchilar kuchayib, neoimperiyachilik gʻoyalari avj oldi. Rossiya «sobiq Sovet makonidagi respublikalar Rossiyaning taʻʻsir doirasida qolishi kerak», degan gʻoyani tarqataverdi. Bu shunday koʻrinishga aylandiki, koʻplab ekspertlar buni tahdid sifatida koʻra boshladi. Albatta, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Rossiya bilan chegaradosh emas. Shu sababdan Qozogʻiston birinchi nishonga aylandi. Qolaversa, Qozogʻiston Rossiya bilan quruqlikdagi eng uzun chegaraga ega. Shu sababdan ham Qozogʻiston Rossiyaning tazyiqlariga ochiq davlat hisoblanadi. 
AQShning Markaziy Osiyodagi strategiyasi sobiq sovet respublikalari, jumladan, MO mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenenitetini qoʻllab-quvvatlash, mintaqaviy barqarorlikni taʻʻminlash, mojarolarning oldini olish, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish va iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashishdan iborat. Bu strategik vazifalarni Rossiyaga chaqiriq, deb baholash mumkin. Chunki bu oʻrinda suverenitet MO mamlakatlarini sobiq “metropoliya” dan katta mustaqilligini anglatsa, demokratlashtirish esa – gʻarb modellariga yaqin siyosiy tizimlar yaratishni koʻzda tutadi. AQSh mahalliy iqtisodiyotlarni isloh qilishga yordam bermoqda, modernizatsiyaga muhtoj Rossiyaning oʻzi esa cheklangan miqyosda koʻmak berishi mumkin. Biroq Markaziy Osiyo rejimlari Rossiyaga qattiq suyanganlari bois, AQSh mintaqaga demokratiya yoyishni istaganligi sababli, rejimlar AQShni oʻziga xatar deb biladi. Katta Yaqin Sharq siyosatini davom ettirayotgan Vashington mabodo, mintaqada hukmronlik oʻrnatmoqchi boʻlsa, albatta, Yaqin Sharq va Afrikada boʻlgani kabi, MO mamlakatlari hukmdorlarini ham agʻdarishga, ular oʻrniga oʻz malaylarini tayinlashga urinadi. Boshqa tomondan, IShID loyihasi bevosita AQShga tegishli. Agar ular Rossiya va Xitoy bilan zimdan kurashmoqchi boʻlsa, Afgʻonistondagi “sokin IShID” chilarni uygʻotadi. Yoki Vashingtonning qoʻli bilan Tayvan-Xitoy urushi boshlansa, bu Shinjonda ham mustaqillik uchun kurash boshlanishiga sabab boʻlishi mumkin. 
AQSh Xitoyning oʻsib borayotgan qudratidan xavotirda. Shuning uchun Markaziy Osiyoda ham, Evropada ham “Bir makon bir yoʻl” tashabbuslari loyihasiga nisbatan muammo yaratadi. Gap shundaki, Xitoy bu mintaqani Evropa va Yaqin Sharqqa yoʻl sifatida koʻradi. Ilgari Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” kontseptsiyasi asosan Qozogʻiston, keyin esa Rossiya, Ukraina va Belarusʻ orqali Evropa bilan bogʻlanishga qaratilgan edi. Ukraina ushbu loyihaning muhim markazi edi, keyin 2014 yil voqealari sodir boʻldi. Natijada ular Belarusga koʻchib oʻtishdi, ammo 2020 yilda soxta saylovlar ayblovlari ortidan Belarusda davlat toʻntarishiga urinish sodir boʻldi. Belarusʻ ham Rossiyaning orbitasiga tushdi. Shunday ekan, endi Xitoyning Evropaga kirishi uchun Rossiya, Ukraina yoki Belarusdan foydalanishi qiyin boʻladi.
Rossiya va AQSh energetik oʻyinlari ham katta tahdid. Qoʻshma Shtatlar uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoning energetika sektoriga yirik sarmoyador boʻlib kelgan va hozir ham shunday. Hozir Markaziy Osiyoning Kaspiy dengizi orqali gʻarbga koʻproq neft va gaz eksport qilishiga yordam berish masalasi muhokama qilinmoqda, chunki Evropa Rossiyadan gaz sotib olishni toʻxtatdi va muqobil manbalarga qiziqish bildirmoqda. Transkaspiy quvurlari Bokuga va u erdan mavjud neftʻ va gaz quvurlariga ulanishi kerak. Lekin Xitoy ham Boku bilan bogʻlanishdan manfaatdor, shu bois gaz sharqqa ketadimi yoki gʻarbgami, degan raqobat boʻlishi mumkin. Rossiya esa Qozogʻiston va Oʻzbekiston orqali Xitoy, Pokiston va Janubiy Osiyo bozorlariga gaz quvurlari oʻtkazishdan manfaatdor. Bu yaqin kelajakda oʻyinlarni va u orqai ziddiyatlarni kuchaytirib yuboradi. 
Ammo mustaqilligimiz uchun uchun eng katta xavf baribir Rossiya! Menimcha, Rossiyaning toʻliq qulashi emas, shunchaki har qanday zaiflashuvi, deylik, katta harbiy muvaffaqiyatsizligi, Markaziy Osiyoga oʻz siyosatini belgilashda koʻproq mustaqillik beradi. Buning teskarisini tasavvur qilish kerak: u Ukrainani bosib oldi yoki uning muhim qismini egalladi deb taxmin qilaylik. Bu Markaziy Osiyo uchun juda yomon boʻlardi, chunki Rossiya Shimoliy Qozogʻistonga nisbatan hududiy daʻʻvolarni bildirgan. Ukraina bilan sodir boʻlgan voqea Qozogʻistonga nisbatan ham sodir boʻlishi mumkin. Ammo Rossiya juda zaiflashsa, bu tahdid yoʻqoladi. Oʻylaymanki, shunda Markaziy Osiyo ruslar nima derkin, ular qanday munosabatda boʻlarkin va hokazolarni oʻylamay, oʻzi qaror qabul qila oladi. Boshqa tomondan, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy ogʻizbirlik yoʻq. Agar bu mintaqa davlatlari chegara nazoratini oʻrnatmay, iqtisodiy millatchilik siyosatini olib bormay, yagona bozorga birlashganida edi, ular ancha katta bozorlarga ega boʻlib, gullab-yashnashi mumkin edi. Buni, ehtimol, vaqti kelib mamlakatlar rahbarlari amalga oshirar.

Sanktsiya masalasi ham Markaziy Osiyo uchun juda ogʻriqli, chunki Afgʻoniston janubdan, Eron janubi-gʻarbdan, hozir esa Rossiya shimoldan sanktsiyalar ostida qolgan. Bundan tashqari, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar ham yomonlashgan. Markaziy Osiyoda dengizga chiqish imkoni yoʻq ekan, savdo qilish uchun qoʻshnilar kerak. Aholi kambagʻal, iqtisodiy oʻsish kerak. Markaziy Osiyo davlatlari sanktsiyalarga rioya qilishni istaydi, lekin ular juda ogʻir iqtisodiy sharoitda hozir. Mintaqadagi hech bir davlat Rossiyaning Ukrainada muvaffaqiyat qozonishini, bu urushda gʻalaba qozonishini istamaydi, lekin iqtisodiy jihatdan ular juda katta zarar koʻryapti. Yaqin istiqbolda Qozogʻiston va Oʻzbekiston iqtisodiy dvigatellari iqtisodiy integratsiya va hamkorlik orqali mintaqani koʻtarib, qashshoqlik muammosini hal qilishiga umid qilamiz, albatta.

Abduvali Soyibnazarov, 
siyosatshunos

Mavzuga aloqador