23.07.2025 10:29
118
Kremlь qoʻrquvi: Rossiya-Ozarbayjon urush ostonasidami?
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning ukrain xalqini "hech qachon okkupatsiyaga rozi boʻlmaslik", "taslim boʻlmaslik" va "hududiy yaxlitlik buzilishiga yoʻl qoʻymaslik" haqidagi chaqiruvi Rossiyada jiddiy muhokamalarni keltirib chiqardi.
Aliev nutqidan parcha: "Asosiy maslahatim shu – hech qachon sizni bosib olishlariga yoʻl qoʻymang. Aniqrogʻi, biz bu jarayonni shunday koʻryapmiz: hech qachon taslim boʻlma va qul boʻlib yashama".
Alievning ushbu soʻzlari Rossiyaning Z-blogerlari tomonidan keskin tanqid qilindi.
Ayrim harbiy blogerlar va siyosiy tahlilchilar Alievning ushbu soʻzlarini Moskvaga nisbatan ochiqchasiga hurmatsizlik sifatida qabul qilib, zudlik bilan javob choralari koʻrishga, hatto urush tahdidlari bilan chiqishgacha borishdi.
Kremlь esa vaziyatga nisbatan kutilganidan ancha ehtiyotkor munosabatda boʻldi. Voiz Dmitriy Peskov mavjud holatga izoh berib, Ozarbayjon bilan oʻzaro munosabatlarning murakkab davri boshlanganini tan oldi.
"Ikki davlat munosabatlarida baъzan murakkab davrlar boʻladi. Hozir shunday paytdamiz. Umid qilamizki, hammasi yaxshi tomonga oʻzgaradi", deyilgan Kreml bayonotida.
Lekin ozarlar shu bilan tinchimoqchi emas. Baku Rossiyani 2024 yil dekabrida "Azal" aviakompaniyasiga tegishli yoʻlovchi samolyotini qasddan urib tushirgani uchun xalqaro sudga bermoqchi. Eslatib oʻtamiz, oʻsha voqea sabab 38 kishi halok boʻlgan edi.
Bunday keskin bayonot va harakatlar Moskva va Baku oʻrtasidagi munosabatlar oldin koʻrilmagan darajada taranglashayotganini anglatadi. Oʻzaro munosabatlardagi inqiroz 2025 yil 27 iyunda Ekaterinburgda Rossiya politsiyasi tomonidan taxminan 50 nafar etnik ozarbayjonlikning 2001–2011 yillardagi jinoyatlarda gumonlangani uchun qoʻlga olinishi bilan boshlandi. Oʻshanda qoʻlga olingan ikki nafar ozarbayjonlik politsiyada vafot etgandi. Baku sud-tibbiy ekspertizasiga koʻra, oʻlim holati koʻp sonli jarohatlar oqibatida yuzaga kelganidan gʻazablandi.
"Salomga yarasha alik", deganlaridek bunga javob sifatida 30 iyunь kuni Ozarbayjondagi Rossiya propagandachisi boʻlgan «Sputnik Azerbaydjan» axborot agentligi ofisida tintuv oʻtkazildi. Etti nafar jurnalist, jumladan bosh muharrir Evgeniy Belousov va direktor Igorь Kartovix hibsga olindi. Ularga firibgarlik va noqonuniy tadbirkorlik ayblovlari qoʻyildi.
Qolaversa, 15 nafar rossiyalik, asosan IT-mutaxassislari narkotrafik va kiberjinoyatlarda gumon qilinib hibsga olingani maъlum qilindi.
Tahlilchilar ushbu voqealarni Ozarbayjon-Rossiya munosabatlarida yangi geosiyosiy bosqichning boshlanishi sifatida baholashmoqda.
"Ilhom Alievning nutqi nafaqat Ukraina, balki butun postsovet hududi uchun aniq signaldir. U Rossiyaning hududiy bosqiniga qarshi murosasiz pozitsiyani egallaydi", deb yozdi Geosiyosiy tadqiqotlar markazi tahlilchisi Mehmet Kochak.
TRT tahlilchisi Mustafo Oʻztүrk esa: "Rossiya Kavkazda oʻz taъsirini yoʻqotishdan qoʻrqmoqda. Ozarbayjon esa NATOga yaqinroq pozitsiyani egallashga intilyapti. Bu qarama-qarshilik Moskva uchun strategik tahdid", ekanini maъlum qildi.
Yana bir siyosiy tahlilchi Orxan Bozkurtning fikricha, "Alievning bayonoti shunchaki diplomatik ishora emas – bu Kavkazdagi siyosiy muvozanat oʻzgarishiga olib keladigan ochiq signaldir. Rossiya Ozarbayjon qolgan sobiq sovet mustamlakasi boʻlgan davlatlarga oʻrnak boʻlishidan qoʻrqmoqda".
Xulosa oʻrnida:
Rossiya va Ozarbayjon munosabatlari tarixida yana bir jiddiy inqiroz bosqichiga kirdi. Bu tortishuv faqat ikki davlat oʻrtasida emas, balki mintaqadagi Turkiya, Gʻarb, Eron va Xitoy manfaatlari kesishuvidagi katta geosiyosiy kurash doirasida yuz bermoqda.
Alievning pozitsiyasi Ozarbayjon tashqi siyosatining yangi fazasi — faol, mustaqil va murosasiz bosqichga oʻtganini koʻrsatyapti. Rossiya esa bu jarayonga turli bosim vositalari orqali javob qaytarishi ehtimoldan yiroq emas.