17.09.2025 16:25
294
Kambagʻal oilalarga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoev “Kambagʻallikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarib boʻlmasligini qayd etdi.
Bu borada 140 ming kambagʻal oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar koʻpaytirilib, kambagʻal oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Prezident matbuot kotibining yozishicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash kambagʻallikka qarshi kurashda asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois bu tizim tubdan isloh qilinib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida boʻlgan vakolatlar yagona Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirilgan.
Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida koʻrsatadigan “Inson” markazlari tashkil qilindi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv ishlamoqda, deyiladi xabarda.



