23.08.2024 08:00

Ilhom Aliev Oʻzbekistonda: kun tartibida nimalar bor?

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 22 avgust kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida Ozarbayjon rahbarini Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi rasmiylar kutib oldi.

Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmatining maʻʻlum qilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Ozarbayjon etakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

Oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini roʻyobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar diqqat markazida boʻladi.

Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham koʻzda tutilgan.

Xususan, 22 avgust kuni Toshkentda Oʻzbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi boʻlib oʻtdi. «Report» xabariga koʻra, forumda har ikki tomon mutasaddilaridan tashqari, qurilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, transport-logistika, sogʻliqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 300 nafarga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliev Oʻzbekistonga tashrifidan avval, 19 avgust kuni Bokuda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar oʻtkazdi

Mavzuga aloqador