29.06.2024 09:00
Haj vaqtida oʻnga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi vafot etdi
Saudiya Arabistonida 2024 yilgi Haj mavsumida 10 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda ularning qanday sabab bilan hayotdan koʻz yumgani aniq emas.
Bu yilgi Haj ziyorati 14 iyunʻ kunidan boshlanib, 19 iyunʻ oqshomida tugadi. Saudiya Arabistoni Statistika departamenti maʻʻlumotlariga koʻra, Hajda 1,8 million ziyoratchi ishtirok etgan. Oʻzbekistondan jami 15 130 nafar ziyoratchi Haj qilish uchun Saudiyaga borgan.
Avvalroq Saudiya rasmiylari 2024 yilgi Haj mavsumida 1300 dan ortiq odam vafot etganini bildirgandi. Halok boʻlganlar orasida bir necha keksalar va surunkali kasalliklarga chalinganlar bor.
Bundan tashqari, Makkada Haj kunlarida jazirama issiq kuzatildi. Shu tariqa, 17 iyunʻ kuni shahardagi Masjidi Aʻʻzamda havo harorati Tselʻsiy boʻyicha 51,8 darajaga etgan. Rasmiy hujjatlari boʻlmagan ziyoratchilar Haj yoʻnalishi boʻylab konditsioner oʻrnatilgan inshootlarga kira olmagani aytilmoqda.