09.05.2025 14:06
197

Demografik inqiroz: Qozogʻiston ham chora izlashga tushdimi?



Qozogʻistonda demografik strategiyani qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda. Bu haqda senator Amangeldi Tolamisov deputatlik soʻrovi bilan chiqish qildi.

Senatorga koʻra, tugʻilish darajasining pasayishi, aholi qarishi va ayniqsa, shimoliy va sharqiy hududlardan migratsiya oqimining kuchayishi sabab mamlakat jiddiy demografik muammolar qarshisida qolgan. Shu bois mavjud muammolarga kompleks va ilmiy asoslangan yondashuv kerak, deydi Tolamisov.

"Kontseptsiya tugʻilishdan faol qarilikka qadar barcha hayot bosqichlarini qamrab olishi, hududiy siyosat, mehnat mobilligi, reproduktiv va migratsion rejalashtirishni oʻz ichiga olishi kerak. Hozirgi tizimda demografik va migratsion siyosat uchun yagona masъul markaz yoʻqligi vakolatlarning tarqoqligiga olib kelmoqda. Shu sababli, davlat organlaridan biriga kengroq vakolat berish va ushbu vazifalarni normativ darajada mustahkamlashni taklif qilamiz", degan senator.

Bundan tashqari, Tolamisov ijtimoiy-iqtisodiy maъlumotlarga asoslangan aniq prognozlar bera oladigan demografik va migratsion jarayonlarni tahlil qiluvchi milliy markaz tashkil etishni taklif qilgan. Shu bilan birga senator bu sohada mutaxassislar tayyorlash muhimligini qoʻshimcha qilgan.

Mavzuga aloqador