04.12.2024 08:32
1099

Andijonda hijob oʻragan oʻquvchi qizlar "qizil toifa"ga kiritildi


Xoʻjaobod tuman IIB boshligʻi Rustam Jaloliddinov milliy va xalqaro qonunlarga zid ravishda oʻz sektori hududida joylashgan maktablarning 18 nafar oʻquvchisi bilan “suhbat“ oʻtkazdi. Ular orasida hijob oʻragan qizlar ham bor.

28 noyabrʻ kuni Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Rustam Jaloldinov 3-sektor hududidagi maktablarning ayrim oʻquvchilari bilan uchrashgan. Kun.uz nashrining xabar berishicha, tuman hokimligi matbuot xizmati uchrashuv “qizil toifadagi” oʻquvchilar bilan boʻlganini yozgan.

“Xoʻjaobod tumani 3-sektor hududida joylashgan maktablardagi 18 nafar qizil toifadagi oʻquvchilar bilan tuman IIB boshligʻi Rustam Jaloldinov va Xalq qabulxonasi mudiri D.Komiljonovlar tomonidan kelgusida oʻquvchilarni qiziqishlari boʻyicha suhbat tashkil etildi”, – deyiladi hokimlik xabarida.

Rasmiylarga koʻra, uchrashuvda oʻquvchilar bilan “maktabdan keyingi mustaqil hayotdagi rejalari haqida” birma-bir suhbat olib borilgan va kerakli tavsiyalar berilgan.

Xabarga ilova qilingan suratlarda roʻmol oʻragan oʻquvchi qizlar (9 nafar) va bir necha yigitni koʻrish mumkin. “Suhbatda” bir qancha masʻʻullar ham qatnashgani koʻrinadi.

Tuman hokimligi oʻz xabarida voyaga etmagan bolalar “qizil guruhda” ekanini qayd etish bilan ularga salbiy boʻyoq bergan, suratlarda ularning yuzlari ochiq holda qoldirgan.

Bolalar qaysi xususiyatiga koʻra “qizil guruh”ga kiritilganiga izoh berilmagan.

Maʻʻlumot uchun, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunining 4-moddasiga binoan, Oʻzbekistonda bolalarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ularning shaʻʻni va qadr-qimmati himoya qilinadi.

Qonunning 10-moddasida davlat bolalarni inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomaladan himoya qilishi nazarda tutilgan.

Mavzuga aloqador