14.05.2025 10:36
187
Afgʻoniston Oʻzbekistonga 16 ta yuk mashinasida Hirot oq marmarini sovgʻa qildi
Afgʻoniston Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun 16 ta yuk mashinasida Hirot oq marmarini sovgʻa qildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 13 may kuni Termiz xalqaro savdo markazida uchrashuv boʻlib oʻtgan. Unda Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Afgʻoniston bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo rahbarligidagi delegatsiyalar ishtirok etgan.
Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida Afgʻoniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun yuborilgan 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmari Oʻzbekiston tomonidan qabul qilib olingan.
Balx viloyati voliysi matbuot kotibi Atoulloh Zaydning aytishicha, har bir yuk mashinasida 350 tadan marmar bor va jami 4 ming kvadrat metr maydonni qoplashga etadi.