22.11.2024 12:25

XJS Netanʻyaxu va Galantni hibsga olishga order berdi: hukm nimani oʻzgartiradi?


Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binʻyamin Netanʻyaxu va 5 noyabr kuni isteʻʻfoga chiqarilgan mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Netanʻyaxu va Galant qanday jinoyatlarda ayblanmoqda? Hukm nimani oʻzgartiradi? Munosabatlar.


Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binʻyamin Netanʻyaxu va 5 noyabr kuni isteʻʻfoga chiqarilgan mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Bu haqdagi hukm bosh prokuror Karim Xon soʻrovidan olti oy oʻtib chiqarildi.

Sud oʻzining 22 yillik tarixida birinchi marta Gʻarbga ittifoqdosh mamlakatning yuqori lavozimli amaldorlariga nisbatan qamoqqa olish orderini bermoqda.

Shuningdek, XJS HAMAS rahbari Muhammad Deyfni ham 2023 yil 7 oktyabrʻ voqealarida aybdor deb topdi.

Isroil bosh vaziri va sobiq mudofaa vazirining falastinliklarga qarshi jinoyatda aybdor deb topilib, hibsga olish haqida qaror chiqarilishi bugungi kunning eʻʻtiborga molik voqealaridan biridir. Zotan butun dunyoda, hatto Oʻzbekistonda ham koʻpgina liberal tafakkurli odamlar ongida Isroilga nisbatan ijobiy va yon bosuvchi qarash hukmron edi...

Xullas bu hukm orqali sudʻyalar jamoatchilikka xalqaro huquqiy tizim hali tirikligi, Isroil insonparvarlik qonunlaridan ustun emasligi, AQSh imperiyasining zoʻravonlik kuchi qarshiliksiz qolmasligi va har qanday holatda ham adolat gʻalaba qozonishiga umid berdi. 

Netanʻyaxu va Galant qanday jinoyatlarda ayblanmoqda?

Sudʻyalar Netanʻyaxu, Galant va Deyfning Isroil-Falastin tomonidan qabul qilingan 1949-yilgi Jeneva konventsiyalarida belgilangan xalqaro gumanitar huquqni buzishda ayblashmoqda.

Sud Netanʻyaxu va Galantni urush davomida Gʻazo sektoriga oziq-ovqat va gumanitar yordam etkazib berishni tizimli ravishda cheklab, «ochlikdan qurol sifatida foydalangani»ni maʻʻlum qildi.

XJS, shuningdek, ikkala rahbarni «insoniyatga qarshi jinoyatlar – qotillik, taʻʻqib va boshqa gʻayriinsoniy harakatlar»da aybladi hamda Isroilning Gʻazodagi shifoxonalarni qasddan nishonga olgani va sektorda tibbiy taʻʻminotning kiritilishiga ruxsat bermaganiga ishora qildi.

Isroil mahsulotlarini boykot qilish xalqaro harakatga aylanishi mumkin

Mutaxassislar bu harakatni Isroilning qamal qilingan Falastin hududlaridagi qirgʻinlarini toʻxtatish haqidagi talablar kuchaygan bir paytda, muhim voqea sifatida baholashdi.

London Qirolicha Meri universitetining inson huquqlari qonunshunosligi professori Niv Gordon Isroil rahbarlariga qarshi chiqarilgan qamoqqa olish orderlarini tarixiy burilish nuqtasi deb taʻʻrifladi. Professor hukmning amaliy oqibatlari haqida toʻxtalib, endi sionist etakchilari uchun mamlakatdan tashqariga chiqish qiyinlashishini aytib oʻtdi.

Shu bilan birga, savdo va xavfsizlik sammitlari kabi xalqaro tadbirlarni oʻtkazayotgan mamlakatlarning endi Isroil mahsulotlarini boykot qilishdan boshqa chorasi yoʻq.

«Bosqinchi Isroilning sheriklari ham urush jinoyatchisi hisoblanadigan Isroilga qurol va bombalar sotishni toʻxtatishlari kerak», deydi u.

Professor Gordon Isroil rahbarlariga nisbatan qamoqqa olish buyrugʻi chiqarish jarayoni shu bilan yakunlanmasligini taxmin qilyapti.

«Vaqt oʻtishi bilan boshqa sionist amaldorlarining ham adolat qarshisida turishiga toʻgʻri kelishi mumkin», deya qoʻshimcha qildi professor.

Sud Netanyaxu va Galantning ayblariga oid asosli dalillar topilganini maʻʻlum qilib, ularning har biri boshqa shaxslar bilan birgalikda begunoh falastinliklarga nisbatan sodir etgan jinoyatlari uchun ham javob berishi kerakligini taʻʻkidlagan. 

Maʻʻlumki, Isroilning hujumi oqibatida hududning deyarli butun aholisi koʻchishga majbur qilindi. Ayni paytda ham davom etayotgan va ataylab amalga oshirilayotgan qamal tufayli oziq-ovqat, toza suv va dori-darmonlarning jiddiy tanqisligi yuzaga keldi.

Rimning sud tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomasi – Rim statutini ratifikatsiya qilgan barcha 124 davlat endi qidiruvdagi shaxslarni hibsga olish va ularni Haagadagi XJSga topshirish majburiyatiga ega. Sud jarayoni ayblanuvchining ishtirokisiz boshlanishi mumkin emas.

Biroq sudning ijro vakolatlari mavjud emas. U gumonlanuvchilarni hibsga olish va topshirishda aʻʻzo davlatlarning hamkorligiga tayanadi. Shunga qaramay, Frantsiya va Niderlandiya hukmni ijro etishga tayyorligini bildirdi.


Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ham jurnalistlarga Isroil bosh vaziri va sobiq mudofaa vaziri mabodo Kanadaga safar qilsa ular “Xalqaro jinoiy sud qarorlariga rioya qilishlarini” aytgan.

Xalqaro sudda falastinlik jabrlanuvchilar himoyachisi, advokat Triestino Mariniello orderlarni tarixiy qaror, deb taʻʻrifladi. U XJSning AQSh hukumati tomonidan «bosim va sanktsiyalar tahdidi»ga duch kelganini, ammo shunga qaramay adolat tarafdori boʻlganini eʻʻtirof etgan.

«Bu falastinlik jabrlanuvchilar taqdiri uchun muhim qadam. Bu kun aybdorlarning kuch-qudratidan qatʻʻi nazar, haqiqat hamisha yuzaga chiqishini eslatib turadi», degan u.


Munosabatlar

Falastin Islomiy qarshilik harakati HAMAS XJSni «barcha jinoyatchi sionist rahbarlari uchun javobgarlik doirasini kengaytirish»ga chaqirdi.

Kutilganidek, Isroil rasmiy doiralari XJSni qattiq tanqid qilib, Isroilning oʻzini himoya qilish huquqi borligini taʻʻkidlashgan va bu harakatni «antisemitizm» deb atashdi.

Muxolifat rahbari Yair Lapid X ijtimoiy tarmogʻidagi xabarida sud qarorini qoralab, Isroilning Gʻazoga qarshi urushini «terrorchi tashkilotlarga qarshi hayot-mamot kurashi» sifatida tavsiflagan.

Sobiq mudofaa vaziri Avigdor Liberman ham bu qarorga qarshi chiqib, X’da bu xalqaro hamjamiyatning «ikkiyuzlamachiligi» belgisi ekanini yozgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham Xalqaro jinoiy sudning Isroil bosh vaziri Binʻyamin Netanʻyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berganini qoraladi. 

«Xalqaro jinoiy sudining Isroil rahbarlariga nisbatan hibsga olish uchun order bergani gʻoyat gʻayritabiiydir. Yana bir bor aytaman: XJS nima demasin, Isroil va HAMAS oʻrtasida tenglik yoʻq. Biz tahdidlarga qarshi doimo Isroil bilan birga boʻlamiz», deyiladi Oq uy matbuot xizmati tomonidan eʻʻlon qilingan hujjatda.

AQSh senatori Tom Kotton ham Niderlandiyaning sionist rahbarlarini hibsga olishga tayyorligidan gʻazablanib, zarurat tugʻilsa mamlakatga bostirib kirish bilan tahdid qilgan. 

Buyuk Britaniya esa Netanʻyaxu qirollik hududiga kirgan taqdirda unga qanday chora koʻrishni ochiqlashdan bosh tortgan. 

Xoʻsh, nimadir oʻzgaradimi?

Xulosa shuki, ayblanuvchilar qamoqqa olingan taqdirda, sud jarayoni oʻtkaziladi. Ammo bu voqea sodir boʻlmagunicha sud boʻlmaydi, chunki XJS jinoyatchilarga nisbatan«sirtdan» (ayblanuvchining ishtirokisiz) ish koʻrish vakolatiga ega emas.

Bundan buyon Netanʻyaxu va Galant boshqa mamlakatga safar qilishda biroz ehtiyotkor boʻlishi mumkin. Sababi, XJSning Rim statutini imzolagan 124 ta davlatning barchasi, agar bu ikki jinoyatchi oʻsha mamlakatlarga safar qilsalar, qonun boʻyicha ularni hibsga olishga majbur boʻlishadi.

Biroq bu tartib Qoʻshma Shtatlarda qoʻllanilmaydi. Vashington va Telʻ-Aviv sud aʻʻzolari boʻlmaganligi sababli, ular XJS majburiyatlariga boʻysunmaydi.

Tahlilchilarning fikricha, XJSning qarori Gʻarb mamlakatlari, ayniqsa Isroilga qurol-yarogʻ etkazib beruvchi Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar uchun keng qamrovli oqibatlarga olib kelishi aniq. Toki Isroil rahbarlari insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan ekan, bu Evropa mamlakatlarining qurol-aslahalari ushbu jinoyatlarni amalga oshirish uchun ishlatilayotganini anglatadi. Gʻarb davlatlari endi oʻzlarining savdo bitimlarini qayta koʻrib chiqishlariga toʻgʻri keladi. 

Siyosiy jihatdan, bu harakat sud jarayonlarining keskin avj olishini anglatadi va ehtimol, Isroilni yanada yakkalantirib qoʻyadi. Qolaversa mojaroni tugatish uchun oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarni ham murakkablashtirishi mumkin. Ushbu kun Isroilning jazosizlik devoridagi yana bir muhim yoriq paydo boʻlgan lahza oʻlaroq tarixga kiradi.

Mavzuga aloqador