01.02.2025 08:00

Tahlil: Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ziddiyatning sababi nimada?

Pokiston dunyoning ikki qudratli imperiyasi – SSSR va AQShni magʻlubiyatga uchratgan Tolibonni doim qoʻllab-quvvatlab kelgan, toliblarga boshpana va tayanch vazifasini oʻtab kelgan. Biroq Tolibon Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ularning doʻstligiga putur etdi. Bunga faqat bugungi voqelik sababmi yoki...  

 

2021 yil avgust oyida Tolibon Kobulga qaytib kirganida pokistonliklar gʻoyat xursand edilar. Koʻchadagi odamdan tortib, hokimiyatdagilargacha barchasi Tolibon hukmronligi ostida Pokiston-Afgʻoniston munosabatlari gullab-yashnashiga umid qilishgandi.

 

Axir Pokiston oʻnlab yillar davomida nafaqat koʻplab Afgʻon Tolibon etakchilari va jangchilarini ba-riga oldi, balki 2001-2021 yillarda AQSh Afgʻonistonni nazorat qilgan paytda bu guruhga yumshoq munosabatda boʻlgani uchun Vashingtonning kuchli bosimiga ham bardosh berdi.

 

Ammo AQSh chiqib ketganidan beri Pokistonning Afgʻoniston bilan bogʻliq muammosi Kobulni gʻarbparast rahbarlar boshqargan va AQSh rahbarligidagi NATO kuchlari Markaziy Osiyoning bu quruqlikka qamralgan davlatida Afgʻon Toliboniga qarshi kurashgan davrlarga nisbatan yanada kuchaydi.

 

Bir paytlar Pokistonning ishonchli vakillari deb hisoblangan Islomobod va Tolibon oʻrtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi kutilmaganda tez sodir boʻldi va koʻplab Pokiston-Afgʻoniston kuzatuvchilarining taxminlarini chippakka chiqardi.

 

Pokistonning yaqinda Afgʻonistonning Paktika viloyatida Pokistonga qarshi jangarilar lagerlarini nishonga olgan havo hujumlari vaziyatning naqadar jiddiyligini koʻrsatadi. Afgʻonlar bir necha kun ichida chegaradan turib Pokiston pozitsiyalarini oʻqqa tutishdi.

 

Pokiston va uning bir vaqtlar ittifoqchisi boʻlgan davlat oʻrtasidagi munosabatlar bunday ogʻir ahvolga tushadi, deb kim ham oʻylabdi deysiz?

 

Islomobod nuqtai nazaridan, uning Afgʻoniston bilan bogʻliq muammosi bitta oddiy faktga borib taqaladi: Kobulning Pokistonga qarshi jangarilarni jilovlashni xohlamasligi yoki boshqara olmasligi. Ular Afgʻonistondan xavfsiz boshpana va tayanch nuqta sifatida foydalanib, Pokistonga terrorchilik hujumlarini uyushtirmoqda.

 

Islomobodda joylashgan Pokiston mojarolar va xavfsizlik tadqiqotlari instituti maʻʻlumotlariga koʻra, Pokistondagi terrorchilik hujumlari 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 40 foizga oshgan. 2024 yilda terrorchilik hujumlari va ularga qarshi operatsiyalarda jami 530 nafar xavfsizlik xodimi, 489 nafar tinch aholi va 950 nafar jangari halok boʻlgan.

 

Pokistonning Tolibondan koʻngli qolganini armiya boshligʻi Sayid Asim Munirning quyidagi soʻzlarida ham koʻrish mumkin: Kobul bilan yagona farqimiz Tahrik-i-Tolibon Pokiston (TTP)ning Afgʻonistonda mavjudligi va terrorizmning chegaradan tarqalishidir... va ular (afgʻon Toliboni) bu muammoni bartaraf etmaguncha shunday boʻlib qolaveradi.

 

TTP asosan Pokistonning shimoli-gʻarbiy Haybar-Paxtunxva viloyatida, ayniqsa Afgʻoniston bilan chegarada qizgʻin faoliyat yuritadi. TTPdan tashqari, Pokiston Baluj millatchi isyonchilari ham Afgʻoniston hududidan terroristik hujumlar uyushtirish uchun, ayniqsa janubi-gʻarbiy Balujiston viloyatida foydalanayotganini taʻʻkidlamoqda.

 

Ammo Kobul uchun terrorizm Pokistonning ichki muammosi boʻlib qolmoqda va uni pokistonlik pushtun qabilalaridan tashkil topgan TTP bilan muzokaralar orqali hal qilish kerak, deb hisoblaydi.

 

Pokiston bir vaqtlar mamlakat chegara mintaqasida faoliyat yuritayotgan jangarilar bilan tinchlik kelishuvlari tuzgan boʻlsa-da, hozirda TTP bilan muzokaralar oʻtkazishdan bosh tortmoqda.

 

Buning sababi nimada? Hozirda avvalgi kelishuvlarning barchasi barbod boʻlgan va jangarilar nisbiy tinchlik davrlaridan oʻz pozitsiyalarini qayta tiklash va mustahkamlash uchun foydalanmoqdalar.

 

Islomobodning taʻʻkidlashicha, TTPning talablari borasida muzokara olib borib boʻlmaydi, chunki u qabilaviy hududlarda islomning keskin afgʻon-tolibon talqinini joriy etishni va ilgari qabila mintaqasi deb atalgan hududlardagi maʻʻmuriy islohotlarni bekor qilishni xohlaydi.

 

Oʻtmish ziddiyatlari

 

Biroq ikki qoʻshni oʻrtasidagi muammoning ildizlari ancha chuqurroq. U hozirgi voqealar rivojidan tashqari, tarixga ham ildiz otgan.

 

TTP bayrogʻi ostida birlashgan pokistonlik pushtun qabilalari afgʻon Tolibonining gʻoyaviy ittifoqchilaridir va AQSh boshchiligidagi NATO kuchlariga qarshi kurashganlar.

 

1980-yillar va 1990-yillarning boshlarida ularning qabilaviy hududi oʻsha paytdagi Afgʻoniston kommunistik hukumati va sobiq Sovet Ittifoqining bosqinchi kuchlariga qarshi AQSh bloki qoʻllab-quvvatlagan qurolli qarshilikning markaziga aylangandi.

 

Bu shuni anglatadiki, ularning mintaqasi qirq besh yillik jang tarixiga ega boʻlib, bu davrda u ketma-ket ikki buyuk davlatga qarshilik koʻrsatdi.

 

Bu pokistonlik qabilalar afgʻon toliblari bilan ham aloqada boʻlib, ular ham asosan pushtunlardir.

 

Koʻplab pushtun qabilalari Dyurand chizigʻining har ikki tomonida – 1893 yilda Afgʻoniston va oʻsha paytdagi Britaniya Hindistoni oʻrtasida chizilgan 2640 kilometr uzunlikdagi chegarada yashaydi. Pokiston-Afgʻoniston chegarasining ikki tomonida yashovchi qabilalarga Nurzay, Shinvari, Mohmand, Sadozay, Alizay va Yusufzay kabilar kiradi.

 

1947 yilda inglizlar ketganidan soʻng Pokiston Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan Britaniya Hindistonining bir qismini meros qilib oldi.

 

Biroq xalqaro miqyosda tan olingan chegara boʻlgan Dyurand chizigʻini afgʻon millatchilari, jumladan Tolibon ham tan olmaydi. Afgʻon Toliboni uni "faraziy chiziq" deb atab, hech qachon qonuniy chegara sifatida tan olmasligini aytadi.

 

Afgʻon Tolibonining bunday bayonoti ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashganidan soʻng yanada kuchaydi.

 

Pokistonda terrorchilik hujumlari koʻpayishi bilan Islomobod ham oʻz pozitsiyasini qatʻʻiylashtirib, bir qator qattiq choralar koʻrdi, jumladan oʻn minglab roʻyxatga olinmagan afgʻon qochqinlarini oʻz mamlakatlariga deportatsiya qildi.

 

Biroq ularning koʻpchiligi Pokistonga qaytib kirdi, bu esa ushbu harakatning notoʻgʻri yondashuvini koʻrsatdi.

 

2017 yil mart oyida jangarilar oqimini toʻxtatish uchun Afgʻoniston bilan chegarasini toʻsishni boshlagan Pokiston yaqinda qattiqroq immigratsiya tizimini joriy etdi.

 

Ilgari har ikki tomondan kelgan pushtun qabilalari mahalliy hokimiyat tomonidan berilgan sayohat hujjati asosida chegarani kesib oʻtishi mumkin edi. Koʻpchilik hech qanday hujjatsiz sayohat qilardi.

 

Endi esa, afgʻon Toliboni hamda Dyurand chizigʻining ikki tomonida yashovchi mahalliy aholining noroziligiga qaramay, Pokiston viza rejimini joriy qildi. Pokiston bu terrorizmga qarshi kurashish va chegara daxlsizligini taʻʻminlash uchun juda muhim ekanligini taʻʻkidlamoqda.

 

Pokistonning kontrabandani cheklashga qaratilgan saʻʻy-harakatlari ham afgʻon Toliboni va norasmiy tranzit savdosiga tayanadigan mahalliy aholining gʻazabini keltirdi.

 

Soʻnggi ikki yil davomida Islomobod bu choralarni bir tomonlama ravishda qoʻllab-quvvatladi, bu esa afgʻon Toliboni bilan munosabatlarni keskinlashtirish bilan birga, koʻplab mahalliy aholini ham begonalashtirdi.

 

Shunday qilib, Islomobod Afgʻonistondagi koʻp yillik fuqarolar urushi va Pokistonning shimoli-gʻarbiy chegara hududidagi mojarolar davrida boʻlingan pushtun oilalari va qabilalari oʻrtasidagi aloqalar faqat chegaralararo nikohlar va doʻstliklar tufayli chuqurlashganini eʻʻtibordan chetda qoldirdi.

 

Sovet istilosi davridagi afgʻon qarshilik harakatining koʻplab yuqori martabali arboblari va keyinchalik AQSh boshchiligidagi NATO kuchlariga qarshi kurashgan afgʻon Tolibon rahbarlari oʻnlab yillar davomida Pokiston shahar va qishloqlarida yashab, u erlarni oʻzlarining ikkinchi vataniga aylantirganlar.

 

Istiqbol

 

Hozirgi kunda Pokiston va Afgʻoniston uchun dolzarb vazifa kuchayib borayotgan keskinlikni yumshatish, oʻzaro munosabatlarda normallik va xayrixohlikni tiklashdan iborat. Farqlar koʻlami va uzoq davom etgan ishonchsizlikni hisobga olsak, bu vazifani bajarish aytishdan koʻra qiyinroq.

 

Dastlabki qadam sifatida ikki tomon ommaviy axborot vositalari eʻʻtiborini tortmasdan qayta muloqotga kirishishlari kerak. Bu shuni anglatadiki, bir-biriga nisbatan qattiq ommaviy bayonotlar berish oʻrniga, yashirin va sokin diplomatiya yaxshiroq variant boʻlishi mumkin.

 

Afgʻon Tolibonini amerikaliklar bilan muzokaralar stoliga olib kelishda muhim rol oʻynagan va AQSh boshchiligidagi NATO kuchlarining Afgʻonistondan chiqib ketishiga olib kelgan Islomobod Kobuldagi hukmron maʻʻmuriyat bilan aloqalarni qayta tiklashi va yangilashi kerak.

 

Bu afgʻon Tolibonining endi qarshilik koʻrsatuvchi kuch emas, balki suveren mamlakatning hukmdorlari ekanligini tan olgan holda munosabatlar shartlarini qayta belgilashni anglatadi.

 

Islomobod Afgʻonistonga savdo, investitsiya va diplomatik yordam borasida koʻp narsani taklif qilishi mumkin. Afgʻon tranzit savdosi kelishuviga koʻra, Pokiston allaqachon Afgʻoniston uchun asosiy taʻʻminot yoʻli boʻlib xizmat qilmoqda.

 

Pokiston afgʻon Toliboni hokimiyatni qayta qoʻlga olganidan keyin unga diplomatik yordam koʻrsatdi. Endi Islomobod boshqa doʻst mamlakatlar, jumladan Afgʻonistonga yirik investor boʻlgan Xitoy bilan hamkorlikda bu yoʻnalishni davom ettirishi kerak.

 

Islomobod Hindiston afgʻon Toliboni bilan rasman aloqa oʻrnatishga muvaffaq boʻlganini hisobga olishi kerak. Zero bu Nʻyu-Dehlining mazkur guruhga nisbatan pozitsiyasidagi keskin oʻzgarishdan darak beradi.

 

Oʻtgan yil dekabrʻ oyida oʻrta darajadagi muloqotdan soʻng Hindiston Tashqi ishlar vazirligi kotibi Vikram Misri yanvarʻ boshida Dubayda Tolibon muvaqqat tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashdi. Bu Nʻyu-Dehlining Tolibon bilan eng yuqori darajadagi aloqasini anglatadi.

 

Sobiq pokistonlik diplomatlarning fikricha, bunday sharoitda Islomobodning maqsadi Xitoy va BAA kabi doʻst mamlakatlar yordamida Kobul bilan konstruktiv munosabatlar oʻrnatish orqali Pokiston xavfsizlik muammolarini hal qilishdan iborat boʻlishi kerak.

 

Biroq shuni ham eʻʻtiborga olish lozimki, soʻnggi 45 yil davomida Kobuldagi birorta hukumat oʻz hududini toʻliq nazorat qila olmadi - hatto bir paytlar qudratli boʻlgan Sovet Ittifoqi yoki AQSh va uning ittifoqchilarining qoʻshma kuchlari ham bunga yordam bera olmadi.

 

Bu shuni anglatadiki, afgʻon Tolibonining TTPga qarshi harakat qilishdan bosh tortishi, IShID bilan bogʻliq muammolari tufayli, oʻz hukmronligini oʻrnatish imkoniyatining etishmasligi yoki vaziyatni chigallashtirish xavfidan kelib chiqishi ham mumkin.

 

Zero afgʻon Toliboni Kobulga qaytganidan beri IShID terroristik guruhi toliblar va uning rahbariyatiga qarshi bir necha marta hujumlar uyushtirdi. IShID afgʻon va pokistonlik pushtunlar orasidan yangi aʻʻzolarni jalb qilish orqali Afgʻonistondagi oʻz taʻʻsir doirasini kengaytirishga urinmoqda.

 

Afgʻon Toliboni Islomobod talab qilganidek, TTPga bosim oʻtkazishi ehtimoldan uzoq, chunki IShID bundan ikki kuch oʻrtasida nizo keltirib chiqarish va norozi unsurlarni mezbon mamlakatga qarshi ishlatish uchun foydalanishi mumkinligi haqida jiddiy xavotirlar mavjud.

Shu sababli, Pokiston mintaqa va xalqaro maydonda doʻstlarga muhtoj boʻlgan afgʻonlar bilan munosabatlarni va yaxshi aloqalarni tiklash uchun mohirona diplomatiya ishlab chiqishga majbur.

Islomobod tashabbus koʻrsatishi va buzilgan munosabatlarni tiklash uchun birinchi qadamni tashlashi lozim. Bu Afgʻon Toliboni ikki mamlakat xalqining umumiy tarixi, madaniy qadriyatlari, dini va oʻzaro aloqalari bilan faxrlanadigan keng manfaatlari yo‘lida Pokistonning saʻʻy-harakatlariga javob qaytarishi uchun qulay muhit yaratadi.

Amir Ziyo, jurnalist, siyosiy ekspert

Mavzuga aloqador