13.03.2025 08:00
197

Tahlil: 30 kunlik sulh Ukrainaga tinchlik keltiradimi?

Ukraina AQSh ilgari surgan Rossiya bilan 30 kunlik oʻt ochishni toʻxtatish taklifiga rozi ekanligini maъlum qildi. Bu qaror Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan AQSh-Ukraina muzokaralari ortidan qabul qilindi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio taklifni Rossiyaga taqdim etishini va “toʻp ularning maydonida” ekanligini aytdi. Bu bilan hamma gap Rossiyada qolganiga ishora qildi. Ammo Moskva hali bu masala boʻyicha biror fikr bildirishga vaqt erta ekanligini, masala mohiyatini chuqurroq oʻrganishga toʻgʻri kelishini maъlum qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu "ijobiy" taklifni qabul qilishga Rossiyani koʻndirish AQSh zimmasiga tushishini taъkidladi.

Seshanba kuni Jidda shahrida oʻtkazilgan muzokaralar 28 fevralь kuni Oval kabinetda Zelenskiy va AQSh prezidenti Donalьd Tramp oʻrtasida sodir boʻlgan gʻayrioddiy ziddiyatdan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi birinchi rasmiy uchrashuv boʻldi.
Muzokarachilar Jiddada nimalarga kelishib olgani ancha mavhum. Kiev amerikaliklar bosimi ostida nimalardan voz kechgani haqida maъlumot yoʻq. Bir narsa maъlum, ukrainalik va amerikalik muzokarachilar Ukraina-Rossiya frontida 30 kunlik sulh oʻrnatilishi haqida kelishib oldilar. Aftidan, Kreml bu shartlarga tayyor emasdek. Shunday boʻladi ham. Chunki Rossiya hozir frontda kuchli hujumga oʻtgan, hatto Ukrain qurolli kuchlarini Kursk viloyatidan deyarli siqib chiqargan, boshqa frontlarda ham rus harbiylari ancha siljishga erishayapti. Agar Rossiya sulhga rozi boʻlsa, Ukraina 30 kun ichida qoʻshinlarini qaytadan oyoqqa turgʻazib oladi. Boz ustiga, AQSh Jiddadagi muzokaradan keyin Kievga qurol-yarogʻ etkazib berish tiklanganini eъlon qildi. Gʻarb bundan oldin ham Istanbul muzokaralari paytida aldagan, ruslarni Kiev ostonasidan qoʻshinlarni olib chiqishga koʻndirgan, oqibatda ruslar bir yil mobaynida ortga chekinishga majbur qilingandi. Bir qarashda bu Kiev uchun katta muvaffaqiyatdek koʻrinadi. Amerika va Ukraina delegatsiyalarining qoʻshma bayonotida taxminan bir oy davom etishi va Rossiya tomoni bilan kelishilganidan keyin uzaytirilishi kerak boʻlgan oʻt ochishni toʻxtatish haqida soʻz boradi. Bayonotda asirlar va tinch aholi almashinuvi, Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarning qaytarilishi ham tilga olinadi. Bundan tashqari, taъkidlanganidek, Ukraina tomoni Evropaning tinchlik jarayoniga qoʻshilishini istaydi. Bularning barchasi yaxshi xabarlar. Afsuski, Rossiya urush yakunlanganidan keyin evropaliklar yoki NATOning Ukrainaga qoʻshinlarini kirtishini istamaydi. Moskva esa, nazarimizda, vaqtinchalik sulhga rozi boʻlmaydi.

Aslida Zelenskiy va Evropa rahbarlarining gʻoyasi ham shundan iborat. Koptok Rossiya tomoniga oʻtdi deymiz, shu bilan birga, Rossiyani tinchlik oʻrnatishni istamaslikda ayblaymiz, deyishmoqchi. Bu orqali urushni davom ettirish tarafdori boʻlmish Evropa arboblari Vashingtonni yana oʻz tomoniga ogʻdirmoqchilar. Bu holda Tramp boshi berk koʻchaga kirib qoladi.

Darhaqiqat, Tramp Ukrainadagi proksi urushni tugatish boʻyicha Putin bilan muzokaralarni boshlashi bilanoq Evropa etakchilari uning tinchlik harakatlariga barham berish, muzokaralarda tashabbusni qoʻlga olish va mojaroni choʻzish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Oxir-oqibat, ularning “adolatli va mustahkam tinchlik”ni talab qilishlari va Ukrainaning “hududiy yaxlitligi”ga urgʻu berishlari “kuch orqali tinchlik” niqobi ostida keyingi harbiy harakatlarni kafolatlashdan boshqa narsa emas. Ukrainani shunday ayanchli holatga keltirgan oʻsha muvaffaqiyatsiz strategiya davom etadigan koʻrinadi.  
Qoʻshma Shtatlar Kievga razvedka maъlumotlarini uzatishni va Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga vaъda berdi, ammo Kiev amerikaliklar bosimi ostida nimalardan bosh tortgani haqida maъlumot yoʻq. Muzokaralar boshlanishidan oldin Rubio Ukraina 2014 yilgacha egalik qilgan hududining bir qismidan voz kechishi kerakligini aytdi. Ammo gap qaysi hudud haqida ketayotgani toʻliq aniq emas.

2014 yilda Rossiya Qrim, shuningdek, Donetsk va Lugansk viloyatlaridan iborat sharqiy Ukrainaning bir qismini anneksiya qildi. Taxminlarga koʻra, Ukraina siyosatchilari, shubhasiz, Qrimdan vaqtincha voz kechishi mumkin. Ukraina hukumatiga yaqin doiralarda uzoq vaqtdan beri Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismidan voz kechish ehtimoli haqida ham gapirib kelinmoqda. Biroq qolgan hududlardan Ukraina hukumati voz kecholmasligi aniq. Rossiya esa Qrim va toʻrtta viloyatni toʻlaligicha oʻz ixtiyoriga topshirishlarini istaydi. Busiz Rossiya muzokaraga bormaydi. Chunki Rossiya 2022 yilda Ukrainada keng koʻlamli maxsus operatsiya boshlanganidan soʻng oʻz Konstitutsiyasiga nafaqat Qrim, balki butun Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojьe viloyatlari ham Rossiya Federatsiyasining ajralmas qismi ekanligini koʻrsatuvchi qoidalarni kiritdi. Endi Rossiya ortga qaytolmaydi. Bu hududlarni egalariga topshirmaydi. Aks holda bu narsa Rossiyaning parchalanishiga yoʻl ochadi.

Rossiya hozirda Luganskning 99 foizini, Donetskning 80 foizini, Xerson va Zaporojьe viloyatlarining 75 foizini nazorat qilsa-da, bu hududlarning qolgan qismidan ham Ukrain qoʻshinlari chiqib ketishini istaydi. Agar sulhni uzaytirish taklifi Ukrainaning hali bosib olinmagan qismlaridan Rossiya foydasiga voz kechishni ham oʻz ichiga olsa, bu Kiev uchun katta magʻlubiyatdir. Chunki Kiev minglab odamlarning hayoti evaziga bir necha yil davomida qoʻlida qurol bilan himoya qilgan hududlarni Rossiyaga berishi kerak. Ammo katta hududiy imtiyozlarsiz Rossiya sulhga rozi boʻlmasligi yoki bu sulh uzoq davom etmasligi mumkin.

Aslida hamma gap Istambul muzokaralarida aytib boʻlingan. Agar oʻsha vaqtda Britaniya bosh vaziri boʻlgan Boris Jonson Kievga muzokaralarni barbod qilishni buyurmaganida, Ukraina bugungidek nochor ahvolga tushib qolmasdi. Bizningcha, Tramp tashabbusi bilan boshlangan jarayon ham Britaniya, Frantsiya kabi evropalik oʻyinchilarning ayyor nayranglari tufayli barbod boʻladi. Yaъni Jidda kelishuvlarini ham Istambul taqdiri kutyapti.  

Yana bir muammo bor. Ukrainaga Rossiya boshqa hujum qilmasligi uchun kafolat kerak. Biroq amerikaliklar unga bunday kafolatlarni berishdan bosh tortmoqda. Faqat evropaliklarga umid qilish yoki Ukrainani Rossiyadek kuchli boʻlishi uchun qurollantirishga toʻgʻri keladi. Bunga Rossiya rozi emas. Moskva Ukrainanining NATOga aъzo boʻlmasligi uchun yozma kafolat istaydi. Ikkinchidan, Ukraina qoʻshinlari cheklangan boʻlishi, kelajakda yadroviy qurolga ega boʻlishga intilmasligi, neytral davlat maqomida turishi, rus tiliga rasmiy maqom berilishini xoxlaydi va talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, Jiddadagi muzokaralar yakunlarini tub burilish yoki tarixiy natija deb atab boʻlmaydi. Chunki barqaror tinchlikka erishish uchun hali ancha qovun pishigʻi bor. Shunga qaramay, AQSh va Ukraina oʻrtasida Rossiya bilan urushda vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishilgani yoʻnalishning keskin oʻzgarganidan darak beradi. Ayni paytda, Ukraina vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlganiga qaramay, AQShga kelajakda foyda keltirishi mumkin boʻlgan er osti boyliklari boʻyicha kelishuv borasida toʻxtamga kelingani haqida biror alomat koʻrinmayapti. Tramp bu masalaga ustuvor ahamiyat berayotganini aniq va ochiq bildirgan boʻlib, bu kelgusida jiddiy toʻsiqqa aylanishi mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Rossiya hech qanday shartlarsiz oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmaydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni toʻxtatishga rozi boʻlishdan oldin, masalan, Ukrainani NATOga qabul qilmaslikni talab qiladi. Bu eng real stsenariy. Kreml Amerika tomoni bilan yaqin kelajakda rejalashtirilgan aloqalarni allaqachon tasdiqlagan. Rus mulozimlari soʻzlaridagi ehtiyotkorlik Moskva qizgʻin bahslarga hozirlik koʻrayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Yaъni, oʻzlarining qattiq shartlarini qoʻyish. Yuqoridagi aytganimizdek, hududlarning Kiev  tomonidan topshirilishi, maxsus operatsiya maqsadlariga toʻliq erishish. Agar Kiev hozir Moskva shartlariga koʻnmasa, urush 2025 yilda ham davom etadi hamda Odessa va Nikolaev viloyatlari toʻliq Rossiya tomonidan bosib olingunicha davom etadi. Oʻzi Rossiyaning maqsadi ham Ukrainaning Qora dengizga chiqishini butunlay cheklash va Odessa orqali quruqlikdan Dnestrboʻyi bilan birlashishga erishish. Zelenskiyning qaysarligi shu paytgacha Rossiya foydasiga oʻynayotgan boʻlib, mazkur siyosat Ukrainaga juda qimmatga tushadi.    
 

Mavzuga aloqador