Suriyada alaviylar qoʻzgʻoloni. Aslida nima boʻlgan edi?
Suriyada alaviylar qoʻzgʻoloni. Aslida nima boʻlgan edi?
Xabaringiz bor, yaqinda Suriyada alaviylar yangi hukumatga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan, hukumat kuchlari isyonchilarni, ularga qoʻshib tinch aholini ham qirgʻin qilgani haqida OAVda xabarlar tarqalgandi. Xoʻsh, aslida nima boʻlgan edi? Rostdan ham milliy ozchilik vakillari – tinch aholi qirgʻin qilinganmidi? Bu haqda voqealarni bevosita ichidan turib kuzatgan kishi – Belgiyadagi Suriyalar forumi prezidenti Doktor Xolid Muhammad Kamoldan eshitamiz.
2025 yil, 6 mart – Makr kechasi.
Halab boshqaruvi qoʻlga olingach, sohildagi faollar WhatsApp tarmogʻidagi guruhda toʻplandik va alaviy jamoasi shayxlarini Asadga qarshi turish va vatanparvarlik pozitsiyasini egallashga chaqirdik. Lekin, afsuski, bu borada ulardan javob ololmadik.
Sobiq shafqatsiz tuzum bartaraf etilib, Suriyaning barcha erlari ozod qilingach, ular ommaviy afv soʻrab chiqishdi. Aynan shu narsa barchaning gʻazabini qoʻzgʻatib yubordi.
Soʻng rasmiy boʻlgan-boʻlmagan jamoalar Loziqiyaga yurish qildi. Biz imkoni boricha harbiy idoraga koʻmak berishga harakat qilardik. Oʻsha paytda harbiy idora boshqaruvi Shayx Hasan Suvfonda edi.
U paytda yangi hukumat talab qilgan yondashuvga koʻra, ozchilik toifalarga muomalada dinimizning koʻrsatmalariga rioya qilgan holda kechirimli boʻlishimiz va ziddiyat keltirib chiqaradigan xatti-harakatlardan uzoq boʻlishimiz kerak edi. Keyin ham maxsus, ham ommaviy koʻrinishda bir qancha yigʻilishlar oʻtkazildi. Yangi hukumat ozchilik toifalarni xotirjam qilish va yangi hukumat haqida yaxshi tasavvurni uygʻotish maqsadida bir qancha ziyoratlar tashkillashtirdi. Chunki hamma ularga nisbatan intiqom reaktsiyasi boʻlishidan xavotirlanardi.
Bu aloqalar shaharda hayot iziga tushib, barcha oʻzining omonda ekanini ilgʻaguniga qadar davom etdi. Ayniqsa, xavfsizlik kuchlarining ehtirom bilan qilgan muomalalari osoyishtalikka katta hissa qoʻshganini hech kim inkor qila olmaydi. Shu darajadaki, hatto alaviylarning oʻzlari endi ovozlarini balandlatib, oʻz huquqlarini talab qila boshladilar. Hukumat ham bunga imkon darajasida ijobiy javob qaytardi.
Nozir va idoradagilar barcha muammolarni bartaraf qilishga shunchalik harakat qilishdiki, natijada Shayx Hasan Suvfon va nozirning telefon raqamlarini shahardagi har kim bilardi. Shayx Hasan va nozirning talablari bitta – qidiruvdagi kishilarni topish va qurollarini topshirishni talab qilishdan iborat boʻldi.
(Aslida oxirgi uch oy ichida barcha harakatimiz va oʻrnatgan aloqalarimizga qaramay, qidiruvdagilardan birortasi ham topshirilmadi. Va yana alaviylarning aksari bartaraf etilgan tuzumning qoldiq kuchlari tomonidan sodir etilgan oxirgi operatsiyadan ham xabardor edilar).
Sobiq hukumat idoralarida xodimlar sonining mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan darajada koʻpligi ham katta muammo edi. Ikki yuz kishi mehnat qilishi mumkin boʻlgan joylarda sakkiz yuzlab xodim ishga olingandi. Koʻpchiligining amalda qiladigan ishi yoʻq edi. Yangi hukumatga qiyinchilik tugʻdirgan narsa ishdan ketgan xodimlarning delosini oʻrganib chiqish boʻldi. Bunga qadar esa xodimlarga ish haqi toʻlanishi sharti bilan uch oylik taъtil berildi.
Natijada alaviylar farzandlarining ishga qaytarilishini talab qila boshlashdi. Zero, Bashar Asad maъmuriyati vatandoshlardan pora olish, oʻz ishlarini suъiistemol qilish kabilarga yoʻl qoʻyib berish orqali ularning ovozini oʻchirib turgani ayni haqiqat edi. Binobarin, mamlakatni shu kabi buzgʻunchiliklar qurshab olgandi.
Bu vaziyatda alaviylardan oralariga berkingan qidiruvdagilarning qamoqqa olinishida jiddiy kurashlarni talab qilardi. Shuning uchun ham, mening fikrimcha, huquq-tartibot organlari ular tomonidan amalga oshiriladigan ushbu operatsiyaning tafsilotlaridan voqif edi. Bu vaziyat ular uchun ilonni inidan tashqarida oʻldirish imkoniyatini berardi. Operatsiya mahalliy emas, davlat miqyosida rejalashtiligan boʻlib, u bir necha bosqichlardan iborat edi:
Birinchi bosqich: alaviy vakolatxonasini taъsis etish. Ilonning boshi boʻlmish Shayx Gʻazol va Basil Xatib islomiy-alaviy kengashining taъsis etilganini eъlon qilish orqali buni amalga oshirgan boʻlishdi.
Ikkinchi bosqich: Miqdod Fatiha kabi mashhurlar va internet sahifalari orqali media qoʻshinini tashkil qilish.
Uchinchi bosqich: “avtonom boʻlish huquqi” degan vaъdani qoʻlga kiritish. Bunga Livanda Hizbulloh, Iroqda jangarilar bilan yigʻilishlar oʻtkazish orqali erishishlari mumkin edi. Shu bilan birga QSD (Suriya demokratik kuchlari) hamda Suvaydodagi Shayx Hijriy jamoasi bilan ittifoq tuzish ham kerak edi.
Operatsiyaning boshlanishi.
Xavfsizlik kuchlari shahar hokimi va qishloq raisi qoʻlidan qidiruvdagilardan birini qabul qilib olish uchun Doliya qishlogʻiga kirdi. Qidiruvdagilardan biri qabul qilib olindi. Men oʻzim operatsiyadan toʻgʻridan-toʻgʻri xabardor boʻlib turish uchun aloqani uzmadim. Qidiruvdagilardan biri topshirilgach, xavfsizlik kuchlari Doliya bilan Bayt Ono qishlogʻi orasida bir guruhning hujumiga duch kelgan. Ogʻir qurollangan bir guruh pistirmadan hujum boshlashi natijasida xavfsizlik kuchlari safidagi oʻn uch kishi halok boʻlgan.
Urush mana shu erda boshlandi, reja quyidagicha edi:
Jabala shahrini toʻliq qoʻlga olish; Bir necha bosqichlik harakatlari bilan Hums, Tartus, Baniyas va Jabala yoʻllaridan kelishi mumkin yordamlarning yoʻlini toʻsish; Soʻng Tartus, Baniyas va Loziqiyya shaharlaridagi sobiq tuzum kuchlarini harakatga keltirish.
Reja deyarli toʻlaligicha ish berib, yordam yoʻllari rejalashtirilganidek yopib qoʻyildi. Bu asnoda moʻljalsiz otilgan oʻqlar nishoniga aylangan koʻplab tinch aholi halok boʻldi. Natijada Jabala shahri toʻliq qoʻlga olindi.
Rejaga koʻra, Iroq jangarilari avval Tadmur, soʻng Hums yoʻnalishi boʻyicha kirib kelishlari kerak edi. Bu narsa kelishilgan vaqtda Mohir Asad boshchiligida amalga oshishi rejalashtirildi. Livan Hizbullohi jangarilari ham xuddi shu vaqtda Qusayr orqali kirib kelib, Humsda birlashishardi. Shu tariqa Mohirga qarashli kuchlar va Bashar Asadning etim qolgan tarafdorlari togʻlardan va Livan shimolidan kirib kelib, sohil tomondagi shaharlarni qoʻlga olishmoqchi va hududdagi navbatchi kuchlarni oʻldirib, Suriyadagi ichki yoʻllarni toʻsishmoqchi edi va shunday boʻldi ham. Ayni paytda Kurdistondagi kommunist partiyaga qarashli jangarilar Halabga sharqiy tomondan yurib borib, shaharni qoʻlga olish niyatida edilar.
Xuddi shu paytda sobiq tuzumning yashiringan qoldiq kuchlari Damashqning turli burchaklaridagi tarafdor guruhlarni aylanib chiqishardi. Maqsad, Suvaydoda maъmuriyat binosidagi davlat bayrogʻini olib tashlash orqali urush eъlon qilgan jangarilar bilan Damashqda sion harbiy uchoqlari himoyasi ostida birlashish edi.
Bu rejadan xabar topgan Turkiya istixboroti Iroq hukumatiga Turkiya harbiy uchoqlari osmonda, Suriya hududi yaqinidagi har qanday harakatlilikni urishga tayyor ekanini bildirgan. Soʻng “Bayroqdor” turk harbiy uchuvchisiz uchoqlari harakatlandi va birinchi boʻlib urush eъlon qilinishi bilan Halab tomon yaqinlashib borayotgan “Qandil” jangarilarini va operatsiyaning boshqaruv nuqtalarini urdi. Bu hujum ularni hujumni toʻxtatishga va chekinishga majbur qildi.
Turkiya uchoqlari osmonda turib sionistlarni, ular aralashgan taqdirda, buning badalini oʻtashlaridan ogoh qilib turdi. Natijada sionistlar daxl qila olmadi va janubdagi jangarilar himoyasiz qolishdi.
Suriya xalqi oʻzaro ommaviy safarbarlikka chaqirdilar. Oʻn minglab vatandoshlar kechasi Havron va Qunaytiraga chiqib borishdi va Damashq janubidagi harakat magʻlubiyatga yuz tutdi. Soʻng Damashqning boshqa erlaridagi sobiq rejim tarafdorlari boʻlgan qoldiq kuchlar harakatga oʻtdi. Qoʻshin va xavfsizlik kuchlari esa ularga qarshi pistirmada edi.
Ularning sohildagi harakati sohil shaharlaridagi xavfsizlik kuchlari tomonidan hududdan uzoqlashtirishga muvaffaq boʻlindi. Ularning shiddatli va jirkanch hujumlari natijasida yuz ellikdan ziyod xavfsizlik kuchlari vakili halok boʻldi. Ular shaharlarni bosib olib, yoʻl va koʻpriklarni toʻsdilar. Ommaviy safarbarlik chaqirigʻidan keyin hududga etib borgan yuz ming qurolli qoʻshin ularni siqib chiqardi. Ortidan Livan hududidagi kirishlar Qusayr va Tartus tomondan yopib qoʻyildi. Keyin esa hududdagi qoldiq kuchlar bilan urush boshlandi. Shaharlarni qaytarib olish uchun qilingan urinishlar natijasida dushman kuchlarining barchasi bartaraf etilib, toʻntarish harakatiga barham berildi.
Keyinchalik yordamlar etib keldi va ilonning boshi tanasidan judo qilindi.
Mohir Asad yaqindagina Iroqdan Rossiyaga joʻnab ketdi. Chunki u endi otasi Hofiz Asadning rejasiga suriyaliklar nuqta qoʻygani kabi oʻzi va akasining toʻntarish rejasini ham yoʻqqa chiqarganiga ishonch hosil qildi. Suriyaliklar bu toʻntarishni magʻlubiyatga uchratib, Mohirning oxirgi umidini ham yoʻq qildilar.
Butun bu harakatlardan qoʻlga kiritilgan natija:
– Biz xalq sifatida davlatimizni va hukumatning koʻrsatmalarini qoʻllab-quvvatlamoqdamiz. Chunki biz ularning ichki va tashqi siyosati, islohotlari va jinoyatlarni kamaytirishga boʻlgan jiddiy harakatlariga ishonamiz.
– Ushbu bosqich Suriyaga oʻz farzandlarining saъy-harakatlari bilan oʻz maъmuriyati atrofida birlashishdan boshqa narsa olib kelmadi.
– Shu bilan birga, ushbu xiyonat zulmatiga chulgʻangan kechada koʻplab alaviy yurtdoshlar askarlarimiz, xavfsizlik kuchlari va tinch aholi orasidan yaralanganlarga oʻz eshiklarini ochganlarini, ushbu qirgʻinni toʻxtatish yoʻlida qilgan ezgu harakatlarini hech qachon unutmaymiz.
– Biz Suriyaning birlashtiruvchi davlat boʻlishini xohlaymiz. Hech qanday boʻlinishni qabul qilmaymiz, xavfsiz va totuv jamiyat uchun harakat qilamiz.
Biz ushbu qirgʻinni toʻxtatish uchun qoʻldan kelgancha harakat qildik. Lekin sobiq tuzum tarafdori boʻlgan esipast qoldiq kuchlar bizni mana shu ishga undadilar. Hozirga kelib, biz jarohatimiz tuzalishi va yarador Suriyaning qayta tiklanishi uchun harakatni boshlash uchun biroz vaqtga ehtiyoj sezmoqdamiz.
Binobarin, kelgusida ham shu davlatning nomi ostida biz bilan chin hamkorlik istagida qoʻl choʻzganlarga qoʻlimizni beramiz. Alaviy hamyurtlarimizga Erondan ham, Rossiyadan ham yaqinroqmiz. Shu bilan birga, ushbu oʻtish davrida adolatning oʻrnatilishi va barcha qidiruvdagilarga kerakli choralarning koʻrilishi voz kechilmas talabimiz boʻlib qoladi. Oʻz madaniyatiga ega, odil Suriyani barpo qilish yoʻlida bizni oyoqqa turgʻizadigan tamoyillarga qarshi chiqilishiga aslo yoʻl qoʻymaymiz.
Doktor Xolid Muhammad Kamol