29.07.2025 06:26
203
Sunъiy intellekt bizni aqlliroq qiladimi yoki ..?
Agar biz sunъiy intellektga koʻproq suyanib qolsak, miya faoliyatimizda qanday oʻzgarishlar yuz beradi? Sunъiy intellekt rostdan ham bizga biror narsani oʻrganishda katta yordam beradimi yoki aksincha – bizni loqayd va fikrlamaydigan insonlarga aylantiradimi? Massachusets texnologiya instituti (MIT)ning yangi tadqiqoti hayratlanarli va baъzi oʻrinlarda xavotirli natijalarni koʻrsatdi. Ushbu maqolamiz ChatGPT va boshqa neyron tarmoqlar miya faoliyatimiz, xotiramiz va mustaqil fikrlashimizga qanday taъsir qilishi haqida.
Sunъiy intellekt bizni aqlliroq qiladimi yoki aksincha?.. Bugungi kunda ChatGPT va boshqa neyron tarmoqlar ommalashib bormoqda. Ular matn yozadi, masalalarni echadi, gʻoyalar taklif qiladi. Bu – qulay va tez. Ammo shu paytda bizning miyamiz nima qilyapti? Biz rostdan ham oʻrganyapmizmi yoki shunchaki fikrlashni mashinaga topshiryapmizmi?
Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari buni tekshirdi. Talabalarni uch guruhga boʻlib, ularga esse yozish topshirigʻini berishdi.
– Birinchi guruh esseni oʻzi yozdi;
– ikkinchisi internet maъlumotlaridan foydalandi;
– uchinchi guruh esa bevosita ChatGPT'ga murojaat qilishdi.
Har bir ishtirokchining miya faoliyatini kuzatish uchun ularning boshiga maxsus qurilmalar taqildi. Xoʻsh, natijalar qanday boʻldi? Ishonasizmi: yordam qancha koʻp boʻlsa, inson miyasi shuncha kamroq ishlashi ayon boʻldi. Sunъiy intellektdan foydalanganlar eng past miya faoliyatini koʻrsatishdi. Esseni maъlumotlar qidirib yozganlar biroz yaxshiroq natijaga erishgan boʻlishsa, eng yuqori miya faolligi shubhasiz mustaqil ijod qilgan talabalarda boʻldi.
Bu monitorda akslangan grafiklarda ham yaqqol koʻrindi: qizil rang kamaygan – yaъni neyron faollik pasaygan. Sunъiy intellekt bilan ishlagan guruhda miya faolligi 55 foizgacha tushib ketdi. Bu – yomon xotira, kam eъtibor va oʻta passiv ishtirok degani.
Guruhlar oʻrin almashganida ham natijalar tasdiqlandi. Ilgari sunъiy intellekt bilan ishlaganlar undanda yomonroq natija koʻrsatdi. Ammo avval mustaqil ishlab, keyin sunъiy idrokdan foydalanganlar nisbatan yaxshiroq ishladi.
Xulosa: Agar boshidanoq sunъiy intellektga tayanilsa, miya "oʻchadi". Bu haqiqiy taъlimga xalal beradi. Lekin avval oʻylab, keyin maъlumotlarni qayta ishlash uchun undan foydalansak – bu foydali. Miya faolligini yoʻqotmaydi.
Albatta, sunъiy intellektning imkoniyatlari hayratlanarli. Lekin agar barchasini unga topshirsak, fikrlash qobiliyatimizni yoʻqotamiz.
Shuning uchun mashaqqatdan qochmang. "Avval oʻylang, keyin soʻrang". Shunda sunъiy idrok sizning yordamchingiz boʻladi, boshqaruvchingiz emas.