30.07.2025 17:25
69
Sudanda fitna olovini kim yoqdi?
2021 yil oktyabridagi davlat toʻntarishidan keyin Sudan generallardan tarkib topgan kengash boshqaruviga oʻtdi. Biroq ikki yildan beri ularning asosiy ikkitasi: tezkor harakat kuchlari (RSF) generali Muhammad Hamdan Dagalo va muntazam armiya qoʻmondoni hamda kengash raisi Abdul Fattoh al-Burxon oʻrtasida qonli urush davom etmoqda. Minglab musulmonlar oʻldirilyapti. BMT maъlumotlariga koʻra, 12 milliondan ortiq kishi uy-joyini tark etgan. Har ikki tomon – armiya va RSF urush jinoyatlarini sodir etishda ayblanmoqda.
Etti oydan beri qamal ostida qolgan Shimoliy Darfurda taxminan 825 ming bolaning hayoti xavf ostida: mintaqada oziq-ovqat, ichimlik suvi va dori-darmon etishmovchiligi misli koʻrilmagan darajaga etgan. Birgina RSF askarlari 10-13 iyulь kunlari Bara shahrida 300 nafargacha sudanlikni qirgʻin qilgan, ular orasida homilador ayollar va bolalar ham bor. 24–25 iyulь kunlari esa Shimoliy Darfurda yana 25 kishi oʻldirilgan.
Emergency Lawyers tashkilotining maъlum qilishicha, Shagalnom qishlogʻida tezkor harakat kuchlari tomonidan 200 kishi tiriklayin yoqib yuborilgan. Odam oʻgʻirlash va jinsiy zoʻravonlik holatlari toʻxtamayapti.
Bu Sudandagi fojialarning bir qismi xolos. Vaziyat biz oʻylaganimizdan ham yomonroq boʻlishi mumkin. Oʻz navbatida oʻrinli savol tugʻiladi: mamlakat qanday qilib bu ahvolga kelib qoldi? Musulmonlar diyorini olovlantirayotgan yashirin kuchlar bormi?
Musulmonlar ongini oʻnlab yillardan beri egallab kelayotgan va uni xiralashtirgan hodisalardan biri bu “fitna nazariyasi” boʻlib, unga koʻra, musulmon davlatlariga qarshi doimiy fitnalar uyushtiradigan kuchlar mavjud, deb hisoblanadi. Bu tafakkurning xavfi shundaki, u oʻzining sustkashligini va muvaffaqiyatsizliklarini inkor etadi. Mashhur ulamo Muhammad al-Muhxtor ash-Shinqitiy aytganidek, musulmonning voqelikka haddan ziyod yoki aksincha eъtiborsiz yondashishi, uni obъektiv va mantiqiy tahlil qilish salohiyatidan mahrum etadi.
Biz 1955 yil Sudan mustaqilligini eъlon qilishiga bir yil qolganidan boshlab, hozirgi kungacha choʻzilgan Sudan urushlarida “yashirin kuchlar”ning aralashuvi borligini bilamiz. Sudan elitasining oʻta jiddiy xatolari, ularning mafkuraviy yoʻnalishlari va siyosiy tarafkashligidan qatъi nazar, bu aralashuvlarda Isroil bosh omil sifatida qatnashib, sahna ortidan voqealarni boshqarmoqda.
Bu jiddiy xatolardan biri – Sudandagi urushlarda Isroilning oʻrnini etarlicha anglamaslik va unga nisbatan samarali strategiyalar ishlab chiqmaslik edi. Isroil juda erta Sudan ijtimoiy-siyosiy tuzilmasini oʻrganishga kirishgan. Bu oʻrganish asosida xavfsizlik manfaatlari va qadimiy afsonaviy tasavvurlar bilan yoʻgʻrilgan strategiyani ishlab chiqqan. Oʻsha afsonalarga koʻra, Muso alayhissalomning qabrlari habashlarning Aksum cherkovida joylashgan. Qadimda Sudanni idora qilgan Efiopiya podshohlari yahudiy qonidan boʻlgan, yaъni Sulaymon (alayhissalom) naslidan, yaъni Bani Isroil qabilalaridan biri Janubiy Sudan va Koʻllar mintaqasida yoʻqolib qolgan.
Isroilning Sudan siyosatiga tegishli “bosh gʻoya” Devid Ben-Gurionning mashhur bayonotidan olingan:
“Biz (Isroil) kichik bir xalqmiz. Imkoniyatlarimiz cheklangan. Bu cheklovlarimizni Arab davlatlaridagi dushmanlarimiz bilan urushda zaif nuqtalarini aniqlash va chuqur oʻrganish orqali bartaraf qilishimiz kerak. Ayniqsa etnik, mazhabiy guruhlar va ozchiliklar oʻrtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirar ekanmiz, ularni echilmaydigan muammoga aylantirishimiz zarur”.
Mazkur “bosh gʻoya” Isroilning arab mamlakatlari bilan qanday muomala qilishini belgilab beradi. Uning asosida yahudiy davlati “periferiya strategiyasi”ni – yaъni arab mamlakatlarining chekka hududlaridagi beqarorlikni kuchaytirish strategiyasini ishlab chiqqan. Bu aynan Janubiy Sudandagi boʻlinish orqali amalga oshirildi.
Ushbu strategiyaning maqsadi – etnik nizolarni avj oldirish yoki chegaraviy mojarolarni qoʻzgʻatish orqali arab mamlakatlarini oʻz muammolari bilan band qilishdir. Natijada bu davlat armiyalari Isroilga qarshi kurashayotgan davlatlarni qoʻllab-quvvatlashga yaramay qolsin.
Bu rejalar ancha avvaldan tuzilganini isbotlash uchun Mossad rahbari Meir Amitning 1959 yildagi nutqini eslaymiz. U boʻlajak harbiylarning bitiruv marosimida shunday degan:
“Millatchilik tahdini jilovlash uchun arab davlatlaridagi noarab guruhlarning ruhiyatini (oʻziga boʻlgan ishonchini) oshirishimiz kerak – ayniqsa Iroq, Suriya, Livan va Sudan kabi davlatlarda”.
Sudanga tegishli bu “yashirin qoʻllar” qanday vayronagarachiliklarga sabab boʻlganini bilish uchun quyidagi hujjatlarni koʻrib chiqish lozim:
Ariel Sharonning 1983 yilda NATO vazirlari yigʻilishida taqdim etgan “Kivunim” hujjatida:
“Sudan arab va islom dunyosidagi eng parokanda mamlakatdir. U erda toʻrt xil aholi guruhi boʻlib, sunniy musulmon ozchiligi koʻpchilik arab boʻlmaganlarni, butparast va nasroniylarni boshqaradi”, deyiladi. Xulosa oʻrnida esa Liviya va Sudanni parchalashga urgʻu beriladi.
2008 yilda Isroil ichki xavfsizlik vaziri Avi Dixter esa: “Sudan — Misrning strategik orqa chizigʻi hisoblanadi. Urushda u Misr havo kuchlari va quriqlik armiyasiga mashq maydoni boʻlgan, ularga boshpana bergan. Ularni zaiflashtirish, boshqaruvni tortib olish va kuchli markazlashgan davlatga aylanishga yoʻl qoʻymaslik — bu Isroil milliy xavfsizligi uchun zarur edi”, deb aytgan.
“Janubiy Sudandagi Mossad missiyasi” (agent Devid Ben-Uziel) va Moshe Farajiyning “Isroil va Janubiy Sudan ozodlik harakati” asarlarida:
Isroilning janubiy Sudan isyonchilariga koʻrsatgan harbiy, siyosiy va iqtisodiy yordami: qurol etkazib berish, mutaxassislar yuborish, oʻn minglab askarni tayyorlash, koʻpriklarni portlatish, shaharlarni bosib olish, infratuzilmalarni izdan chiqarish kabi ishlari batafsil yoritiladi.
Farajiy quyidagilarni Isroilning muvaffaqiyatlari sifatida koʻrsatadi:
Arab musulmon dunyosining Sudan hukumatiga koʻrsatayotgan yordamini toʻxtatgani.
Janglei kanali qurilishini toʻxtatishi. Bu loyiha Misr va Sudanni 5 mlrd kub metr suv bilan taъminlashi kerak edi, lekin Isroil janubliklarni bu loyiha ularga xavf solishiga ishontirgan.
Janubliklar orasida milliy ongni uygʻotish va ularni shimoldan ajralish qaroriga unday olgani.
Ushbu hujjatlardan xulosa qilish mumkinki, Isroil Sudanni boshidan strategik dushman deb bilgan va unga qarshi ichki mojarolarning davomiyligini taъminlashga qaratilgan siyosat yuritgan.
Avi Dixter yana shunday deydi:
“Darfur inqirozini aynan biz yaratdik va kuchaytirdik, chunki Sudan oʻz salohiyatini safarbar etishga ulgurmasligi kerak edi. Biz Janubda boshlagan strategiyamizni hozir Gʻarbda davom ettiryapmiz. Bu esa Sudandagi davomiy inqiroz va boʻlinishga olib keldi. Natijada Sudan bir necha qismlarga ajralib ketdi”.
Xulosa qiladigan boʻlsak, Isroilning Sudan boʻyicha strategik siyosati quyidagicha:
- Misrni janubiy qoʻshnisi orqali zaiflashtirish va har qanday hamkorlikning oldini olish.
- Sudanni ichki mojarolar bilan band qilib, etnik va diniy guruhlar oʻrtasidagi nizolarni kuchaytirish.
- Sudan oʻzining boy resurslaridan foydalana olmasligi uchun uni markazlashgan kuchli davlatga aylanishga yoʻl qoʻymaslik.
- Sudanning chekka hududlarini zaiflashtirish yoki “kesib tashlash” orqali uni boʻlaklarga boʻlish.
Avi Dixterning iborasi bilan aytganda "zaif va parokanda Sudan — kuchli va taъsirli Sudandan afzal.”
Isroilning maqsadi faqat urushlarni qoʻzgʻatish emas edi — u xalqaro tashkilotlar orqali Sudanga nisbatan diplomatik bosimni kuchaytirishga ham harakat qildi. Darfur mojarosi avjiga chiqqan davrda yahudiy tashkilotlari butun dunyo boʻylab 180 dan ortiq tashkilotdan iborat koalitsiya tuzib, "Darfurdagi genotsid” gʻoyasini ilgari surdi. Bu tashabbuslar AQShdagi Xolokost muzeyi va Save Darfur jamgʻarmasi, hamda Yahudiy xalqaro xizmat agentligi homiyligida olib borildi. Natijada Sudan masalasi Xalqaro jinoiy sudgacha etib bordi.
Bugungi kunda RSF tomonidan boshlangan urushda Isroil yana sahna ortidagi eng faol ishtirokchilardan biri sifatida paydo boʻldi.
Bu urush Sudan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgach va Hamdok boshchiligidagi oʻtish hukumatining “Ibrohim kelishuvlari”ga qoʻshilganidan soʻng boshlangan. Isroil Xartum bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirdi, ayniqsa urushni choʻzish niyatini yashirish maqsadida tomonlar oʻrtasida vositachi boʻlishni ham taklif qildi. Sobiq tashqi ishlar vaziri Eli Koen vositachilik harakatlarini tasdiqlagan boʻlsa-da, bu borada boshqa hech qanday maъlumot berilmagan. Bu Isroilning aslida har ikki tomonni zaiflashtirishga intilayotganini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, urush boshlanganidan soʻng Middle East Eye saytida “Isroil Sudandagi urushda qanday gʻalaba qozonmoqchi?” sarlavhali maqola chop etildi. Unda aytilishicha, Isroil Hemedtining Liviyadagi musulmonlarga qarshi xizmatlaridan mamnun boʻlgan va u Sudan armiyasi ichidagi musulmonlarni yoʻq qilishga vaъda bergan.
Soʻnggi vaqtlarda, hukumat armiyasi ustunlikka erisha boshlaganida, Isroil vakillari Sudanni Eron bilan aloqada aybladi. Uni “Afrikadagi HAMAS” deb atagan va toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni talab qila boshladilar. Sudan rahbariyati endi tashqi siyosatni qayta koʻrib chiqib, bu xiyonat rejalarini fosh qilish va yoʻqqa chiqarish uchun strategik ittifoqchilardan yordam soʻrashi zarur.