03.07.2025 08:27
41

Ozarbayjon va Rossiya oʻrtasidagi adovat qachon paydo boʻldi?



Rossiya va Ozarbayjonning zamonaviy davlatlararo munosabatlaridagi koʻplab  muammolari SSSR tarqalishi davrida boshlangan. Qorabogʻ mojarosining dastlabki yillarida Ozarbayjon jamiyati Rossiyaga nisbatan ancha moyil edi. Biroq 1990 yilning yanvarida Sovet qoʻshinlarining Bokuga kiritilishi Ozarbayjonda Rossiyaga boʻlgan munosabatga salbiy taъsir koʻrsatdi. Aynan 1990 yil 20 yanvarda Moskva aslida Ozarbayjonni yoʻqotdi. Ozarbayjonda “Qora yanvarь” nomini olgan ushbu voqea ozarbayjonliklarning jamoatchilik ongida Rossiyaga qarshi qarashlarning boshlanishiga turtki boʻldi. 1992 yil fevralida Xoʻjayli shahriga qilingan hujum ikki tomonlama munosabatlarga yana bir zarba boʻldi. Oʻshanda Qorabogʻda joylashgan 366-sonli Rossiya motooʻqchi polki armanlar tomonida turib, ozarbayjonlarni oʻldirdi. Qisqa vaqt ichida (1988 yil fevralidan 1992 yil fevraligacha) mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashib ulgurdi.

1992 yil bahorida Ozarbayjonda Rossiyaga qarshi kayfiyat fonida Xalq fronti hokimiyatga keldi. Uning etakchisi - Rossiyaga qarshi qarashlari bilan tanilgan Abulfaz Elchibey mamlakat prezidenti boʻldi. Hokimiyat almashinuvi bilan Ozarbayjon ham tashqi siyosiy yoʻnalishini Gʻarbga oʻzgartirdi. Rossiyani Qorabogʻ mojarosida Armanistonni qoʻllab-quvvatlaganlikda aybladi va MDHga kirishdan bosh tortdi. Turkiya va Gʻarb bilan yaqinlashish kursi olindi. Bu Moskvaning salbiy reaktsiyasiga sabab boʻldi. Rossiya Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjon hududlarining bosib olinishini qoralaganiga qaramay, u armanlarni qurol bilan taъminlashda davom etdi. Armanistonning harbiy gʻalabalaridan Ozarbayjonda Kremlga moyilroq hukumatning hokimiyatga kelishini taъminlash uchun foydalandi. 1993 yilda hokimiyatga kelgan Haydar Aliev Moskvaga tashrif buyurdi. U tashrifini “respublikaning avvalgi rahbariyati tomonidan Rossiya bilan oʻzaro munosabatlarda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish” deb taъrifladi. Tashrif davomida Aliev Ozarbayjonning MDHga kirishini yoqlab chiqdi va Ozarbayjon Milliy Majlisi respublikaning MDHga qoʻshilishi toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Rossiya Ozarbayjon-Turkiya va Ozarbayjon-Eron chegaralarini qoʻriqlashi toʻgʻrisida ham kelishuvga erishildi. Biroq 1994 yil oxiriga kelib, Aliev Rossiya chegara qoʻshinlarini kiritishga rozilik bermadi. MDH aъzosi boʻlgan Ozarbayjon mamlakatda siyosiy barqarorlikni mustahkamlashga har tomonlama toʻsqinlik qilayotgan Qorabogʻdagi urushni toʻxtatishda Rossiya yordam berishiga umid qilgan edi. Afsuski, Moskvaning qurolli mojaroni toʻxtatishdagi sustkashligi, shuningdek, qarshi tarafning mamlakat hududining bir qismini yangidan bosib olishi Ozarbayjon rahbariyatining yana Gʻarb bilan yaqinlashishga sabab boʻldi. 

Rossiya-Ozarbayjon munosabatlaridagi doimiy gʻazab manbai Moskvaning Erevan bilan harbiy hamkorligi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Boku buni Armaniston foydasiga vaziyatni beqarorlashtirishga urinish sifatida baholaydi. 

1999 yilda Demokratiya va iqtisodiy taraqqiyot uchun mintaqaviy tashkilot - GUAM tashkil etildi, unga Ozarbayjon ham kirdi. GUAMning oʻziga xos xususiyati shundaki, bu konstruktiv manfaatga ega davlatlarning birlashuvi emas, balki Rossiya taъsiridan va sovet merosidan ozod boʻlishga intilayotgan mamlakatlarning ittifoqi edi. Shu bilan birga, Ozarbayjon Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) chiqishga qaror qildi va oʻz pozitsiyasini MDH doirasidagi harbiy blok Qorabogʻ mojarosi davrida oʻzining samarasizligini isbotlagani bilan izohladi. Oʻzaro ayblovlar va norozilik notalari toʻxtamaganligi sababli, mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar boshi berk koʻchaga kirdi.

Qizigʻi, bugungi kunda ham 44 kunlik urush davrida Armanistonni qoʻllab-quvvatlamagani uchun Erevan KXShT dan chiqishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Ozarbayjonning Ukraina masalasida tutgan pozitsiyasi ham Moskvani gʻazalantirmoqda. 2014 yil 27 mart kuni BMTda 68/262-sonli rezolyutsiya qabul qilinishida Ozarbayjon Ukrainaning hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlab ovoz berdi va Rossiya tomonidan Qrim va Sevastopolni anneksiya qilinishini noqonuniy deb atadi. 2017 yilda Moskva Rossiya qonunchiligiga muvofiq kelmasligi bahonasi bilan RFda 2001 yildan beri faoliyat yuritib kelgan, prezidentlar Vladimir Putin va Haydar Aliev tomonidan birgalikda ochilgan Butunrossiya Ozarbayjon kongressini yopdi. 2020 yil 9 noyabrda Ikkinchi Qorabogʻ urushi paytida Armaniston hududida, Ozarbayjon bilan chegarada Rossiyaning Mi-24 vertolyoti urib tushirildi, natijada ikki uchuvchi halok boʻldi, yana biri jarohat oldi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi vertolyot mamlakat harbiylari tomonidan urib tushirilganini maъlum qildi va hodisa uchun uzr soʻradi. 2020 yil 10 noyabrda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev oʻrtasida Togʻli Qorabogʻda oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bayonot imzolandi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli bosqini boshlanishida Ozarbayjon Rossiya-Ukraina ehtimoliy muzokaralarida vositachi boʻlishga tayyorligini bildirdi. Moskva bilan aloqalarni saqlab turish zarurati tufayli Boku Rossiya Federatsiyasini ochiq qoralamadi. Ayni paytda Ozarbayjon Ukrainaga muntazam ravishda insonparvarlik yordamini yuboradi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan koʻp oʻtmay Rossiya va Ozarbayjon oʻrtasida media urushi boshlandi. Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushni goʻyoki “notoʻgʻri yoritgani” uchun Ozarbayjonning yangiliklar saytlariga kirishni yopdi, 2022 yil 6 mart kuni Rossiyaning Xarьkovga bergan aviazarbasi natijasida Ozarbayjonning faxriy konsulligi binosiga zarar etgani maъlum boʻldi. Ozarbayjon parlamenti deputatlari Fazail Agamali va Jayxun Mamedov hujumni qoraladilar; konsullik Rossiyadan izoh talab qildi. Vaholanki, 2022 yil 22 fevralda tomonlar diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Rossiya va Ozarbayjon oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida Moskva deklaratsiyasini imzolagan edilar.

2024 yil dekabrь oyida Rossiya Ozarbayjonning fuqarolik samolyotini urib tushirdi, natijada 39 kishi halok boʻldi, ularning aksariyati Ozarbayjon fuqarolari edi. Shundan soʻng ikki mamlakat rasmiylari darajasidagi janjallar yuzaga keldi, bu esa munosabatlarning sovuqlashishiga olib keldi. Ilhom Aliev ham Moskvaga Ulugʻ Vatan urushidagi Gʻalabaning 80 yilligini nishonlash tadbiriga tashrifini bekor qildi. 2025 yil iyunь oyida Rossiya xavfsizlik kuchlari etnik ozarbayjonlarni hibsga oldi, ular 2001 yildan 2011 yilgacha sodir etilgan qotillik va suiqasdlarda gumon qilingan edi. Hibsga olish chogʻida ikki nafar ozarbayjonlik: Guseyn va Ziyoddin Safarovlar halok boʻldi, qolganlari ogʻir jarohatlar oldi. Ozarbayjon Rossiyaning ozarbayjonlarga nisbatan harakatlariga norozilik bildirdi, Ozarbayjonda rossiyaliklarning barcha madaniy tadbirlari, shuningdek, parlamentlararo uchrashuv, Rossiya Bosh vazirining oʻrinbosari tashrifi bekor qilindi.

Janubiy Kavkaz — bu turli vaqtlarda koʻplab jahonning qudratli davlatlari kurashgan hudud, va hozirgi vaqt ham bundan mustasno emas. Bu mintaqada taъsir oʻtkazish uchun Rossiya, Eron, Turkiya va Gʻarb doimiy ravishda kurashib kelgan. Tabiiyki, Rossiyani bu mintaqadan, Armanistondan, Ozarbayjondan chiqarib tashlashni istaydigan kuchlar ham yoʻq emas. Bugungi kunda Rossiyaning mintaqagi taъsiri zaiflashishidan manfaatdor boʻlgan bir necha davlat bor. Xususan, Moskvaning Janubiy Kavkazdan chiqarib yuborilishini Qoʻshma Shtatlar va Britaniya ham qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻtmishdagi bosqinchilik harakatlari, bugun Krmelning “katta ogʻalik”ka oid daъvolari tufayli Ozarbayjon allaqachon Rossiyaning dushmanlari safida. Gap shundaki, Ozarbayjonning mafkurasi — bu kichik, lekin buyuk millatni qurish mafkurasidir, u doimo kengayib, bir vaqtlar bu davlatning tarixiy asosi boʻlgan hududdan begona unsurlarni chiqarib tashlashga qaratilgan. Vaziyatga britaniyaliklar, koʻrinishidan, Evropa Ittifoqi va Qoʻshma Shtatlar ham taъsir qilmoqda. Tabiiyki, bu erda Ozarbayjonning Isroil bilan katta va yaqin aloqasi ham muhim rol oʻynaydi.

Ukraina frontida oʻzgarish yasay olmayotgan Gʻarb Ozarbayjon orqali Rossiyaga qarshi ikkinchi front ochishni istashi ham turgan gap. Qisqasi, biz Rossiyaga qarshi keng koʻlamli siyosiy demarshni kuzatmoqdamiz, bu allaqachon qurolli mojaro kelib chiqishi uchun etarli. Rossiya hozirgi vaziyatidan kelib chiqib oʻta ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Aynan shuning uchun Moskva Bokuga qarshi keskin javob qaytarmayapti. Boshqa tomondan, Moskvaning ham tili qisiq joylari bor. Ozarbayjonning neftь va gaz kompaniyasi RFning energetik resurslarini Evropa bozorlariga oʻziniki sifatida sotib beryapti. Ikkinchidan, Rossiya “Shimol-Janub” transport yoʻlagini ochish ustida ish olib bormoqdaki, Ozarbayjon Rossiyaga tranzit vazifasini oʻynashi kutilmoqda.

Rossiyada ozarbayjonliklar guruhining qoʻlga olinishi 2025-yil 26-martda Rossiya fuqarosi — talish jamoat arbobi Zahiriddin Ibrohimiyning sirli ravishda gʻoyib boʻlishiga javob reaktsiyasi boʻlishi mumkin. Ibrohimiy Sverdlovsk viloyatida sirli ravishda gʻoyib boʻldi va keyinchalik Ozarbayjon qamoqxonasida paydo boʻlib qoldi. Bu Moskva va Rossiya maxsus xizmatlariga berilgan qattiq tarsaki boʻldi. Gumonlar darhol Ozarbayjon maxsus xizmatlariga tushdi, ularga aynan mahalliy uyushgan jinoiy guruh vakillari yordam bergan boʻlishi mumkin, degan taxmin paydo boʻldi. Qoʻlga olinganlar 2021-yilda Uralda alkogoldan ommaviy zaharlanishga aloqadorlikda ayblanmoqda, oʻshanda 40 ga yaqin odam halok spirtli ichimliklar isteъmolidan halok boʻlgan edi.

Tahlilchilar Moskva taъsirining asosiy vositasi — Ozarbayjon iqtisodiyotiga jiddiy zarar etkazishi mumkin boʻlgan savdo cheklovlari boʻlishi mumkin. Davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni hisobga olsak, bunday choralar Boku uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yoʻq emas. Bunga javoban Ozarbayjon mamlakat hududida ishlayotgan rossiyalik jurnalistlarga bosimni kuchaytirishi, shuningdek, Ukrainaga harbiy yordamni oshirishi mumkin. Ammo bu  yangilik emas, Aliev bir necha yildan beri Ukrainaga yordam berib kelmoqda. Mamlakatdagi muxolif va xorjiy OAVga nisbatan Boku hokimiyatining murosasiz ekanligini butun dunyo yaxshi biladi. Umuman olganda, Ekaterinburg voqeasi ortida qandaydir juda yashirin hisob-kitoblar bor — chunki chorak asrlik eski, ochilmagan ishni shunchaki endi yodga olish kimgadir kerak boʻlib qolgan. Bu erda Rossiya-Ozarbayjon munosabatlariga zarar etkazish uchun siyosiy markazdan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatma yoʻq. Ammo jiddiy siyosiy qarama-qarshilik ortida qanday sabablar yotganidan qatъiy nazar, Ekaterinburgda sodir etilgan Rossiya huquq tartibot organlari harakatini oqlab boʻlmaydi. Ular haddan tashqari kuch ishlatish, muhojirlarni haqoratlash va kamsitish orqali Rossiya federal qonunlari va halqaro huquq meъyorlarini buzishdi. RF politsiyasining noqonuniy hurmacha qiliqlari birinchi marotaba yuz berayotgani yoʻq. Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston mehnat muhojirlariga nisbatan huqubuzarliklar takror va takror sodir etilyapti.    

Mavzuga aloqador