10.05.2025 17:27
313

Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?

Pokiston oʻz harbiylari mamlakatning turli shaharlariga hujum qilgan 25 ta hind dronini urib tushirishga erishganini maъlum qildi. Uchuvchisiz apparatlar hujumi Hindiston harbiylarining Pokistonga uyushtirgan havo zarbasidan keyin sodir boʻldi.


“Bu Hindistonning navbatdagi harbiy tajovuzidir,” – dedi Pokiston armiyasining rasmiy vakili Ahmad Sharif Chaudxri.


Hindiston esa, oʻz navbatida, oʻz hududiga yaqinlashayotgan Pokiston dronlari va raketalarini “zararsizlantirganini” taъkidladi.


Bu ikki davlat armiyalari harbiy qudrati jihatidan qanday nisbatda?


Dronlar


Ikkala mamlakat ham dronlar parkini kengaytirmoqda – bu ham import hisobiga, ham oʻz texnologiyalari va ishlab chiqarishini rivojlantirish orqali amalga oshirilmoqda. Hozirda donlar soni boʻyicha Hindiston etakchilik qilyapti. BBC harbiy eksperti Rahul Bedining aytishicha, ikki-toʻrt yil ichida Hindiston armiyasi 5000 ga yaqin dronga ega boʻladi.


2024 yilda Hindiston AQSh Davlat departamenti bilan 31 ta MQ-9B SkyGuardian jangovar va SeaGuardian dengiz dronlarini xarid qilish toʻgʻrisida kelishuv imzoladi.


Pokistonda Hindistonga qaraganda kamroq dron boʻlsa-da, uning harbiy dronlari kuzatuv, razvedka va aniq zarba berish kabi turli xil imkoniyatlarga ega.


Pokiston dronlarining asosiy afzalligi ularni jang harakatlarida qoʻllash boʻyicha toʻplangan tajribadir. Masalan, Pokistonning “Buraq” uchuvchisiz apparati 2015 yildan beri terrorizmga qarshi operatsiyalarda muvaffaqiyatli ishlatib kelinmoqda.


Pokiston Hindiston singari eng zamonaviy dronlarni faol ravishda import qilmoqda – asosan Turkiya va Xitoydan.


Harbiy xarajatlar va armiyalar soni


Hindiston armiyasining soni 1,4 million kishini tashkil etadi, mamlakat Global Firepower Index mustaqil reytingiga koʻra, harbiy jihatdan eng qudratli davlatlar orasida toʻrtinchi oʻrinda turadi. Pokiston armiyasi ancha kichik boʻlib, 654 ming harbiy xizmatchidan iborat.


Stokgolьm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga koʻra, 2024 yilda Hindistonning mudofaa xarajatlari Pokistonnikidan toʻqqiz baravar koʻp boʻlgan.


Quruqlikdagi qoʻshinlarga kelsak, Hindistonda 4200 dan ortiq tank va 1,5 million zirhli texnika mavjud. Pokistonda esa 2600 dan ortiq tank va 18 000 dan kam zirhli texnika bor.


Hindiston harbiy-havo kuchlari ixtiyorida 2229 ta samolyot, jumladan 513 ta qiruvchi va 130 ta bombardimonchi samolyot mavjud. Global Firepower Index maъlumotlariga koʻra, Pokistonda 830 ta kamroq samolyot bor.


Hindiston harbiy-dengiz kuchlari ixtiyorida 293 ta kema boʻlib, bu Pokistonnikidan ikki baravar koʻpdir.


Raketalar va yadroviy qurollar


Pokistonning raketa dasturi Hindistonnikidan biroz orqada boʻlib, u qanotli va ballistik operativ-taktik raketalarni, shuningdek oʻrta va qisqa masofali raketalarni oʻz ichiga oladi.


Hindiston kengroq raketa turlariga ega: bular 250 dan 600 kilometrgacha boʻlgan “Prithvi” raketalari; 1200 dan 8000 kilometrgacha boʻlgan “Agni” seriyali raketalar, shuningdek “Nirbhaya” va “Brahmos” seriyali qanotli raketalar.


Hindistonda turli masofaga uchuvchi raketalarning mavjudligi mamlakatning Xitoyni tiyib turish niyatini koʻrsatadi, chunki u bilan ham hududiy nizolar mavjud.


Biroq raketalar toʻplamining xilma-xilligi Hindiston Pokiston ustidan osongina gʻalaba qozonishi mumkinligini anglatmaydi – ikkala davlat ham yadro quroliga ega ekanligini unutmaslik lozim.


SIPRI baholashiga koʻra, Hindistonda 172 ta, Pokistonda esa 170 ta yadro kallagi mavjud.


Ammo ushbu yadro kallaklarining qanchasi ikki mamlakatda jangovar holatda ekanligi haqida ishonchli maъlumotlar mavjud emas. 


Pokiston ayni paytda Hindiston bilan raqobatlashish uchun yadro qurolini ishlab chiqmoqda, Hindiston esa Xitoyga ham yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan uzoq masofali raketalar yaratishga eъtibor qaratyapti.


Ehtimoliy mojaroning oqibatlari halokatli boʻlishi mumkin, negaki Hindiston va Pokistonning qoʻshnisi Xitoy ham oʻz yadroviy arsenalini 22 foizga oshirib, jangovar kallaklar sonini 410 tadan 500 taga etkazdi.


Bu mojaradagi xatar juda yuqori, shu sababli xalqaro hamjamiyat ikkala mamlakatni ham vazminlik bilan ish tutishga chaqirmoqda.


Manba: BBC

Mavzuga aloqador