12.05.2025 17:39
226

Frantsiyada musulmonlar uchun xatarsiz joy qolmadi

Oʻtgan oy oxirida Frantsiya janubidagi masjidda asli malilik boʻlgan qora tanli yosh musulmon Abubakr Sisse oʻldirilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.


Dastlab ommaviy axborot vositalarida shaxsiy nizo sifatida tasvirlangan bu voqea tez orada boshqacha tus oldi, chunki mahalliy prokuror bu ish "islomofobik maъnodagi harakat" oʻlaroq tekshirilayotganini eъlon qildi.


Sisse shunchaki oʻldirilmadi, balki muqaddas joyda nishonga olindi. Juma namozi uchun masjidni tozalagandan soʻng kuzatuv kameralarida u boshqa bir erkakka namoz oʻqishni oʻrgatayotgani koʻrinadi. Sisse sajdaga bosh qoʻyganida, narigi odam oʻzini namoz oʻqiyotgandek koʻrsatib, yonidan pichoq chiqardi va unga 57 marta pichoq urdi hamda islomofobik haqoratlar bilan baqirdi.


Bu voqea yuzaga keltirgan ruhiy jarohat juda chuqur. Kadrlar eъlon qilinganidan beri har bir tafsilot musulmonlar jamoasining umumiy qaygʻusini yanada kuchaytirdi va qattiq gʻazabini qoʻzgʻatdi.


Koʻpchilik qatori men ham bir savolni qayta-qayta oʻzimga berdim: biz buning oldini olishimiz mumkinmidi?


Hayratda qoldim, deyishni istardim. Ammo musulmon yoshlari va talabalar guruhlarining umumevropa tarmogʻiga rahbarlik qiluvchi, oʻzini ochiq namoyon etuvchi musulmon frantsuz ayoli sifatida biz ogohlantirish belgilarini yillar davomida koʻrganimizni bilaman. Bu belgilar ataylab eъtiborsiz qoldirildi.


Sisse yosh, qora tanli va musulmon edi. U boshqalar xotirjamlik topadigan,  asrab-avaylovchi maskanda koʻplab odamlar singari oʻz jamoasiga sokin xizmat qilardi. Shu bilan birga, u siyosiy nafrat savdogarlari yillar davomida insoniylikdan mahrum etishga uringan barcha xususiyatlarni oʻzida mujassam etgandi.


Oʻn yillar davomidagi mutaassiblik


Hatto aniq videodalillar boʻlishiga qaramay, koʻpchilik hali ham bu voqeani islomofobiya va qora tanlilarga qaratilgan irqchilikning kesishgan nuqtasidagi nafrat jinoyati sifatida tan olishdan bosh tortmoqda. Bu shaxsiy janjal emas, balki oʻnlab yillar davomida meъyorga aylangan mutaassiblikning muqarrar oqibati edi.


Bu ish boʻyicha asli Bosniyadan boʻlgan frantsuz fuqarosi qoʻlga olingan. Uning advokati Sissening dini tufayli nishonga olinganini rad etadi, ammo Frantsiya Musulmonlar kengashi vitse-prezidenti Abdulla Zekrining fikricha, dalillar aniq: "Bu islomofobik jinoyat, Frantsiyada bizning jamoamizga qarshi sodir etilgan barcha jinoyatlarning eng dahshatlisi".


Gap bir aqldan ozgan odam haqida emas. Bu betaraflik niqobiga oʻrangan davlat siyosati, musulmonlarni tahdid sifatida koʻrsatuvchi ommaviy axborot vositalari va musulmon talabalar, ishchilar hamda oilalar duch keladigan kundalik kamsitishlarni oʻz ichiga oladigan butun bir nafrat tizimi haqida.


Sisse kabilan masjidlarda oʻldirilishi mumkin boʻlgan Evropa oʻzini tenglik, erkinlik va inson huquqlari ittifoqi deb atay olmaydi.


Sissening shafqatsizlarcha oʻldirilishi istisno emas, balki qoʻrquvni ovozga, fuqarolarni nishonga aylantiradigan siyosiy loyihaning mantiqiy yakunidir.


Frantsiyada hijobli musulmon ayolning ishga joylashish imkoniyati 80 foizga kam boʻlsa, musulmon maktablari nohaq tekshiruvlarga duchor boʻlsa va erkak oʻz masjidida oʻldirib ketilishi mumkin boʻlsa, Frantsiyaning hech qaerida musulmonlar uchun haqiqiy xavfsizlik yoʻq, deb ochiq ayta olamiz.


Biz yillar davomida bong urdik. Muloqot, himoya va hurmat talab qildik. Ammo bizning chaqiriqlarimiz yopiq eshiklar va institutsional chetlatish bilan qarshi olindi.


Bu endi siyosiy harakatsizlik emas. Bu sheriklikdir.


Yana qanchasi oʻlishi kerak? 


Butun Frantsiya boʻylab odamlar Sisseni xotirlash uchun oʻzlaridan bilib toʻp-toʻp boʻlib koʻchalarda toʻplanmoqdalar. Va bu birinchi marta sodir boʻlayotgani  yoʻq. 


2009 yilda Marva al-Sherbini oʻldirilgandan soʻng biz soʻradik: yana qanchasi? 2017 yilda Makram Ali oʻldirilgandan keyin yana soʻradik: yana qanchasi? Ammo endi Sissening vahshiylarcha oʻldirilishidan soʻng biz soʻrashni bas qildik. Biz endi hayqiramiz: etar, bas!


Islomofobiya tizimli tahdid sifatida tan olinishi uchun yana qancha odamning hayotiga zomin boʻlishi kerak? Evropa musulmonlarining xavfsizligi muhokamasiz siyosiy ustuvorlikka aylanishi uchun yana qancha masjidlar jinoyat maydoniga aylanishi kerak?


Bizga rasmiyatchilik uchun oʻtkaziladigan maslahatlashuvlar va quruq bayonotlar emas, balki shoshilinch va tizimli oʻzgarishlar kerak. Islomofobiyaga qarshi kurashish musulmonlarga tahdid sifatida emas, balki Evropani shakllantirishda teng huquqli hamkor sifatida munosabatda boʻlishni anglatadi. Bu islomofobiyani oddiy diniy murosasizlik emas, balki mustamlakachilik merosiga asoslangan irqchilik shakli oʻlaroq tan olishni taqozo etadi.


Evropa Ittifoqining irqchilikka qarshi strategiyasi musulmon jamoalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi lozim. U kamsitishning koʻp qirrali tabiatini tan olishi va islomofobiyani irqchilikka qarshi keng qamrovli kurashdan ajratib qoʻymaslik kerak.


Agar biz islomofobiyaning qora tanlilar va boshqa ozchilikka qarshi kamsitish hamda tizimli izolyatsiya bilan qanday bogʻliqligini eъtiborsiz qoldirsak, eng zaif qatlamlar Evropaning befarqligi uchun aziyat chekishda davom etadilar.


Qaygʻu, qoʻrquv va gʻazabga qaramay, masjidlar xuddi Sisse oʻrnak boʻlganidek, ochiqlik va qadr-qimmat maskani boʻlib qolaveradi. Buning uchun biz yoshlarimiz, kelajagimiz va Evropa gʻoyasi oldida masъulmiz.


Zero, Sisse oʻz masjidida qatl etilishi mumkin boʻlgan Evropa oʻzini tenglik, erkinlik va inson huquqlari ittifoqi deb atashga haqli emas. 


Hania Jalal, Evropa musulmon yoshlar va talabalar tashkilotlari Forumi (FEMYSO) prezidenti

Mavzuga aloqador