24.07.2024 16:13

Frantsiya musulmonlarga nafratini yana bir bor namoyish etdi: Olimpiadada hijob taqiqlandi

Frantsiya hech qachon sportda ochiq kiyishni taqiqlamaydi, lekin u Olimpiada oʻyinlarida ayollarning yopiqroq kiyim kiyishini bemalol taqiqlamoqda. Bu madaniy va diniy qadriyatlarga asoslangan yaqqol jinsiy kamsitishdir.

Dunyo ahli Islomni odatda «adolatsiz», xossatan ayollar uchun «zulmkor» din deb tushunadi. Bunday islomofobcha choʻpchak nafaqat mantiqsiz, balki Islomni jiddiy va qasddan notoʻgʻri talqin qilish hamdir. Frantsiya yaqinda musulmon ayollarni bu yilgi Olimpiadada hayoni ifodalovchi va erkaklar nazaridan himoyalovchi libos boʻlgan hijob kiyishdan toʻsdi. Odatda hijoblanish zulm bilan bogʻlanadi, holbuki aslida u musulmon ayollarning oʻzlari uchun amalga oshiradigan ongli tanlovidir.

Frantsiya ancha vaqtdan buyon umumiy aholisining 10 foizini tashkil etuvchi musulmonlarga islomofobik munosabatda boʻlib keladi. Xususan, 2004 yilda Frantsiya Senati davlat maktablarida roʻmol oʻrashni taqiqlovchi qonun loyihasini qabul qildi. Bu 2010 yilda musulmon ayollarga burqa kiyishni cheklovchi boshqa bir taqiqqa olib keldi. 2017 yilda oʻtkazilgan tadqiqotlarda frantsiyaliklarning 69 foizi Islomni Frantsiya uchun mos kelmaydigan din deb hisoblashi, shu bilan birga, 75 dan ortiq masjid Frantsiya hukumati tomonidan qattiq kuzatuv ostida ekani oydinlashdi. Musulmonlarni ish joylarida kamsitish holatlari ham keng tarqalgan boʻlib, xristianlarga qaraganda musulmonlarning ish topish ehtimoli ikki baravar kam. Bu chuqur ildiz otgan islomofobiya hodisalari tasodif yoki shunchaki xato emas. Bu Frantsiyada musulmonlarni boshqa din vakillaridan ajratish maqsadida ularni tahqirlash va kamsitishga qaratilgan ongli harakatdir.

Frantsiya sport vaziri Ameli Oudea-Kastera Olimpiadada hijob taqiqlanishini oʻtgan yili eʻʻlon qilgan edi. Frantsiya bu yil Olimpiadani oʻtkazayotgani sababli, tashkiliy qoʻmita yana bir bor musulmonlarni nishonga olish imkoniyati borligini payqadi. Olimpiada oʻyinlari yaqinlashishi bilan qarshilik kuchayib bormoqda, chunki Frantsiya nafaqat Inson huquqlari boʻyicha xalqaro deklaratsiyani, balki irq, rang, jins va din asosida kamsitishni taqiqlovchi Olimpiada Nizomini ham buzdi. Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) kamsitishga qarshi qadriyatlarni himoya qilganiga qaramay, tashkilot Frantsiyaning musulmon sportchilar uchun hijobni taqiqlash qarorini qoralash borasida jiddiy chora koʻrmadi. XOQ faqatgina Frantsiyaning sportda hijobni taqiqlashini Olimpiya harakatining vakolat doirasidan tashqari ish deb hisoblaydigan bayonot bilan chiqdi va «din erkinligi turli davlatlar tomonidan turlicha talqin etilishini» qoʻshimcha qildi.

Olimpiya oʻyinlari insonning kiyim tanlash uslubini aks ettiruvchi diniy qadriyatlar emas, balki mushak kuchi va sport mahoratining oʻlchovidir. Frantsiyaning bu yilgi Olimpiada davrida jinsiy tenglikka erishishda ilgarilash hamda erkaklar va ayollar nisbatida 50:50 darajasiga erishish haqidagi daʻʻvosi koʻp jihatdan ikkiyuzlamachilikdir. Ayollarni oʻzlari tanlagan kiyimni kiyish huquqidan cheklash orqali jinsiy tenglikka erishish mumkin emas. Frantsiya hech qachon sportda ochiq kiyishni taqiqlamaydi, lekin u Olimpiada oʻyinlarida ayollarning yopiqroq kiyim kiyishini bemalol taqiqlamoqda. Bu madaniy va diniy qadriyatlarga asoslangan yaqqol jinsiy kamsitishdir.

Frantsiya hukumatining mamlakatda yashayotgan millionlab musulmonlarga nisbatan nega bu qadar shafqatsiz munosabatda boʻlishi juda tushunarsiz masala. Madaniy stereotiplar va ommaviy axborot vositalarining doimiy notoʻgʻri talqinlari islomofobik zoʻravonlikni kuchaytiruvchi asosiy omillardir. Xuddi shunday, Frantsiyaning musulmonlarga qarshi siyosati va oʻtmishdagi notoʻgʻri xatti-harakatlari musulmonlar haqidagi jamoatchilik fikrini salbiy tomonga oʻzgartirishda etakchi rolʻ oʻynaydi.

Mavzuga aloqador