01.08.2025 17:02
43
Falastinning tan olinishidan kim manfaatdor?
HAMAS uchun eng qadrli sovgʻa bu – Falastinni bir nechta davlatlar tomonidan ramziy koʻrinishda tan olinishi emas.
Eъtibor bersak, Mahmud Abbos Isroil va AQShni qanchalik xotirjam qilishga urinmasin, sionistlar Falastin maъmuriyatini haqorat qilish, zaiflashtirish, unga nisbatan sanktsiyalar joriy qilish va iqtisodiy inqirozga uchratish harakatlaridan toʻxtamayapti.
HAMASning qurolli qarshilikni legallashtirishdagi asosiy dalili – bu shundan iboratki: kuch ishlatmay kurashish, axborot targʻiboti, fuqarolik itoatsizligi, xalqaro sudlar, diplomatiya, tinchlik jarayonlari – bularning barchasi befoyda. Agar shularga urinsangiz, Isroil va AQShdan shunchaki tarsaki eysiz, dunyo esa sizga emas, bosqinchiga ogʻishadi, natija esa – nolь.
HAMAS oʻz yoʻlini legalashtirishda asosiy misol sifatida shunga ishora qiladi: Mahmud Abbos Isroilni tan oldi, kuch ishlatib kurashishdan voz kechdi, intifodalarni bostirdi, hatto oʻz hamyurti boʻlgan falastinliklarga qarshi AQSh va Isroil bilan hamkorlik qildi. Biroq Abbos xoinligi evaziga hech vaqo olmadi. Aksincha, uni Netanyaxu va Tramp maъmuriyati doim tahqirlab keldi, moliyaviy jazoga tortib, unga nisbatan sanktsiyalar joriy qildi, uni zaiflashtirdi va demonizatsiya qildi — hatto Gʻazoda genotsid sodir boʻlayotganida ham uni aybladi.
Falastinlik halim va tinch yoʻl tarafdorlari shunday holatlarda hamisha legitimlikdan mahrum boʻlib keladi.
Bizdan doim soʻrashadi:
"Isroil va Gʻarb oldida oʻzingizni pastga urishingiz, xiyonatkorlik va ularni xotirjam qilishga urinishlaringiz natijasida hech boʻlmasa bitta yaxshilik boʻldimi?"
Falastin maъmuriyati va Isroil oʻrtasidagi yillar davomidagi hamkorlik:
- Isroilning erlarni tortib olishini,
- Yahudiy koʻchmanchilarining kengayishini,
- Har kuni amalga oshiriladigan koʻchmanchilar hujumlarini,
- Gʻazoning yigirma yillik qamalini,
- Va genotsidni toʻxtata olmadi.
Evropa va AQSh hukumatlari Falastin maъmuriyati va falastinlik tinchlik tarafdorlariga hurmatli sheriklar sifatida emas, balki rahm-shafqat soʻrayotgan hech narsaga yaramaydigan tilanchilardek munosabatda boʻlishmoqda.
Siznigcha, bunday holat kimni kuchliroq qiladi?
Falastinni tan olish – HAMAS uchun mukofot emas; aksincha, HAMAS tarkibidagi eng jangovar guruhlarning “faqat kuch haqni belgilaydi, qolganiga vaqtni sarflash behuda”, degan daъvolarini inkor etadi.
Bu tan olish – falastinlik oʻrta yoʻl tarafdorlarini qayta jonlantiradi va ularga yillar davomidagi sabr, muloqot, targʻibot va diplomatiyaning samarasi sifatida namoyish etish mumkin boʻlgan kichik, ramziy bir yutuqni beradi.
Isroil nega jazavaga tushmoqda? Axir bu davlatlar butun tarixiy Falastin hududidagi davlatni tan olayotgani yoʻq-ku! Ular Isroilni yoʻq qilishga chaqirmayapti ham!
Ular faqat kelajakda tuzilishi kerak boʻlgan, hozir mavjud boʻlmagan, qurolsizlantirilgan Falastin davlatini tan olayapti — u ham boʻlsa, tarixiy Falastinning 22%dan ham kamroq hududida.
Hatto aparteid davrida Janubiy Afrikada ham «bantustan» deb atalgan qoralar hududlari xalqaro tan olishga erishilgan.
Nega Netanyaxu tan olishga juda qarshi?
Chunki bu uning asosiy daъvosi — yaъni, falastinliklar uchun yagona «doʻstona» echim — ularni ommaviy ravishda chiqarib yuborish kerak, degan fikriga toʻgʻri kelmaydi.
Tan olish — bu yaxshi birinchi qadamdir, tinch falastinaliklarning qadr-qimmatini tiklash yoʻlida kechikkan ramziy yutuqdir.
Lekin agar buning ortidan haqiqiy amaliy harakatlar kelmasa, yaъni ular tan olgan davlatni yaratish boʻyicha aniq qadamlar qoʻyilmasa, biz yana tinch yoʻl tarafdorlarining haqoratli holatiga qaytamiz!
Muhammad Shahoda – Gʻazolik siyosiy tahlilchi va huquq faoli. U Britaniyada joylashgan Euro-Med Human Rights Monitor tashkilotida jamoatchilik ishlari boʻyicha direktor sifatida faoliyat yuritadi. Uning maqolalari va tahlillari The New York Times, Haaretz, Foreign Policy, The Nation, +972 Magazine kabi nufuzli xalqaro nashrlarda chop etiladi.
Shahoda Gʻazo sektorida tugʻilib oʻsgan va u erdagi hayot, inson huquqlari buzilishlari va xalqaro munosabatlar haqida aniq va ehtirosli fikrlari bilan tanilgan. U Falastinda tinchlik, adolat va inson qadr-qimmatini himoya qilish uchun tinch faoliyatni ilgari suradi.