07.10.2025 11:53
118

Endi "Genocide" emas, "Holicide": isroilning Gʻazodagi qatliomi boshlanganiga ikki yil toʻldi




Gʻazoga 200 ming tonnadan ortiq bomba tashlagan, muqaddas zaminda hatto bir gul oʻnishiga yoʻl qoʻymagan terror davlatining qilmishi «qatliom» jinoyatidan ham oshib ketdi. Sionistlar endi "butunlay hayotni yoʻq qilish – "Holicide" bosqichiga oʻtdi.

2023 yil 7 oktyabrda falastinliklarga qarshi kuchli bombardimon va qamal bilan boshlangan isroilning qirgʻinbarot siyosati uchinchi yiliga ham qadam qoʻydi. Ayni damda mintaqadagi hayot butunlay izdan chiqqan. Mutaxassislar endi sodir boʻlgan voqeani "Genocide" emas, balki "Holicide" (hayotni yoʻq qilish) deb taъriflash kerakligini taъkidlashmoqda. Sionistlar Gʻazoga tashlagan portlovchi moddalarning umumiy miqdori 200 ming tonnadan oshdi. Bu insoniyat tarixidagi eng halokatli qurollardan biri boʻlgan Xirosima atom bombasining vayron qiluvchi kuchidan taxminan 13 baravar koʻpdir. 730 kun davom etgan bu tinimsiz qirgʻin nafaqat infratuzilmani, balki insoniyatning eng asosiy unsurlarini ham yoʻq qildi.

Soʻnggi ikki yil ichida Gʻazoda sodir boʻlgan voqealar tizimli genotsid va etnik tozalashning yaqqol dalilidir. Rasmiy maъlumotlarga koʻra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri 67 mingdan ortiq falastinlik halok boʻlgan, yana minglab odamlar vayronalar ostida qolib ketgan. Bu qurbonlar orasida 20 mingdan ortiq bolalar va 12 mingdan ortiq ayollar bor. Mustaqil tashkilotlarning hisobotiga koʻra, Gʻazoda shahid boʻlgan falastinliklar soni 600 mingga etishi mumkin. Bundan tashqari, kamida 2700 oila butunligicha aholi roʻyxatidan oʻchirildi. Bu oila aъzolarining butunlay yoʻq qilinishini anglatadi; butun bir xalq yoʻq qilinayotganini bildiradi. Gʻazoning sogʻliqni saqlash infratuzilmasi butunlay vayron qilingan. Hududdagi 38 kasalxona va 96 sogʻliqni saqlash markazi bombardimon qilingan, 197 tez yordam mashinasi ham ishdan chiqarilgan. 1600 dan ortiq tibbiyot xodimi halok boʻlgab, 362 nafari hibsga olingan. Bu nafaqat kasallar, balki ularni davolamoqchi boʻlganlar ham nishonga olinganligini anglatadi. Ushbu tizimli hujum Gʻazo xalqini butunlay yordamsiz qoldirdi va sogʻliqni saqlash xizmatlari ataylab izdan chiqarildi. Falastinda sodir etilayotgan insoniyatga qarshi jinoyatni dunyoga oshkor qilgan 254 jurnalist oʻldirildi. Gʻazo dunyoda eng koʻp jurnalistlar oʻldirilgan mojaro hududiga aylandi.

Taъlim sohasida ham ahvol ogʻir. Maktablarning 95 foizi shikastlangan yoki butunlay vayron boʻlgan. 668 ta maktab bombardimon qilingan, 165 tasining butunlay kuli koʻkka sovurilgan. Ushbu vayronagarchilik soyasida kamida 13 500 talaba va 830 oʻqituvchi hayotdan koʻz yumdi. Taъlimdan mahrum, kelajagi mavhum avlod qoldi.

Ochlik va qashshoqlik esa oʻzining eng yuksak darajasiga chiqdi. Oziq-ovqat va gumanitar yordamlarning mintaqaga kirishi ishgʻolchi kuchlar tomonidan butunlay toʻsildi. Toʻliq 120 ming yordam yuk mashinasining hududga kirishiga yoʻl qoʻyilmadi, 47 yordam oshxonasi va 61 tarqatish markazi bombardimon qilindi. Bunday sharoitda 650 ming bola ochlik xavfi ostida. Ochlik isroilning falastinliklarga qarshi yangi quroliga aylandi. Endi odamlar nafaqat bombalardan, balki ochlikdan ham oʻlmoqda.

Infratuzilma haqida gapirilmasa ham boʻladi: 268 ming uy vayron qilingan, ikki million odam boshpanasiz qolgan. Gʻazoda birorta ham falastinlik koʻchirilgani yoʻq. Qishloq xoʻjaligi erlarining 94 foizi vayron boʻlgan, Gʻazoning baliqchilik sanoati butunlay yoʻq qilingan. Gʻazo iqtisodiyoti, yashash vositalari va insonning asosiy ehtiyojlari muntazam ravishda yoʻq qilindi. Odamlar boshpanasiz, och va bemor holatida yashash uchun kurashmoqda.

Tarix bu AQSh va uning kuchli yordami yotganini unutmaydi. AQSh isroilga kamida 30 milliard dollarlik harbiy yordam koʻrsatdi va sion-fashistlarni siyosiy platformalarda himoya qilib kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida Gʻazodagi genotsidni toʻxtatish boʻyicha barcha rezolyutsiyalar AQSh tomonidan toʻxtatildi. isroilning Gʻazodagi hujumlari xalqaro maydonda qoralangan boʻlsada, toʻxtatuvchi sanktsiyalar yoki aralashuvlar amalga oshirilmadi. Bosqinchi kuch – isroilning Falastin hududlaridagi harakatlari tufayli xalqaro huquq va 1945 yildan keyin tashkil etilgan xalqaro institutlar oyoq osti qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning ramziy bayonotlaridan tashqari, hech qanday mazmunli chora koʻrilmadi. Bu esa butun xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik shaъniga qora dogʻ boʻlib chaplandi.

Mavzuga aloqador