20.02.2025 17:53

Buyuk qochish: nega hamma Misrni tark etmoqda?

Buyuk qochish: nega hamma Misrni tark etmoqda?


Tadbirkorlar, sportchilar, ijtimoiy tarmoq faollari va boshqalar Misrdan chiqib ketishda peshqadamlik qilmoqdalar. 


"Buyuk qochish" seriali “yulduzlari” oʻz sarmoyalari va faoliyatlari uchun xorijda xavfsiz boshpana izlab Misrni tark etmoqdalar. Bu esa Misr iqtisodiyotining kelajagi xususida koʻplab savollarni tugʻdirmoqda.


Isteъdod va noyob tajribani faol jalb qilayotgan Fors koʻrfazi mamlakatlariga koʻplab investorlar va mashhurlarning ketishiga qaramay, Misr hukumati bozorni tark etish surъati haqida lom-mim demayapti. 


Katta inqiroz


Davlat muassasasi boʻlmish Misr Milliy banki raisi Muhammad al-Atrabiy 2024 yilning birinchi yarmida Misrning 2360 ta kompaniyasi BAAga koʻchib ketganini eъlon qilib, barchani hayratda qoldirdi.


Misr kompaniyalari Dubayda sezilarli oʻrin egalladi. Roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar soni 4837 taga etib, 2023 yilda 63,2 foiz oʻsishni qayd etdi. Bu Misrni Dubayda kompaniyalar tashkil etuvchi mamlakatlar orasida Hindiston va Pokistondan keyin uchinchi oʻringa olib chiqdi.


Saudiya Arabistoni ham Misr sarmoyasining katta qismini oʻziga jalb qildi. Soʻnggi uch yil ichida Misr kompaniyalari Qirollikdagi jami investitsiya litsenziyalarining 25 foizdan ortigʻini qoʻlga kiritdi.


Misr kompaniyalarining mahalliy bozordan chiqishidan tashqari, arab dunyosi va Afrikadagi eng yirik poʻlat ishlab chiqaruvchi, bozor qiymati 1,1 milliard dollar boʻlgan Ezz Steel Misr fond birjasidan ixtiyoriy ravishda chiqishni tanladi.


Ilgari bir nechta yirik korporatsiyalar, jumladan, Cairo Investment and Real estate development  (Sierra education), oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi Domty, Pachin kimyoviy boʻyoqlar sanoati, Ameco merical farmatsevtika, The National Cement company, Misr boʻylab Al Moxtabar va Al Borg tibbiyot laboratoriyalari egasi Integrated Diagnostics holding ham shunday yoʻl tutgan edi.


Ismini oshkor etmaslikni soʻragan Misr birjasidagi ishonchli manba Elcewedy Electric nomli yana bir yirik kompaniya yaqin orada fond bozoridan chiqishga tayyorlanayotganini tasdiqladi. Bu salbiy koʻrsatkich hisoblanadi, chunki kompaniya katta kapital va kuchli iqtisodiy mavqega ega boʻlib, xorijiy investorlar uchun jozibador hisoblanardi. Uning ketishi boshqa kompaniyalarning Misr birjasida roʻyxatdan oʻtishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.


Biznes muhiti


Dekabrь oyida Misr bosh vaziri Mustafo Madbuliy bilan uchrashuvda al-Atrabiy inqirozdan qochishni Misrga nisbatan BAAda biznes yuritish osonligi bilan izohladi. Uning taъkidlashicha, misrlik investorlar jozibador boʻlmagan ishbilarmonlik muhitiga, 27 foizlik foiz stavkasiga, yuqori inflyatsiya surъatlariga va xususiy sektor faoliyatiga davlat aralashuviga duch kelmoqda.


Treyderlar va investorlar hukumat amaldorlariga komissiya toʻlashga majbur boʻlish, biznesni osonlashtirish va yuqori soliq yukini engillashtirishda hokimiyat organlariga pora berishga majbur boʻlish, byurokratik toʻsiqlar, korruptsiyaning avj olishi, dollar tanqisligi va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar ajratish orqali foyda koʻradigan harbiy kompaniyalar bilan raqobat qila olmaslikdan shikoyat qilishdi.


Oʻtgan oyda Misr birjasi raisi Ahmad al-Shayx matbuot anjumanida fond bozorini tark etgan yirik kompaniyalar - Vodafone, Ezz Dekhelia, Pachin va Mobinil oʻrnini bosadigan kompaniyalar hali topilmaganini tan oldi. Hatto davlat IPOlari ham bu yoʻqotishlarni qoplash uchun etarli boʻlmadi.


Chet elga chiqib ketgan kompaniyalar sonining koʻpayishi Misr bozorini likvidlik cheklovlariga duchor qildi va xorijiy investitsiyalarni kamaytirdi. Bu esa Moliyaviy nazorat organini kompaniyalarni Misr birjasidan chiqarish tartibini kuchaytirishga undadi. Biroq umumiy vaziyat sarmoyadorlarning Misrda qolishga boʻlgan ishonchi haqida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. 


Iqtisodiy ekspert Abdul Hofiz as-Saviy qochishning davom etishini harbiylarning iqtisodiyotga hukmronligi, xususiy sektorning chetga surilishi, barqaror qonunchilik yoʻqligi, korruptsiya va valyuta kursi moslashuvchanligining yoʻqligi bilan izohlaydi. Uning taъkidlashicha, bu Misrdagi noqulay investitsiya muhitidan darak beradi va kapitalni chetga chiqarib yuboradi.


Misrning eng boy odami, taxminan 7,6 milliard dollar sarvatga ega milliarder Nassef Saviris yaqinda oilaviy ofisini Londondan Abu-Dabiga koʻchirdi, oʻz vataniga emas. Bloomberg agentligining xabar berishicha, bu BAAdagi taniqli investorlarning biznes ochish tendentsiyasiga mos keladi.


Xavfsizlik muhiti


Inqirozni hal qilish va koʻproq sarmoya hamda qattiq valyutani jalb etish oʻrniga, Misr hukumati Misr va arab dunyosidagi eng mashhur kontent yaratuvchilardan biri Ahmad Abu Zaydni hibsga olish orqali vaziyatni yanada keskinlashtirdi. U BAAdagi "Milliard followers award" mukofotiga nomzod boʻlgan edi.


Misr Ichki ishlar vazirligi maъlumotiga koʻra, Abu Zayd dekabrь oyida oʻzining raqamli taъlim faoliyatidan olgan AQSh dollarini saqlash va valyuta savdosida ayblanib hibsga olingan.


Uning qamoqqa olinishi Misrdagi kontent yaratuvchilarini tashvishga soldi, ayniqsa 2022 yilda 18,4 ming misrlik Facebook va YouTube'da jonli efirda faol boʻlgani hisobga olinsa, deb xabar beradi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish milliy boshqarmasi.


Misrlik mashhur jamoatchilik faoli Voil Abbos Facebook'da shunday izoh qoldirdi: "Abu Zaydning hibsga olinishi butun mamlakatni larzaga soldi, chunki hech kim bunday taqdirga duch kelishni istamaydi." U qoʻshib qoʻydi: "Bu gʻirt ahmoqlik".


Shu bilan birga, deputat Abdul Monaim Imom oʻz bayonotida shunday ogohlantirdi: "Abu Zaydni dollar kupyuralariga egalik qilgani uchun hibsga olish - manbasi yaxshi maъlum boʻlsa - iqtisodiyotga zarar etkazadi, yosh tadbirkorlarni tushkunlikka soladi va ularni chet elda kontent yaratishga undaydi. Bundan faqat Misr iqtisodiyoti zarar koʻradi".


Qoʻrquv respublikasi


Misrdan koʻchib ketganlar orasida nafaqat tadbirkorlar va investorlar, balki eъtiborsizlik, chetga surilish va mablagʻ etishmasligi tufayli boshqa mamlakatlar uchun musobaqalashishni tanlagan sportchilar ham bor. Ular orasida uch nafar erkin kurashchi – Saif Shukri, Ahmad Hasan Bucha va Toriq Abdul Salam hamda ikki nafar yunon-rum kurashchisi – Ahmad Fuad Bagʻdoʻda va Muhammad Essam bor.


Soʻnggi yillarda oʻz terma jamoalaridan qochib ketgan misrlik sportchilar roʻyxatiga 42 nafar oʻyinchi kiritilgan boʻlib, ulardan 25 nafari Qatarga, 9 nafari AQShga, qolganlari Evropa va Avstraliyaga yoʻl olgan. Ushbu maъlumotlar hukumat nashri boʻlgan “Sportda amaliy tadqiqotlar” ilmiy jurnalida eъlon qilindi.


Sarmoyadorlar, faollar yoki sportchilar qochishining umumiy omili qoʻrquvdir: kelajakdan qoʻrqish, mavhumlikdan qoʻrqish va hokimiyatdan qoʻrqish.


Human Rights Watch 2025 Global hisobotiga koʻra: "Prezident Abdulfattoh As-Sisi hukumati oʻzining ikkinchi oʻn yilligiga tanqidchilar va tinchlik faollarini tizimli ravishda qamoqqa olish va jazolashni oʻz ichiga olgan repressiyalari bilan kirdi. Hukumat odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini hurmat qilish oʻrniga qoʻrquvni chuqurlashtirish orqali iqtisodiy inqirozni hal qila oladigandek harakat qilmoqda".


"Zat Masr" mustaqil nashri bosh muharriri, jurnalist Saloh al-Din Hasan Misrni boshqarayotgan xavfsizlikka asoslangan mentalitetni tanqid qilib, shunday dedi: "Agar Misr rejimining ongini ocha olsangiz, faqat xavfsizlik muammolarini koʻrasiz. U faqat ozgina pul, bir nechta koʻpriklar va yangi shaharlarga eъtibor qaratadi, lekin na siyosat, na madaniyat va na hurmatga ega. Bu ularning narsalarni qanday koʻrishlarini va siyosati hamda qarorlarini tushuntiradi".


2013 yil 3 iyuldagi harbiy toʻntarishdan beri misrlik tadbirkorlar, mashhurlar va sportchilarni qoʻrquv qamrab oldi, zero, harbiy va xavfsizlik apparati oʻz taъsirini borgan sari kengaytirmoqda. Koʻpchilik uchun Misrni tark etish tanlov emas – bu yagona najot yoʻlidir.


Mahmud Hassan, siyosat va iqtisod boʻyicha sharxlovchi

Mavzuga aloqador