22.09.2025 17:31
224

Arab yoshlari kimga moyil: Amerikagami yoki Xitoyga?



2025 yil 3 sentyabr kuni Pekinda, Tyananmen maydonida oʻtkazilgan, Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil toʻlishiga bagʻishlangan Xitoy armiyasi paradidan soʻng, arab dunyosida yana bir bor umid uygʻondi: goʻyoki endi Amerikaga qarshi turadigan yangi qudrat maydonga chiqmoqda va zaif hamda ekspluatatsiya qilingan hududlarga, xususan arab mintaqasiga, himoyasini taqdim etadi. Statistik raqamlar ham buni tasdiqlayotgandek: arab dunyosi bugun “xitoyparast kayfiyatga” tobora koʻproq moyillik koʻrsatmoqda.

Paraddan avval koʻplab xalqaro OAVlarda chop etilgan soʻrovnomalarning natijalari eъtiborga tushdi. Ayniqsa arab yoshlarida Xitoyga nisbatan ijobiy kayfiyatning ortib borayotgani qayd etilgan.

Mazkur soʻrovnomalarni “Global Times”, “Arab Barometer” kabi ishonchli nashrlar hamda arab poytaxtlaridagi PR markazlari oʻtkazgan.

Baъzilar bu natijalarni tabiiy deb baholamoqda: chunki Xitoy mintaqada targʻib qilayotgan asosiy nuqta: ular AQShdan farqli oʻlaroq, arab dunyosiga harbiylar bilan aralashmagan.

Shuningdek, xitoy OAVlari iqtisodiy muvaffaqiyat va hamkorlikni keng yoritmoqda. Raqamlar ham shuni koʻrsatadiki, iqtisodiy hamkorlik yaъni "pul" bu mintaqada boshqa barcha mavzulardan ustun turibdi.

Bundan tashqari, koʻplab hukumatlar va biznes doiralari Xitoyni “ishonchli, hamda siyosatdan xoli hamkor” deb bilmoqda. Ular Gʻarbdagi kabi inson huquqlari shartlari yoki siyosiy bosimlari boʻlmagan holda texnologiyalar olib kirish imkoniyatiga ega, deydi tadqiqotchi va inson huquqlari faoli Tsyan’in Yan.

Arab xalqlarining ongida bu parad quvonch bilan qarshi olingani, ehtimol, AQShni qitiqlab qoʻygandek taassurot uygʻotganidan hamdir. Prezident Tramp oʻzining “Truth Social” platformasida goʻyoki Si Szinpinni nazarda tutib shunday yozdi: “Iltimos, Vladimir Putinga va Kim Chen Inga eng samimiy salomlarimni etkazing, siz Amerika Qoʻshma Shtatlariga qarshi til biriktiryapsiz”.

AQSh siyosiy doiralari bunday manzarani xavf sifatida talqin qiladi. Ular fikricha, Xitoyning mintaqadagi faoliyati AQSh manfaatlari va barqarorligi uchun tahdiddir. Masalan, 2022-yilda Mudofaa siyosati boʻyicha sobiq muovin Kolin Kal Pekin haqida: “Xitoy faqat tor savdo va geosiyosiy manfaatlar asosida aloqalar qurmoqda, lekin mintaqa xavfsizligiga jiddiy sarmoya kiritmayapti”, degan edi. AQSh havo kuchlari generallari ham buni tasdiqlab, Xitoyning "taktikasi" AQShni “siqib chiqarishga” qaratilganini aytishgan.

Biroq, Karnegi jamgʻarmasidagi amerikalik tadqiqotchilar bunday qarashni notoʻgʻri deb hisoblaydi. Ularning nazarda, Xitoyning mintaqadagi faolligi aslida “geosiyosiy koʻp qutblilik” jarayonining bir boʻlagidir. Endi Yaqin Sharq davlatlari bitta “asosiy ogʻa” izlamaydi, balki mustaqillikni saqlash va oʻz manfaatlarini muhofaza qilish uchun turli hamkorliklarni diversifikatsiya qilishga intilamoqda.

Bu jarayon Xitoyga kengroq imkoniyatlar ochgan boʻlsa-da, mintaqada Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya kabi “oʻrta kuchlar” bilan ham aloqalarni kuchaytirishga zamin yaratdi. Demak, gap AQShning oʻrnini Pekin egallashida emas, balki dunyo tartibining koʻpqutblilashuvida.

Xalqaro munosabatlar professori Amitav Achar’yaning “Amerika jahon tartibining oxiri” asarida: AQSh 1945 yildan soʻng nafaqat iqtisodi tufayli, balki iqtisodiy kuchini armiyaga, texnologiyaga, siyosiy legitimlik va mustahkam ittifoqlar tizimi bilan uygʻunlashtirgan holda superdavlat maqomiga erishgan edi. Dollar dunyo valyutasi va moliyaviy platformaga aylangandi. Bu koʻtarilish kompleks xarakterga ega boʻlgan.

Quincy institutidan Peymon Solixiy esa Xitoyni “keyingi gʻolib imperiya” sifatida koʻrish erta, deydi. Chunki Xitoy hali AQSh qudratini mustahkamlab turgan tizimli ustunliklarga ega emas. Masalan, yuanь toʻliq konvertatsiya qilinmagan, NATOdek ittifoq tizimi yoʻq, xorijdagi bazalari ham cheklangan.

Shunday ekan, arab rasmiy doiralari ham bu parad “gʻalaba” emas, balki niyat va qudrat koʻrsatkichi ekanini tushunadi.

Bugungi reallik shuki: Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tartib tobora ishonchni yoʻqotmoqda. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Gʻazodagi javobsiz qirgʻinlar bu tizimga boʻlgan ishonchni yanada emirayapti.

A. S, [22.09.2025 17:22]
Natijada, arab jamoatchiligi orasida “bitta superdavlat davri tugadi” degan kayfiyat kuchaymoqda. Lekin ayni vaqtda Xitoyning AQShni ortda qoldirish imkoniyatlari ham torayib bormoqda. Hatto mutaxassislar — masalan, Jorj Magnus — bunday ustunlik umuman yuz bermasligi ham mumkinligini aytmoqda. Sababi, Xitoyning oʻsishi sekinlashmoqda, ichki strukturaviy muammolari esa kuchaymoqda.

Demak, arab jamiyatida shakllanayotgan “Xitoy Amerikani siqib chiqaradi” degan umidlar ortiqcha illyuziyadan boshqa narsa emas. Haqiqatda esa dunyo bir qutbli emas, koʻpqutbli kelajakka qarab ketmoqda.

Mavzuga aloqador