Qutayba ibn Muslim va Oʻrta Osiyoga islomning tarqalishi
Oʻrta Osiyoda islomning tarqalishiga beqiyos hissa qoʻshgan bu sarkardaning toʻliq ismi Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy boʻlib, kunyasi Abu Hafsdir. U umaviylar xalifasi Valid ibn Abdulmalik zamonasida Iroq voliysi Hajjoj tomonidan Xurosonga noib qilib yuboriladi.
Qutayba qisqa muddat ichida – melodiy 710-715 yillarda butun
Oʻrta Osiyoni fath etib, Xitoy imperatoriga elchilar joʻnatishga ulgurdi.
Biz bu tadqiqodimizda Qutayba ibn Muslimning olib borgan
fath harakatlarini bayon qilmoqchi emasmiz. Zero, bu masala arab tarixchilari tomonidan
keraklicha oʻrganilgan. Biz
esa ushbu shaxsning olib borgan fathlar asnosidagi adolati va islomni
yoyishga qoʻshgan hissasi haqida dalillar asosida batafsil toʻxtalishga qaror qildik.
Buxoro fath etilgach, Qutayba ibn Muslim u erda “Moh ruz”
nomli masjid qurdirishga qaror qiladi. Bu masjid oʻrni asrlar davomida buddaviy
va zardoʻshtiy rohiblari faoliyat yuritadigan joy boʻlib, u erda yiliga ikki marta
qimmatbaho but-sanamlar sotiladigan bozor ham ochilar edi. Ularning bahosi
baʻʻzan ellik ming dirhamgacha koʻtarilib ketardi.
Qutayba ana shu faoliyatni toʻxtatish maqsadida ham masjid uchun
aynan oʻsha joyni tanlagan.
Buxoroda Qutayba qurdirgan katta masjidlardan yana biri Bani
Hanzala masjidi boʻlib, uning oʻrnida otashparastlarning ibodatxonasi jaylashgandi.
Boshqa bir manbada esa bu joy avvalda nasturiy xristianlarining cherkovi boʻlgani
yozilgan.
Qutayba ibn Muslim tomonidan qurdirilgan yana bir masjid Bani
Saʻʻd darvozasi tomonda joylashgan boʻlib, nomi Bani Saʻʻd masjidi deb ataladi.
Oʻsha paytda Buxoroda ham “Registon” deb ataladigan maydon
boʻlib, boʻsh yotganini
koʻrgan Qutayba uni iydgoh – hayit namozi oʻqiladigan joyga aylantirdi. Musulmonlar bu erda
yiliga ikki marta – ikki hayit kunlari toʻplanib, hayit namozi oʻqishar, islomning
birdamlik, hamjihatlik dini ekani va musulmonlarning kuch-qudratini
atrofdagilarga namoyish qilishardi.
Bundan tashqari, Qutayba tinchlikni taʻʻminlash maqsadida hayit
kunlarida musulmon boʻlmaganlarga
qurol koʻtarib yurishini
taqiqladi. Aholi islom hukmlarini oʻrganishi oson boʻlishi uchun bu erlarga musulmon
arab oilalarini koʻchirib keltiradi. Sababi, bungacha Buxoro aholisi Qutayba huzurida musulmon boʻlar, u
ketgach esa yana eski dinlariga qaytardilar. Bu hol takrorlanavergach, Qutayba
yuqoridagi qarorga keldi. Bu esa,
oʻz navbatida,
mahalliy aholining jonli misollar orqali musulmoncha yashash tarzini oʻrganishlariga
va islom dinining qisqa fursatlarda ommalashib ketishiga olib keldi. Musulmonlar
oʻrtasida ham shariat hukmlarining bajarilishini nazorat qilib borar, shariat
hukmlarini bajarishda kamchiliklarga
yoʻl qoʻyilmasligiga katta eʻʻtibor qaratar, hukmlarni buzganlarni jazolardi. Bu tutgan yoʻli Paygʻambar va uning toʻrt
roshid xalifasi yoʻllariga mos edi.
Koʻplab tarix kitoblarida yozilgani kabi, buxoroliklar bu
holda norozilik bildirmaganlar. Chunki oradan bir oz vaqt oʻtib, Umar ibn Abdulaziz taxtga oʻtirgach,
Movarounnahrda barqarorlikni saqlash maqsadida Buxoro va boshqa katta shaharlarga
koʻchirib keltirilgan arab oilalarni qayta koʻchirib ketish haqidagi qaroriga
mahalliy aholi eʻʻtiroz bildirishgan, arablar bilan kechayotgan hayotlaridan mamnun
ekanlarini izhor qilishgan ekan.
Qutayba ibn Muslimning shu va boshqa saʻʻy-harakatlari koʻp
oʻtmay oʻzining ajoyib mevasini bera boshladi. Buxoroda islomiy ilm-fan gurkirab
rivojlana boshladi va bu zamindan etishib chiqqan zabardast ulamolar, xususan,
Abul Hafs Kabir Buxoriy tufayli Buxoro “Qubbatul islom” – “islom dinining
gumbazi” degan sharafli nomga sazovor boʻldi.
Qutayba ibn Muslimning Samarqandda islomni yoyish
harakatlari
Ushbu mashhur sarkardaning Samarqand fathi sari mana bu qiziq
fakt bilan kirib boramiz. “Ad-davlatul umaviyya...” asarida keltirilgan bu
voqeada aytilishicha, Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy boshchiligidagi musulmon
qoʻshinlar Samarqandni
avval mahalliy aholiga islomni qabul qilish, ahdnoma tuzish yoki urush qilishdan
birortasini tanlashni taklif qilmay, toʻgʻridan-toʻgʻri bosib oldilar. Mahalliy aholi bu ish islom qoidasiga
xilof ekanligini bilganidan
keyin xalifaga shikoyat xati yuborishdi. Xalifa bu ishni koʻrib chiqishni qoziga
oshirdi. Qozi Qutayba va uning odamlari Samarqandni tashlab chiqishlari lozimligi
haqida hukm chiqardi. Bu dunyo tarixida gʻolib xalq qozisining magʻlub xalq
foydasiga chiqargan birinchi hukmi edi. Qutayba askarlari bilan samarqandliklardan uzr soʻrab, shaharni tark etdi.
Buni koʻrgan Samarqand aholisi(ning koʻp qismi) islomga kirdi.
Qutayba ibn Muslim bu erda ham, hali shaharga kirmasidan
birinchi qilgan ishi jumʻʻa masjidini bino qilish boʻldi. Bu Samarqand fath
qilingandan keyingi qurilgan ilk masjid edi. “Samariya” kitobida bu masjidning
nomi “Hazrati Xizr masjidi” ekani aytilib, uni Imom Qutayba hazrati Xizr ishorati
bilan imorat qilgan, deb yozilgan.
Bu haqda “Al-komil fit tarix” asarida bunday deyiladi: “Ikki
oʻrtada sulh tuzilgach, soʻgʻdliklar shaharni boʻshatdilar. Musulmonlar u erda masjid
qurishdi. Qutayba tanlab olgan toʻrt ming odami bilan shaharga kirdi, masjidda
namoz oʻqidi va xutba qildi. Taomlangandan keyin soʻgʻdliklarga: “Xohlagan odamlar
mol-dunyosini kelib olsin, sizlar bilan kelishib, tuzgan sulhimizdan tashqari hech
bir narsa olmayman!” deb xabar yubordi”. Qutaybaning dinni yoyishga xarismandligi
va oʻlja savdoyisi emasligi bu voqeadan ham ayon boʻlib turibdi.
Ushbu mashhur sarkardaning Samarqandda islom yoʻlida amalga
oshirgan ishlaridan yana biri u erdagi oltin va kumushlardan bezatilgan sanamlarni
toʻplashga buyuradi. Bu
narsalar bir maydonga toʻplangandan keyin (Tabariy hamda ibn al-Asirni
ifodalaricha, bu ashyolarning balandligi qasrga teng edi) Qutayba sanamlarni eritish uchun olov yoqishga buyurgan
chogʻida soʻgʻd podshohi Gʻurak Qutaybaga: “Agar sizlar butlarni yoqib yuborsangiz, oʻzingiz ham omon
qolmaysiz”, deb bu ishdan qaytarmoqchi boʻladi. Qutayba unga javoban butlarga oʻz
qoʻli bilan “Alloh akbar!” deb oʻt qoʻyib yuboradi. Eritilgan oltin va kumushlarning
vazni 50 ming misqol (223 kg) boʻlgan.
Qutaybaning Movarounnahrning turli tomonlarida islomni
yoyishga qilgan xizmatlarini akademik Bartolʻd ham eʻʻtirof etib, “Qutayba Buxoro,
Samarqand va boshqa shaharlarda masjidlar qurdirdi”, deb yozadiki, bu ham mazkur
qoʻshinning dardi faqat erlarni fath etish emas, balki islom dinini yoyish ham boʻlganini tasdiqlaydi.
U Movarounnahrda islomiy ilm-fan rivoji yoʻlida samarali
ishlar qildi: koʻpgina shaharlarda madrasalar barpo qildirib, u erlarda islomiy
ilmlar olish uchun
sharoitlar yaratishni buyurdi. Mazkur
sarkardaning qoʻshini tarkibida Muhammad ibn Voseʻʻ, qozi Yahyo ibn Yuʻʻammar va
mashhur mufassir Dahhok ibn Mazohim singari zabardast ulamolar bor edilarki,
ular ana shu ilm maskanlarida mahalliy aholining diniy bilimlarini oshirishga, bu
zaminda islomiy ilm-fanning gullab-yashnashiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.
Lekin Qutayba ibn Muslimning ana shu fazilatlariga qaramasdan, baʻʻzi gʻarblik
tadqiqotchilar uni zolim va odamlarni islomga majburlab kirgizgan shaxs sifatida
tasvirlaganlar.
Toʻgʻri, u jang maydonida raqibga qarshi shafqatsiz boʻlgan va
yurishlarda sabot koʻrsatgan. Agar shunday boʻlmaganida edi, bugungi Eroni zaminidan
Xitoy ostonasigacha boʻlgan hududlarni 5-6 yil ichida egallay olmagan boʻlardi.
Shunga qaramay, uning qachon raqib tomon sulh istasa, darrov jangni toʻxtatib, sulhga rozi boʻlgani ham tarixiy
haqiqatdir.
Biroq Qutaybani hech qachon odamlarni majburan musulmon
qilishda ayblash mumkin emas. Asl tarixiy manbalarni oʻrganib chiqqan odam buning aksini
koʻradi. Axir masjidlar barpo qilib, odamlarning dillarini islomga moyil qilish
uchun unga kelib namoz oʻqiganlarga ikki dirhamdan pul ulashish qoidasini joriy qilgan
odam qanday qilib “dinga majburlovchi” boʻlishi mumkin? Vaholanki, Qutayba buning
oʻrniga aholini majburlab masjidga keltirishga ham huquqi ham bor edi. Zero,
hamma zamonlarda ham gʻolib taraf magʻlub tomondagilarga istagan ishini qildirishga
haqli boʻladi. Ammo Qutayba buni qilmadi. Chunki avvalo bu ish paygʻambar va roshid
xalifalarning tutgan yoʻllariga zidligini undan keyin din, imon qalbga oid
masala boʻlib, uni zoʻrma-zoʻraki dilga joylab boʻlmasligini yaxshi bilardi.
Qutayba ana shu rahnamolarning yoʻllaridan yurishda davom etib,
oʻzigacha davom etib kelayotgan musulmonlardan jizya olish qoidasini ham bekor qildi.
Aksar tarix kitoblarida Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan
egallanishi va Qutayba haqida soʻz ketganda, albatta, Beruniyning «Qadimgi
xalqlardan qolgan yodgorliklar» asaridagi «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan,
ularning xabar va rivoyatlarini oʻrgangan va bilimini boshqalarga oʻrgatadigan
kishilarni halok etib, butkul yoʻq qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va
rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib boʻlmaydigan darajada yashirin
qoldi», degan maʻʻlumotni keltirishadi.
Shu oʻrinda bir mulohaza: Agar shu voqea haqiqatdan ham sodir
boʻlgan esa, nima uchun oʻsha olimlarning bironta asarlari yoki ularning nomlari,
hech boʻlmasa, oʻzlarining ismi zikr qilinmaydi? Axir, Evropada xristian
inkvizitsiyasi tomonidan qirgʻin qilingan olimlar tarix sahifalarida nomma-nom
qilib qayd qilingani holda, oʻrta osiyolik oʻsha donishmandlardan hech bir nom-nishon
qolmasligi kishini oʻylantiradi va Beruniyning yuqoridagi maʻʻlumotining
toʻgʻriligiga (agar rostdan ham oʻzi aytgan boʻlsa) shubha uygʻotadi.
Mana shunday fazilatlarga ega boʻlgan sarkarda siyosiy fitnalar
qurboni boʻldi. Oʻzi sadoqat bilan xizmat qilgan maʻʻrifatparvar Valid ibn
Abdulmalik vafot etgach,
oʻrniga ukasi Sulaymon taxtga oʻtiradi. Sulaymon akasi va otasi kabi maʻʻrifatni
suyuvchi, olim kishi emasdi. Tabiiyki, Qutayba bunday kishiga boʻysunishdan bosh tortgach, qoʻshini oʻziga
qarshi boʻlib qoladi va ular tomonidan 715 melodiy yili oʻldiriladi. Boshqa bir
manbada uni oʻldirish uchun Sulaymon maxsus jallod yuborgani aytiladi. Qutayba bilan birga uning
oila-aʻʻzolaridan oʻn bir kishi ham qalt etiladi. Keyinroq Sulaymon
qilgan ishidan afsuslanadi. Biroq endi kech edi. Qutaybaning oʻlimi bilan Oʻrta
Osiyo sharqidagi fath harakatlari ham toʻxtab qoldi.
Qutayba ibn Muslimning tugʻilgan yili nomaʻʻlum boʻlsa-da,
uning 96\715 yili oʻldirilganida yoshi qirq sakkizda ekani aytiladi.
U hozirgi Andijon viloyati, Jalolquduq tumani Qilichmozor
qishlogʻida vafot etgan boʻlib, Mozorbuva qabristoniga dafn etilgan.
Hozirgi kunda bu qabristonda mahalliy hukumat va homiylar
tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Bu buyuk fotihning olib borgan barakotli faoliyati haqida
asarlar yozish, hujjatli filʻmlar qilish lozim. Toki dunyo renessansiga munosib
hissa qoʻshgan ota-bobolari bilan maqtanishni yaxshi koʻradigan rasmiylarimiz va
xalqimiz oʻsha ajdodlarning islom bilan sharaflanishiga sababchi boʻlgan zotni
yaxshiroq tanib olishlarini aql, mantiq va insof taqozo qiladigan ishdir. Bizning
bu urinishimizni esa, ana shu yoʻldagi kichik hissa va eslatma oʻrnida qabul
qilgaysiz.
Noʻʻʻmon Atabaev,
tadqiqotchi