30.07.2024 18:30

“Shohi Zinda” yoki Qusam ibn Abbos tarixi

Xalqimiz orasida qadimdan “Shohi Zinda” – “Tirik shoh” degan nom bilan mashhur boʻlgan Qusam ibn Abbos tarixning toʻzonli sahifalari oralarida qolgan, hayot yoʻli haqida koʻp ham maʻʻlumot mavjud boʻlmagan sahobiydir. Holbuki, u paygʻambar(s.a.v.)ning yaqinlaridan boʻlib, qabri bizning zaminimizda, Samarqandda joylashganligi koʻpchilikka maʻʻlum. Shuning uchun ham xalq orasida bu zot bilan bogʻliq afsonalar yuradi. Shu sababli biz bugungi maqolada mazkur sahobiy haqida manbalardagi bor fikrlar va dalillar asosida  baholi qudrat maʻʻlumot berishni lozim topdik.

1. Oilasi, tavalludi, bolaligi, yoshligi.

Qusam Rasululloh (s.a.v.)ning amakilari Abbosning oʻgʻli boʻlib, onasi Luboba binti Horis paygʻambarimizning ayollari Maymunaning singlisidir[1]. Bu hol Qusam ibn Abbosning paygʻambarimiz bilan ham ota, ham ona tomonidan qarindosh boʻlganliklarini koʻrsatadi. Bundan tashqari, manbalarda Hadichadan keyin islomni qabul qilgan birinchi ayol Qusamning onasi ekani aytiladi[2].  

Lubobaning Qusamdan tashqari yana Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh, Maʻʻbad, Maʻʻruf, Abdurahmon va Ummu Habib ismli farzandlari ham bor edi.

Paygʻambarning nabiralari Husayn (r.a.)ni Qusamning onasi emizgani uchun ular ikkovi emakdosh hisoblanadilar[3].

Qusam bin Abbosning tugʻilgan yili haqida manbalarda aniq maʻʻlumot yoʻq. Ammo 626 yil, 11 yanvarda (hijriy 4 yil, 5 shaʻʻbon) tugʻilgan Husayn bin Ali[4] bilan emakdosh boʻlgani hisobga olinsa, uning 626 yilda tugʻilganligini taxmin etish mumkin.

Qusamni paygʻambar (a.s.) juda yaxshi koʻrar edilar. Bir marta Arofotdan qaytayotib ulovlarining orqasiga uning akasi Fazlni, oldiga esa oʻzini mindirib olgandilar.

Yana bir safar esa, kichkina Qusam tengdoshlari bilan oʻynab turganida u erdan oʻtib qolgan Rasululloh uni yana ulovlariga mindirib oldilar.

Abdulloh ibn Abbosdan qilingan bir rivoyatga koʻra, Qusam paygʻambarimiz (s.a.v.)ning muborak jasadlarini yuvib, dafn etishda qatnashgan va unda asosiy vazifani bajargan. Hatto u zot (a.s.)ni qabrga qoʻyishda eng oxiri qabrdan chiqqan, binobarin paygʻambarimizni soʻnggi bor koʻrgan u edi[5]. Ammo bu rivoyatni boshqa oʻrinda Abdulloh ibn Abbosning oʻzi rad etadi. Chunki, Qusam paygʻambar vafot etgan paytda etti-sakkiz yoshlar atrofidagi bolakay boʻlib, uning yoshidagi bolaga bu kabi ishlarni topshirilmasligi maʻʻlumdir. Biroq Qusamning oʻsha qutlugʻ dafn marosimidagi ishtiroki koʻpgina ishonchli manbalarda zikr qilinadi.

Uch roshid xalifalar zamonida yoshi kichik boʻlgan Qusam biror bir vazifaga tayinlanmagan. Ammo hazrati Ali xalifalik davrlarida u Makka voliysi etib tayinlandi[6]. Bu paytga kelib u oʻttiz ikki yoshlar atrofida edi. Bundan avval u juda qisqa muddat – balki bir-ikki oylar Madinaga ham voliy boʻlgandi.

Qusamning Makkaga voliyligi 42/662 yilgacha – Muoviya Xolid ibn Osni uning oʻrniga tayinlaguniga qadar davom etdi[7].

2. Qusamning Movarounnahr safaridagi ishtiroki va shahid boʻlishi

Umaviy xalifa Muoviya davrida Qusam 56/676 yilda Said ibn Usmon qoʻmondonligidagi qoʻshin bilan birga Movarounnahrga qilingan safarga ishtirok etdi[8]. Umaviylar bilan munosabatlari yaxshi boʻlmagani uchun bu yurishda Qusam faqatgina oddiy askar sifatida qatnashdi. Chunki u Ali va Muoviya oʻrtasidagi tortishuvda Ali tarafida turgan va uning Makkadagi voliysi boʻlgandi. Said ibn Usmon garchi umaviylardan boʻlsa-da, qoʻshini safidan joy olgan Qusamga izzat-ikrom koʻrsatdi, yonidan ayirmadi[9].

Oʻta tavozeli, kamtarin va qanoatli boʻlgan Qusam paygʻambarimizga yaqinli sababli oʻzini boshqalardan ustun tutmasdi. Chunonchi, bir rivoyatda Said ibn Usmon unga “Qoʻlga kiritilgan oʻljadan sizga ming hissa ajratilsinmi?” – deya soʻraganida  u zot: “yoʻq, beshdan bir hissa”, deb javob bergan ekan. Keyin yana: “Oldin boshqalarning hissalarini bering, undan keyin menikini oʻylab koʻramiz”, degan ekan.

Narshaxiy bu voqeani boshqacharoq ifodalaydi. Unga koʻra Said ibn Usmon Buxoroni fath etgach, Qusamga izzat-hurmat koʻrsatadi, soʻngra: “Hammaga bir hissadan sizga esa ming hissa oʻlja beraman”,  deydi. Bunga javoban Qusam: “Shariat buyurgan bir hissadan boshqa (hech narsa) olmayman”, deya tanbeh beradi[10].

Rivoyatlarda farqlilik boʻlsa-da, ularda Qusam bin Abbosning naqadar qanoatliligi va boshqalardan oʻzini ustun qoʻymasligi ayon boʻlib turibdi.

Bu buyuk shaxsning qaerda vafot etgani borasida turli manbalar turlicha maʻʻlumot beradilar. Baʻʻzilar Qusamni Marvda vafot etgan, degan fikrni olgʻa surishsa-da, uning Samarqandda vafot etgani va qabri ham oʻsha erda ekani haqida juda koʻp ishonchli manbalar, jumladan Buxoriy oʻz asarida guvohlik beradi[11]. Hatto uning akasi Abdullohning: “(Ukamning) tugʻilgan joyi va vafot etgan joyi bir-biridan naqadar uzoq! Makkada tugʻildi ammo Samarqandda oʻldi”, deya uning holiga qaygʻurgani rivoyat qilinadi. Bundan tashqari tafsir asari muallifi Abu Solihning: “Biz hech bir onaning bolalari qabrini Abbos va Ummu Fazl farzandlarining qabrichalik bir-biridan uzoq boʻlganini koʻrmadik. Fazl Shomda, Abdulloh Toifda, Ubaydulloh Madinada, Qusam Samarqandda, Maʻʻbad esa Afrikada vafot etishdi”, degan soʻzlari mashhurdir[12].

“Samariya”da yozilishicha, Said ibn Usmon dinni kuchaytirish va shariat hukmlarini joriy etish muqsadida Qusam ibn Abbosni bir necha islom qoʻshini bilan birga Samarqandda qoldirgan. 677 y. sugʻdiylar shaharga hujum qilgan. Samarqand shahrining Namozgohida Qusam shahid boʻlgan. Uni Banu nojiya qabristonida gʻor yonida (boshqa manbalarda - Gʻoziylar yonida) dafn etganlar[13].

Toʻgʻri rivoyat shudirkim – deyiladi “Samariya”da, – Usmon oʻgʻli Saʻʻid Samarqand eli bilan urushayotganda, Qusam jon chiqar eriga oʻq tegib, shahid boʻldi va Banu nojiya qabristoniga koʻmildi[14].

Uni “Shohi Zina” – “Tirik shoh” deb atalishiga xalq orasida tarqalgan bir afsona sabab boʻlgan. Unga koʻra, Qusam oʻldirilmagan, balki kofirlardan qochib, moʻʻʻjizaviy shaklda oldidan ochilgan gʻorga kirgani va uning ketidan gʻorning ogʻzi berkilgan[15].

Sulton Sanjar Moziy zamonasida (1118-1157) Banu nojiya qabristonida “Qusamiya” madrasasi solingan. U Obi mashhad arigʻi yaqinida boʻlgan Amir Temur davrida ushbu mozor ustiga maqbara solinib, turli bezaklar bilan bezatilgan. Xalq orasida “Shohi Zinda” nomi bilan mashhur boʻlgan bu yodgorlik oʻrta asr meʻʻmorchiligining eng noyob durdonalaridan sanaladi.

Noʻʻʻmon ABDULMAJID

 



[1] Balozuriy. Ansobu-l-ashrof. – Misr, 1959. T. I. B. 446. 

[2] Ibn Asir. Usudu-l-gʻoba fiy maʻʻrifati-s-sahoba. – Dorush shaʻʻb. T. IV. B. 392; Zahabiy. Tarixu-l-islam. – Bayrut, 1989. T. IV. B. 287.

[3] Balozuriy. Ansobu-l-ashrof. – Misr, 1959. T. I. B. 90.                  

[4] Tabariy. Tarixu-r-rusul va-l-muluk. – Qohira. T. II. B. 555; Zahabiy. Siyari aʻʻlomu-n-nubalo. T. III. B. 280.

[5] Ibn Hishom. As-siyratu-n-nabaviyya. – Bayrut: T. IV. B. 312; Tabariy, T.III. B. 211

[6] Tabariy. IV. – B. 445; Ibn Asir. Al-komil fi-t-tarix.  T. III. B. 204, 222.

[7] Tabariy. V. – B. 92, 132, 155, 172; Ibn Asir. Al-komil fi-t-tarix.  III. – B. 350, 374.

[8] Zahabiy. Siyari aʻʻlomu-n-nubalo. T. III. B. 441.

[9] Umar Nasafiy. – B. 529.

[10] Narshaxiy. Buxoro tarixi. – T.: Kamalak, 1991. – B. 117

[11] Qarang: Buxoriy Muhammad bin Ismoil. At-tarixu-s-sagʻir. – Qohira: 1976. T. I. B. 86, 142.

[12] Ibn Saʻʻd. Tabaqot. – j. IV. B. 6; Umar Nasafiy. – B. 528.

[13] Islom entsiklopediyasi. – T.:  “Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – B. 298.

[14] Qarang: Abu Tohirxoja. Samariya. – T.: Kamalak, 1991. – B. 29.

[15] Barthold. V.V. Mogol istilasina kadar Turkistan. Çev. H. D. Yildiz. – Istanbul: Kervan yayinlari, 1981. – S. 118.