Umar Muxtor – Sahro arsloni
Umar Muxtor – Sahro arsloni
Odatda koʻpgina islom diyorlarida mustamlakachi davlatlarga qarshi kurashda koʻzga koʻringan tasavvuf arboblari, ruhiy tarbiya ustozlari boshchilik qilishgan. Najmiddin Kubro, Salohiddin Ayyubiy, Imoduddin Zankiy, Nuriddin Zankiy, Abdulqodir Jazoiriylar shular jumlasidandir. Umar Muxtor rahmatullohi alayh ham ana shunday tasavvuf namoyondalaridan biridir.
Ulugʻ shayx Umar Muxtor bir maʻʻlumotda 1862 yilda, boshqa bir maʻʻlumotga koʻra 1858 yilda Liviya sharqidagi Batnon viloyati, Tobruq shahri, Janzur tumanida solih ota-onadan dunyoga keldi. Uning otasi Muxtor ibn Umar Farhot ahlining Manfa urugʻidan edi. Umar izzatli va karamli xonadonda oʻsib voyaga etdi. Bu xonadonni musulmonga xos mardlik, yuksak axloq, Allohning kitobi va Rasuli sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari asosida qoim boʻlgan Sunusiylik tariqati taʻʻlimotlaridan suv ichgan goʻzal sifatlar qamrab olgan edi. Uning otasi haj ibodatini ado qilish uchun ketayotib yoʻlda halok boʻldi. U bemorlik paytida hamsafari, Tobruq shahri sharqida joylashgan Janzur xonaqosi shayxining ukasi Ahmad Gʻirboniydan bolalari Umar va Muhammadni akasi shayx Husayn Gʻirboniyga topshirishni vasiyat qildi. Shayx Husayn Gʻirboniy shu vasiyatga muvofiq bolalarni tarbiyasiga oldi va xonaqoh qoshidagi Qurʻʻoni karim madrasasiga oʻqishga joyladi. Keyinchalik Umar Muxtor boshqa qabilalar farzandlaridan iborat talabalarga qoʻshilish uchun Jagʻbub institutiga oʻqishga kirdi.
Umar Muxtor rahimahulloh yoshligidan etimlik alamini totdi. Bu narsa uning Alloh va rasuli sollallohu alayhi va sallam muhabbati ila toʻla qalbiga nisbatan yaxshilik edi. Zero u barcha ishlarida qudrat va kuch sohibi boʻlgan Allohga iltijo qilar edi. Yoshligidan unda buyuklik asarlari namoyon boʻla boshladi. Oʻsha paytda ilm mayogʻi hisoblangan Jagʻbub institudi ustozlari unga eʻʻtibor bera boshlashdi. Bu institutda etuk ulamolar, adiblar va murabbiylar jamlangan boʻlib, ular islom ummati farzandlarining taʻʻlim va tarbiyasi uchun jon kuydirishar, kelajakda bu avlod islom risolatini koʻtarishi uchun hamda islom diyorining boshqa chekkalarida ilm-maʻʻrifat tarqatishlari uchun bularning taʻʻlim va tarbiyasiga juda qattiq eʻʻtibor berishar edi.
Umar Muxtor Jagʻbub institutida sakkiz yil ilm bulogʻidan sipqordi. Bu erda turli sharʻʻiy bilimlarni, fiqh, hadis va tafsirni oʻrgandi. Unga ustozlardan Sayyid Zarvoliy al-Magʻribiy, alloma Folih ibn Muhammad ibn Abdulloh az-Zohiriy al Madaniy, Sayyid Javoniy va boshqa ulamolar dars berishdi. Hammalari Umar Muxtorning uygʻoq fikrlari, teran aqli, goʻzal xulqi, daʻʻvatni sevishiga guvohlik berishgan. U ilm talabi bilan birgalikda amaliyotni ham olib borar edi. Oʻz ishida tartibli va masʻʻuliyatli boʻlib, oʻrtoqlari uning bugungi ishni biror kun ham ertaga qoldirmaganini aytishgan.
Umar Muxtor jiddiylik, istiqomat va sabr bilan mashhur boʻldi. U yoshligidanoq oʻz axloqi bilan ustozlari va sheriklari eʻʻtiborini qozongan edi.
U oʻzi yashab turgan muhit va sharoitdan xabardor hamda bu doira ahvoli haqida etarlicha bilimga ega edi. Yana uning qabilalar tarixiga oid voqea va hodisalar haqidagi maʻʻlumoti, hamda nasablar va qabilalar oʻrtasini bir-biriga bogʻlab turuvchi omillar haqidagi maʻʻrifati ancha yuqori edi. U mahalliy xalqning taqlid va odatlarini hamda sahroyilar xusumatining bostirish yoʻllarini, sharoit taqozo qiladigan fikr va nazariyalarni yaxshi bilar edi. U sahro yoʻllarini yaxshi oʻrgandi. Tashqi tomondan Barqadan Misr va Sudanga boradigan yoʻllarni, ichki tomondan Jagʻbub va Kafraga boradigan yoʻllarni yaxshi bilar edi. Yana u sahroda oʻsadigan oʻsimliklar va ularning dorivor xususiyatlarini yaxshi oʻzlashtirdi. U har bir qabilaning oʻziga xos belgilarini va ular oʻz chorvalari yoʻqolmasligi uchun tuya, qoʻy va sigirlariga qoʻyadigan belgilarini ham yaxshi oʻrganib olgan edi. Bularning hammasi Umar Muxtorning yoshlikdan zakiy boʻlganini anglatadi.
Umar Muxtorning jismoniy sifati
Umar Muxtor sal uzunga moyil, jismi ozgʻin ham emas, semiz ham emas, oʻrtacha edi. Ovozi dagʻalroq boʻlib sahro lahjasida gapirar edi. Iboralari ochiq-ravshan boʻlib, suhbatidan kishi malollanmas edi. Gapirganda tabassum qilib turar yoki sharoit taqozosiga qarab engil kular edi. Soqoli koʻp edi. Yoshlikdan soqol qoʻygan edi. Unda viqor va jiddiylik koʻrinib turar edi. Aql bilan soʻzlar, unda sabot namoyon edi. Ushbu sifatlar yoshi oʻtgani sari mukammallashib bordi.
Umar Muxtorning Qurʻʻon tilovati va ibodati
Umar Muxtor namozlarni oʻz vaqtida ado qilishga haris edi. Uning Qurʻʻondan kundalik tilovat vazifasi bor edi. Imom Muhammad Mahdiy as-Sunusiy unga vazifa qilgandan beri har haftada bir bor Qurʻʻonni xatm qilar edi. Muhammad Toyyib al-Ashhabning aytishicha, Qurʻʻonni vazifa olishi quyidagicha boʻlgan: "Umar Muxtor imom Muhammad Mahdiyning Kafra va Sudan oʻrtasidagi sahro yoʻlida joylashgan makoniga kelib, uning hojibi Muhammad Hasan al-Baskariydan kirishga izn soʻradi. Izn berilgach, kirdi. Imom Mahdiy yonida turgan mushafni olib Umarga berdi va "yana biror istaging bormi? deb soʻradi. Umar: "Ey sayyidim, doʻstlarimga muayyan virdlarni vazifa qilgan ekansiz. Men esa faqatgina namozlardan keyin aytiladigan odatiy virdlarni aytib yuraman. Menga ham oʻzingiz hohlagan biror vazifa bersangiz" dedi. Muhammad Mahdiy hazratlari unga: "Ey Umar, sening virding Qurʻʻondir", dedi. Umar aytadi:
"Men u zotning qoʻlini oʻpib benazir sovgʻasini (Qurʻʻonni) olib uning huzuridan chiqdim. Allohning fazli bilan ushbu Qurʻʻon safarda ham, vatanda ham qoʻlimdan tushmagan. Doim men bilan birgadir. Men uni har kuni tilovat qilar edim. Kundalik vazifamga aylantirib oldim. Sayyidim Ahmad Ribfiydan eshitishimcha, ulugʻ avliyolardan baʻʻzilari Qurʻʻonni quyidagi tariqada xatm qilar ekanlar: avval Fotihadan Moidagacha, keyin Yunus surasigacha, keyin Isrogacha, keyin Shuarogacha, keyin Soffotgacha, keyin Qofgacha, keyin oxirigacha. Oʻsha kundan boshlab men qurʻʻonni ana shu tariqada xatm qilib kelaman".
Qurʻʻon tilovati va ibodatga bardavomlik iymonning quvvatiga dalolat qiladi. Umar Muxtor ziynatlangan buyuk iymon sababidan undagi goʻzal sifatlar balqidi. Unda omonat, shijoat, rostgoʻylik, zulmga qarshi kurash, qahr va itoatkorlik sifatlari namoyon edi. Bu iymon uni namozlarni oʻz vaqtida ado qilishga haris ekanligida tajalliy qilar edi. U Allohning ibodatlarini oʻz vaqtida, tezda ado qilishga haris edi. Alloh taolo aytadi: "Albatta namoz moʻʻʻminlarga vaqtli farz qilindi".
Boʻsh vaqtlarida nafl ibodatlarni koʻp qilar edi. Zuho namozini qoldirmas, doimo tahoratli yurardi. U zot aytadi: "Alloh meni Sunusiylik tariqatiga kirishimni nasib qilganidan beri biror-bir shayx bilan tahoratsiz uchrashmaganman".
Bu solih banda kundalik Qurʻʻon tilovati, tahajjud namozi kabi ruhiy ozuqasi uchun gʻam chekar va unga shahid boʻlgan kunigacha rioya qilgan edi. Umar Muxtor qoʻl ostida kurashgan mujohidlardan Mahmud Jahmiy Umar Muxtor bilan birga ovqatlanar, birga uxlar edi. U ustozini bunday eslaydi: "Uning subhning oxirigacha uxlaganini biror marta koʻrmaganman. Koʻp uxlasa, ikki yoki uch soat uxlar edi. Doim qurʻʻon tilovat qilar edi. Yarim kechadan keyin obdastani olib tahoratini yangilar va yana tilovatga berilar edi. U zuhd va taqvo kabi sifatlar bilan xulqlangan, buyuk mujohidlar xislatlari ila muzayyan edi".
Ustoz Muhammad Toyyib al-Ashhab aytadi: "Men uni yaxshi bilar edim. U bilan doim birga edim. Men uning chodirida, yonida uxlar edim. Kechasi koʻp uxlagani qoʻymas edi. Har kechani Qurʻʻon tilovat qilib oʻtkazar, barvaqt turib bizni uygʻotar, havo sovuq boʻlishiga va safar mashaqqatlariga qaramay tahorat qilishga buyurar edi".
Umar Muxtor rahmatullohi alayhning umrining oxirigacha sabotli boʻlishi sabablaridan biri doimiy Qurʻʻon tilovatida boʻlganidir. U Qurʻʻon bilan ibodat qilar, uning ahkomlariga amal qilar edi. Chunki Qurʻʻoni karim hidoyat va sabot manbaidir. Zero, unda nabiylar va qavmlari haqidagi qissalar, solihlar zikri va oqibati, kofirlar va inkor qiluvchilarning halokati turli uslub bilan yoritilgan. Alloh Umar Muxtorni sabot va rushd bilan rizqlantirdi. U oxirgi nafasigacha tilovat qildi.
Umar Muxtorning shijoati va karami
Bu sifat Umar Muxtorning yoshligidan namoyon edi. 1894 yilda Umar Muxtor Sudanga safar qiladi. U bilan bir qancha doʻstlari hamsafar edilar. Kafrada guruh yoʻlda Zabva va Mujbira qabilalaridan iborat karvonni va Sudanga safar qilmoqchi boʻlib turgan Taroblus va Bengʻoziylik boshqa savdogarlarni uchratdi. Guruh ana shu savdogarlar karvoniga qoʻshilib oldi. Zero ular sahro yoʻllarini yaxshi bilishar, tajribalari koʻproq edi. Karvon sahroning oʻrtasiga Sudanga yaqin joyga etgach, baʻʻzi savdogarlar "Bu erdan oʻtmaymiz. Qaytaylik, boshqa yoʻldan ketamiz. Hozir shu yoʻldan borsak, oldimizda karvonlarga hujum qilishga odatlangan sher bor. Uning hujumiga uchraymiz", deyishdi.
Bu erdan oʻtadigan karvonlar tinch qoʻyishi uchun sherga bitta tuya qoldirib ketishni odat qilishgan ekan. Gapirayotgan kishi bu tuyaning qiymatini barchaga teng taqsimlanishini aytdi. Umar Muxtor rahimahulloh buni keskin rad qildi: "Bizda zaiflar kuchlilarga behuda toʻlaydigan soliqlar yoʻq boʻldi. Qanaqa qilib bir hayvonga toʻlashimiz mumkin?! Bu xorlik belgisidir. Agar sher yoʻlimizdan chiqsa, unga qurollarimiz bilan qarshi chiqamiz".
Hamrohlaridan biri uni bu yoʻldan qaytarmoqchi boʻldi. Ammo u rad qilib shunday dedi: "Men takrror aytaman, “yoʻlimdan chiqqan hayvonga tuyamni berib keldim” deyishga or qilaman! Men oʻzimni himoya qilishga tayyorman. Har biringiz boshliqsiz va har biringiz qoʻl ostingizdagilardan soʻralasiz. Siz qilayotgan ish yomon odatdir. Uni yoʻq qilish lozim".
Karvon maʻʻlum joydan oʻtayotganida sher yashirinib yotgan eridan chiqib, ular tomon kela boshladi. Shunda savdogarlardan biri bu dahshatli hodisani koʻrib oyoqlari qaltirab, dedi: "Men tuyalarimning biridan voz kechaman. Sher bilan olishmanglar".
Umar Muxtor yunoncha miltigʻini olib, sherni moʻljallab otdi. Oʻq sherga tegdi. Ammo u oʻlmadi, karvon tomon yugurdi. Umar Muxtor ikkinchi marta otib sherni qulatdi. Keyin karvondagilarga koʻrsatish uchun uning terisini shilib oldi. Bu hodisa keyinchalik koʻp majlislarda hayrat bilan eslanadigan boʻldi. Ustoz Muhammad Toyyib al-Ashhab Umar Muxtorning oʻzidan lashkargohlardan birida bu voqea haqida soʻraganida Umar Muxtor shunday degan ekan: "Ey oʻgʻlim, bir hayvonni oʻldirganim bilan faxrlanishimni xohlaysanmi? Qadimda bir aʻʻrobiy sherni oʻldirgan raqibiga: "Hasharotni oʻldirganing bilan menga faxrlanasanmi? degan ekan".
Soʻngra Umar Muxtor Alloh taoloning: "Otganingda sen otmading, balki Alloh otdi" degan oyatini oʻqidi. Umar Muxtorning bu oyat bilan javob berishiga sabab u iymon va tavhid ahlining nafs nasibasidan xalos boʻlib, barcha fazilatni Alloh taologa nisbat berishlarini yaxshi bilar edi. U Qurʻʻondan Allohning nabiysi Yusuf alayhis salomning duolarini koʻp marta oʻqigan edi: "Ey Robbim, haqiqatda menga mulk berding va menga tushlarning taʻʻbirini oʻrgatding. Ey osmonlar-u erni yaratgan zot! Sen dunyo-yu oxiratda mening valiyyimsan. Meni musulmon holimda vafot ettirgin va solihlarga qoʻshgin".
Umar Muxtor bu xulqni Zulqarnaynning siyratidan oʻrgangan edi. Bu narsa barcha etakchi-lider shaxslarda boʻlishi shartdir. Iskandar Zulqarnayn toʻgʻonni bino qilib, zulmni toʻsib, zaiflarga yordam bergach, barcha fazilatni Allohga nisbat bergan edi: "Bu Robbim (tomoni)dan rahmatdir".
Umar Muxtorning qalbi doim Allohga bogʻliq edi. Uni gʻalaba mast qila olmas edi. Uning shijoati Chad yurtida frantsuzlarga qarshi qilgan jihodida namoyon boʻlgan edi. Keyinchalik Liviyada italʻyanlarga qarshi kurashida namoyon boʻldi. Italiya tomoni Umar Muxtor bilan sulh tuzish va urushni toʻxtatish uchun Sharif Gʻirboniyni vositachi qildi. Umar Muxtorning Sharif Gʻirboniyga yozgan rad javobi tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Unda shunday deyilgandi:
"Bismillahir rohmanir rohim. Allohga hamd, "jannat qilichlar soyasi ostidadir", degan Allohning rasuliga salovotdan soʻng birodarimiz, sayyidimiz Sharif ibn Ahmad Gʻirboniy hafizahullohga. Sizga shuni maʻʻlum qilamizki, Italiya, agar oʻzi va biz uchun muhim deb bilgan biror-bir mavzuda biz bilan bahs qilmoqchi boʻlsa, u bu ishning sohibi va mavlosi sayyidim Muhammad Idris ibn Sayyid Muhammad Mahdiy ibn Sayyid Muhammad Sunusiy bilan bogʻlanishi lozim. Faqatgina u zot ular bilan bahs qilish yoki qilmaslikni hal qiladi. Siz buni yaxshi bilasiz. Sayyidim Idrisning makoni, sizga maʻʻlumki, Misrdadir. Men va boshqa mujohidlar uning askarlarimiz. Uning buyrugʻiga xilof qilmaymiz. Allohdan unga xilof qilishimizni taqdir qilmasligini umid qilamiz. Aksincha boʻlsa, oʻzimiz tushishni hohlamagan joyga tushgan boʻlamiz. Alloh bizni va sizni toyilishdan asrasin. Biz faqat Allohning dushmanlari, vatan dushmanlari va oʻzimizning dushmanimiz bilan kurashmoqchimiz. Bizning qoʻlimizda hech qanday ixtiyor yoʻq. Agar sayyidimiz va valiyneʻʻmatimiz urushni toʻxtatishga amr qilsalar, uni toʻxtatamiz. Agar bunga amr qilmasalar, nimaga buyursalar shu uzra turamiz. Dushmanning samolyotlari, zambaraklari, tanklari, italʻyan, habash va Liviyalik askarlaridan qoʻrqmaymiz. Biz ularning quduqlarimizni va yaylovlarimizni zaxarlashlaridan qoʻrqmaymiz. Biz Allohning lashkarlarimiz. Allohning lashkarlari esa gʻolibdir. Biz sizga nasroniylar beradigan narsani hohlamaymiz. Siz haqingizda yaxshi gumondamiz. Alloh biz va sizni toʻgʻri yoʻlga muvaffaq qilib, unga hidoyat qilsin. Musulmonlar xizmati va sayyidimiz rizosini nasib qilsin. Islomning salomi islomga ergashganlargadir".
UMAR MUXTORNING BOSQINChILARGA QARShI KURAShI
Umar Muxtor italʻyan bosqinchilariga qarshi kurashni boshlar ekan, endi oʻzini Qurʻʻon muallimidan vatanini va Allohning dinini himoya qiladigan, bosqinchilarni quvishni maqsad qilgan mujohidga aylangan inson his qilar edi. Chadda frantsuzlarga qarshi jang qilganida sahroda urush qilish hadisini olgan, kuchli tajribaga ega boʻlgan Umar Muxtor sahro jugʻrofiyasini yaxshi bilar edi. Mana shu tajribalarini italʻyanlarga qarshi kurashganida ishga soldi. Buning aksi oʻlaroq italʻyanlar sahroni tushunishmas edi.
Umar Muxtor oʻz qoʻshini bilan italʻyanlarning otryadlariga tez hujum qilib yana sahro bagʻriga singib ketar edi. Ular sahro atroflarida joylashgan harbiy maskanlarga hujum qilishar, ularga keladigan yoʻllarni uzib qoʻyishar, yordamlarni toʻxtatib qoʻyishar edi. Bu narsa bir necha bor Italiya qoʻshini masʻʻullarini hayron qoldirgan edi. Harbiy tajribaga ega boʻlmagan badaviylar qoʻzgʻolonini bostira olishmagani uchun Italiya davlati jamoatchiligi oldida mushkul ahvolda qolgan edi.
Italʻyanlarga qarshi kurash
1911 yilda Italiya Usmoniylarga qarshi urush eʻʻlon qildi. Italiya oʻz qoʻshinlarini Bengʻoziy shahri sohillariga tushirishni boshladi. Bu hijriy 1329 yilga toʻgʻri keladi. Bu paytda Umar Muxtor sahroning qalbi boʻlmish Kafra shahrida Sunusiy tariqati mashoyixlari ziyoratida edi. U erdan qaytishda Jolu vohasi yoʻli bilan qaytdi. Ana shu asnoda italʻyanlarning bostirib kirgani haqidagi xabarni eshitdi. Darhol “Al-Qusur” xonaqosiga keldi. Avvalboshda Xaruba mintaqasida xos harbiy qarorgoh tashkil qildi. U erning ahli boʻlmish “Qullar” qabilasidan italʻyanlarga qarshi 1000 ta jangchini safarbar qildi. Soʻngra u erdan Rajmaga koʻchdi. U erda oʻz qoʻshini bilan Usmoniylar qoʻshiniga qoʻshildi. Soʻngra bu erdan 20 km uzoqlikda joylashgan Bengʻoziy janubidagi Banina shahriga borishdi. U erda bularga juda koʻp jangchilar qoʻshildi. Harbiy qarorgoh ular uchun poydevor boʻldi. Oʻsha erdan chiqib vaqti-vaqti bilan italʻyanlarga hujum qilib turishdi.
Saloviy jangida liviyalik jangchilar ekin dalasiga yashirinishdi. Birdan italʻyanlar hujumni boshlashdi. Dalada bir chuqur bor edi. Liviyalik jangchilar Umar Muxtorga oʻqdan saqlanishi uchun oʻsha chuqurga tushib olishini aytishdi. Umar Muxtor buni qatʻʻiy rad qildi. Ammo jangchilar uni chuqurga itarib tushirishdi. Jang mobaynida bir necha bor chiqishga harakat qildi, ammo jangchilari uni majburlab chuqurda ushlab turishdi.
1912 yilda Bolqon urushi boshlandi. Usmoniylar Italiya bilan sulh qilishga majbur boʻldi. Noyabrʻ oyida sulh shartnomasini Lozannada imzolashdi. Buning natijasi oʻlaroq Usmoniylar qoʻshini qoʻmondoni Azizbek Misriy Istanbulga ketishga majbur boʻldi. Oʻzi bilan Barqadagi 400 nafar Usmoniylar qoʻshinini ham olib ketdi. Bu narsa jangchilarni gʻazabini qoʻzgʻadi. Ular Usmoniy qoʻshinidan hech boʻlmasa qurollarini tashlab ketishni soʻrashdi. Bu narsa sulhning shartiga xilof edi. Shuning uchun ular bunga koʻnishmadi. Oʻrtada urush chiqdi. Ikki tomondan ham kishilar oʻldi. Oʻrtani isloh qilish uchun Umar Muxtorga odam yuborishdi. Umar kelib kishilarni Usmoniylar bilan jang qilmaslikka koʻndirdi.
1913 yil 6 may juma kunida ikki kun qattiq jang boʻldi. Bunda italʻyanlardan 70 kishi qatl qilindi, 400 kishi yarador boʻldi. Shu yilning 6 oktyabrida Ayni Morra mintasida “Bu Shimol” jangi boʻlib oʻtdi. 1914 yilning fevralʻ oyida Ummu Shaxnab, Shulzima va Zuvaytina janglari boʻlib oʻtdi. Umar Muxtor italʻyanlarga hujumi asnosida “Al-Qusur” xonaqosi va Taknis mintaqalari orasida koʻchib yurdi. Soʻngra bu mintaqalar italʻyanlarga oʻtdi. Umar Muxtor soʻngra “Abiyd” togʻidagi qarorgohga koʻchdi. Oʻsha erdan Dafna mintaqasidagi qabilalar bilan aloqa qilib turdi. 1913 yildan 1915 yilgacha qahatchilik boʻldi. Shu sababli urush orqaga ketdi. Italʻyanlar 1914 yil iyulʻ oyida Barqaning markaziy va shimoliy mintaqalarini egallashdi. Ahmad Sharif Sunusiy Misrda britaniyaliklarga hujum boshlaganida 1915 yilda chegarani kesib oʻtdi. Umar Muxtor unga qoʻshildi. Soʻngra keyinroq Liviyaga qaytib Idris Sunusiyga italʻyanlarga qarshi kurashida yordam bera boshladi.
1916 yilning yozida Ahmad Sharifning Barqadagi noibi hisoblanmish Idris Sunusiy Umar Muxtorni Xolid Himariy va Ibrohim Misrotiy bilan birgalikda Usmoniylarning Barqadagi vakili boʻlmish Nuriy Poshoning oldiga borishga va ularni Misrdagi inglizlarga qilayotgan hujumini toʻxtatishga chaqirishni talab qildi. Bu Nuriy Poshoni bezovta qildi. Ajdobiyada Idris Sunusiy Nuriy Poshoning iltimoslariga qaramasdan qarorini oʻzgartirishdan bosh tortdi. Shu orada shaharga italʻyan va ingliz delegatsiyasi keldi. Ular Zuvaytinada Idris Sunusiy bilan uchrashishdi. Ular Idris Sunusiy bilan Misrdagi inglizlarga qarshi kurashayotganlardan hujumni toʻxtatib turishlarini, Barqada ham italʻyanlarga qarshi hujumlarni toʻxtatib turishlarini soʻrab muzokara olib borishdi. Idris Sunusiy bu taklifga rozi boʻlib, tinchlikka moyil boʻldi hamda Zuvaytina shartnomasiga imzo chekdi.
Bu narsa keyinchalik Liviyada boʻlib oʻtgan barcha janglarda oʻz taʻʻsirini koʻrsatdi. Buning natijasida Nuriy Posho Misrotaga ketib qayta janglarni boshladi.
1923 yilning yanvarʻ oyida poytaxt Tarablus italʻyanlar qoʻliga oʻtgach, Muhammad Idris ham Misrga koʻchishga majbur boʻldi. Umar Muxtor esa Misrdan Barqadagi jangchilarga qoʻmondon oʻlaroq qaytib keldi. U “Axzar” togʻi aholisini jangga, italʻyanlarga qarshi kurashga daʻʻvat qildi, ularni urushga shijoatlantirdi. Kishilar turli qabilalardan koʻngilli ravishda italʻyanlarga qarshi kurashda Umar Muxtorning atrofiga jamlana boshlashdi. Umar Muxtor partizanlik jangini olib bordi. U bilan 100 kishidan 300 kishigacha jangchi toʻsatdan qilinadigan hujumlarda ishtirok qilar, soʻngra yana tezda koʻzdan gʻoyib boʻlishar edi. Bu janglar Umar Muxtor bilan italʻyanlar oʻrtasida dahshatli janglar kelib chiqishiga sabab boʻldi.
MISRGA SAFAR
1923 yil mart oyida Umar Muxtor Ali Posho bilan birgalikda Misrga safar qildi. Maqsad Amir Idris Sunusiyga ishlarning natijasi haqida hisobot berib, undan yangi koʻrsatmalar olish edi.
Italiya Misrdagi agentlari vositasida Umar Muxtor bilan bogʻlanib, agar u urushmasdan Bengʻoziydagi yoki Marjdagi uyida oʻtirsa, Italiyaning eʻʻtibori va mehri ostida boʻlishini, rasmiy Rim Umar Muxtorni Liviyaning eng nufuzli shaxsi sifatida tan olishini, agar Misrda qolsa, qochoq sifatida Idris Sunusiy bilan aloqasini uzgan holatda yashashi mumkinligini, Italiya hukumati unga toʻkinlikda yashashi uchun etib ortadigan maosh berishini, buning uchun Umar Muxtor xalqni Italiyaga qarshi chiqishdan qaytarishi kerakligini aytishdi. Italiya hukumati Umar Muxtorga bu taklifni Misrdan chiqib Barqaga kelgunicha bir necha marta aytdi. Ammo Umar Muxtor har safar taklifni rad qilib, ular bilan urushaverishini aytdi.
1923-1928 YILLAR ORASI
1923 yilda Italiyaning Liviyasi nisbatan tinch yashadi. Italiya hukumati Liviyaga nisbatan siyosatini oʻzgartirishga qaror qildi. Endi Sunusiylar harakati bilan murosa qilish va oʻzaro bir-birini tushunish siyosatidan voz kechib urush, kuch bilan boʻysundirish yoʻlini tanladi. Oldingi barcha kelishuvlarni bekor qildi. Yoppasiga hujum boshladi. “Axzar togʻi”da qaqshatqich janglar boʻlib oʻtdi. Kelasi yili yana ham qattiqroq janglar boʻldi. 1924-1925 yillar orasi liviyalik mujohidlar va italiyalik bosqinchilar orasidagi qonli toʻqnashuvlarga toʻla boʻldi. Liviyalik mujohidlar aksar harakatlarini togʻli hududlarda olib borishdi. Qoʻmondon Umar Muxtorning nomi har tomonga tarqaldi. Sahro farzandlari uning lashkarlari safiga qoʻshila bordi. Koʻp qabilalar ularga oziq-ovqat va quroldan yordam berib turishdi. “Barogʻis” qarorgohi asosiy harbiy qarorgoh boʻlib, Umar Muxtor shu erda turar edi. Umar Muxtorni rais noibi deyishar edi. Oliy mashvarat majlisini doimo Umar Muxtor olib borar edi. Oʻzi istagan shayxlarni, qabilalar kattalarini mashvaratga qoʻshar edi. Ularda oʻzini koʻrsatgan askarlarni taqdirlaydigan, harbiy unvon va mukofotlar ham taʻʻyin qilingan edi.
Italiya armiyasi bor eʻʻtiborini Barqa shahriga qaratdi. Ajdobiyaga qoʻshin kiritganidan to 1927 yilgacha urinishlari bekor ketdi. Umar Muxtor olib borilayotgan janglarni shaxsan oʻzi tashkillashtirar, oʻzi boshqarar edi. 1927 yilda Italiyaning Barqadagi armiyasi qoʻmondoni oʻzgardi. Aynan mana shu yili gʻarbiy Tarablusdan Rudolʻfo Gratsiani boshchiligidagi qoʻshinlar keldi. Gratsiani Jifra vohasi bilan Fizanning aksar qismini ishgʻol qildi. Italiya hukumati urushdan boshqa holatlar uchun ham katta mablagʻ toʻkdi. Qabila raislariga urushni toʻxtatishlari uchun katta-katta pullar vaʻʻda qila boshladi. Bu chora yaxshi samara berdi. Buning natijasi oʻlaroq ular Jugʻbubni, Maradani, Joluni, Avjalani qoʻlga kiritishdi.
Yuqoridagi joylarning egallanishi Umar Muxtorni Axzar togʻida yolgʻizlatib qoʻydi. Ammo Umar Muxtor Dirna va uning atroflarida hujumlar uyushtirib turdi. Bu bilan italʻyanlarni armiyasini urushga majbur qildi. Ikki kun qattiq urushishdi. Umar Muxtor gʻolib boʻldi. Italʻyanlar bir necha mashinani, toʻplarni va oʻq-dorilarni tashlab qochib qolishdi.
Umar Muxtor 22 yil italʻyanlar bilan jang qildi. Bu jang uning qoʻlga olinib, dorga osilishi bilan yakunlandi.
Umar Muxtorning qatl qilinishi
1931 yilning 16 sentyabrʻ chorshanba kuni ertalab soat toʻqqizda italʻyanlar Bengʻoziy shahri janubida mujohidlar shayxi, zangori togʻlar arsloni Umar Muxtorni uzoq yillik alamli kurashdan soʻng dorga osib oʻldirishdi. Italʻyanlar tabiatidagi razillik ularni xalqlar tarixi guvohi boʻlmagan ishni qilishga majburladi. Ular oʻlim jazosi ijrosini koʻrish uchun juda katta olomon yigʻishdi. Bengʻoziy aholisini va boshqa tomondagilarni oʻlim jazosini koʻrish uchun kelishga majburlashdi. Gratsiani taʻʻbiri bilan aytganda, yigirma mingdan kam odam jamlanmagan. Doktor Aniziy aytadi: "Italʻyanlar aholini va harbiy lagerlardagi asirlarni hamda Bengʻoziyga kelib qolganlarni dor qurilgan maydonga kelishga majburlashdi. Men ham oʻshalar ichida edim. Ammo meni juda qattiq mahzunlik egalladi. Qahramon mujohidni dor ostida koʻrishga toqatim etmas edi. Kasal boʻlib qoldim. Italʻyanlar mening kasalligimga aniq ishonishganidan keyingina bormasligimga ruxsat berishdi".
Maydonga haydab kelingan olomon Umar Muxtor rahmatullohi alayh olib kelinayotgan paytda unga boqib turar edi. U qoʻllari temir kishanlar bilan kishanlangan holda, sobit qadamlar bilan, yuzida esa tabassum porlagan holatda dor ostiga kelar edi. Bu tabassum vatan oʻgʻlonlariga uning oxirgi salomi edi. Kelayotib ogʻzidan shahodat kalimasi tushmadi. Buyuk shayxning yuzi shahodat bashorati va Allohning qazoi qadariga rozilik rohatidan yal-yal yonar edi. Uni dor ostiga olib kelishlari bilan osmonda samolyotlar paydo boʻlib, dor ustida aylanib pastlab ucha boshladi. Maqsad Umar Muxtor agar biror narsa gapirsa, uni xalqqa eshittirmaslik edi.
Umar Muxtor dor ostiga sabot va xotirjamlik bilan chiqdi. Unga yaqin turgan baʻʻzilarning aytishicha, u dor ayvoniga chiqayotib, past ovozda azon aytgan ekan. Unga yaqin turgan liviyalik amaldorlardan birining aytishicha, jallod uning boʻyniga arqonni solganida u Fajr surasining 27–28-oyatlarini oʻqigan: "Ey xotirjam nafs! Robbingga sen Undan, U sendan rozi boʻlgan holingda qayt!" Shu erda jallod zulm arqonini ishga tushirdi. Uning pokiza ruhi Robbisi tomon rozi boʻlgan va rozi boʻlingan holda yoʻl oldi.
Alloh taolo ulugʻ shayx Umar Muxtorning duosini qabul qilib uning oʻlimini aqidasi, dini va vatani yoʻlida qildi. Zero u doim: "Ey Robbim! Mening oʻlimimni shu muborak masala (vatan, din va aqida) yoʻlida qilgin", deb duo qilar edi.
Alloh buyuk shayx, mujohid, sahro arsloni Umar Muxtorni oʻz rahmatiga olgan boʻlsin!