15.11.2024 18:00
Quddus uchun Amerikaga qarshi chiqqan va oʻz jiyani tomonidan otib oʻldirilgan Saudiya qiroli
“Muqaddas Quddus bizni chaqirmoqda. Al-Aqso masjidi uni azoblardan qutqarishimizni kutmoqda. Nega qoʻrqamiz? Bizni nima ushlab turibdi? Oʻlimdan qoʻrqamizmi? Alloh yoʻlida oʻlishdan koʻra fazilatliroq oʻlim bormi? Ey musulmon birodarlar, biz qayta tirilishni istaymiz. Uning nomi yagona Islomdir. Bu na bir firqada, na bir qabilada yoki na bir ayro mazhabda tirilish. Bu Alloh yoʻlidagi jihod uchun tirilishdir. Parvardigordan oʻzining yoʻlida shahid boʻlishlikni nasib etishini soʻrayman. Bugun muqaddas shahar uchun jang qila olmasak, uning ozodligi uchun kurashmasak musulmon sifatida yashashimizdan ne maʻʻno”...
Ushbu soʻzlar 1975 yil 25 mart kuni oʻzining jiyani Faysal bin Musaid tomonidan otib oʻldirilgan Qirol Faysal bin Abdulaziz Al Saudga tegishli edi.
Faysal bin Abdulaziz 1906 yilning noyabrida Ar-Riyodda tugʻilgan. U Saudiya Arabistoni asoschisi Abdulaziz bin Saudning uchinchi oʻgʻli edi. Faysal yoshlik paytidayoq onasidan ayrilgan va onasi tomonidan bobosi Shayx Abdulloh bin Abdulatif qoʻlida tarbiya topgan.
U toʻqqiz yoshida Qurʻʻonni toʻliq yod oladi. Shuningdek, Faysal oʻsha davrda Arabiston yarim orolida keng tarqalgan anʻʻanaviy taʻʻlim muassasasi – “Kuttab”da oʻqish va yozishni oʻrganadi. Boʻlajak qirol bolaligidanoq oʻzining jasorati, donoligi va ziyrakligi bilan boshqalardan ajralib turgan.
Otasining qaramogʻiga qaytgach, Faysal siyosat va harbiy ishlar sohasida amaliy tajriba orttiradi, tinchlik va urush davrida insonlar bilan muomala qilish sirlarini oʻrganadi.
Faysalning erta ijtimoiy tarbiyasi uning notiqlik mahoratiga ham sezilarli taʻʻsir koʻrsatgan, u arab tilini mukammal bilgan. U oʻz fikrini aniq ifodalay olish va gapirmoqchi boʻlmagan mavzulardan qocha bilish qobiliyatiga ega edi. Manbalarda Faysal bosiq, mulohazali va kamgap inson sifatida tasvirlangan. Uning koʻp tinglab, kam gapirishi, soʻzlarini ehtiyotkorlik bilan tanlashi, oʻz fikrini qisqa va tushunarli qilib ifodalashi suhbatdoshlarida oʻzgacha taassurot qoldirgan. Shunga qaramay, Faysal mavjud muammolarning eng mayda tafsilotlarigacha oʻrganishdan erinmagan. U har qanday vaziyatga tezda moslasha olishi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlardi.
Ayniqsa qirolning zamondoshlari uning kamtarligini, hech kimga, hatto oʻz farzandlariga ham qoʻlini oʻpishga ruxsat bermasligini yozib qoldirishgan. Bu qoida har bir kishiga, ularning munosabati yoki mavqeidan qatʻʻi nazar, taalluqli edi. Faysal sabr-toqati, uzoqni koʻra bilish qobiliyati bilan ham ajralib turgan. Yaqinlarining aytishicha, u qaror qabul qilishga shoshilmas va isrofgarchilikdan qochardi. Hatto oʻzi bilan kelishmagan odamlarga nisbatan ham adolatli va xolis munosabatda boʻlardi.
Qirol Abdulaziz oʻgʻli Faysalga juda erta ishonch bildirgan va Birinchi jahon urushi tugashi arafasida 13 yoshli shahzodani inglizlar bilan uchrashish uchun Britaniyaga yuboradi. U Britaniyada shaxsiy saboq oladi va ingliz tilini oʻrganadi. 1925 yilda Usmonli xalifaligiga qarshi chiqib, bir necha yil Hijozni boshqargan Sharif Husayn magʻlubiyatga uchragach, 20 yoshli Faysal Hijozning amiri boʻladi.
U amirlik davrida dunyoning turli burchaklaridan Haj qilish uchun Saudiyaga kelayotgan musulmonlarga gʻamxoʻrlik qiladi. Faysal imkoni boricha ziyoratchilar bilan hamsuhbat boʻlib, ularni qiynayotgan muammolarga echim topib berishga intiladi. Oʻsha paytda bunday odamlar orasida Muhammad Asad va Malkolʻm X kabi taniqli shaxslar ham bor edi.
1926 yilda qirol Abdulaziz uni oʻziga bosh noib etib tayinlaydi. 1927 yilda Faysal Shoʻro kengashi raisi, 1932 yilda esa tashqi ishlar vaziri (Shoʻro kengashi raisligini saqlab qolgan holda) lavozimlarini egallaydi.
Tashqi ishlar vaziri sifatidagi faoliyati davomida uning eng dadil qarorlaridan biri Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan diplomatik aloqalarni uzish boʻlgan. Bu qaror BMTning Falastinni boʻlish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasiga javoban qabul qilingan.
U Saudiya Arabistoni nomidan turli xalqaro konferentsiyalarda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʻʻsis konferentsiyasida qatnashdi. 1953 yilda otasi vafotidan soʻng uning ukasi Saud bin Abdulaziz qirol boʻldi va Faysal bosh vazir etib tayinlandi. Biroq akasining notoʻgʻri boshqaruvi tufayli Faysal qirollik oilasi kengashi tomonidan oʻz lavozimidan chetlashtirildi. 1957 yilda qirollikda jiddiy moliyaviy inqiroz yuz beradi. Oqibatda hukumat Gʻarb mamlakatlari va Aramco’dan qarz olishga majbur boʻladi.
Orada qirol Saud kasal boʻlib qolib, davolanish uchun chet elga joʻnab ketadi. Sogʻligʻi yomonlashgani tufayli, qirolning toʻngʻich oʻgʻli shahzoda Muhammad vaziyatni muhokama qilish uchun ulamolar va shahzodalarni toʻplaydi. Ular bir ovozdan qirol Saudni oʻz lavozimida qoldirish va shahzoda Faysalga ichki va xalqaro ishlarni boshqarish vakolatini berishga kelishib oladi. Bu vakolat qirol mamlakatda yoki chet elda boʻlishidan qatʻʻi nazar oʻz kuchida qolishi koʻzda tutilgandi. Nihoyat, 1964 yil 2 noyabrda shahzoda Faysal Saudiya Arabistoni qiroli deb eʻʻlon qilinadi.
Qirol Faysal dunyodagi neftʻ zaxiralarining uchdan ikki qismini nazorat qiluvchi 13 davlat tomonidan tuzilgan Neftʻ eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEC)ning asoschilaridan biri edi. Boshqa arab rahbarlaridan farqli oʻlaroq, Faysal arab millatchiligidan koʻra, Islom birligini yoqlardi. Uning asosiy tashvishlaridan biri Arab-Isroil mojarosi, ayniqsa 1967 yilgi “Olti kunlik urush” edi. U arab ittifoqining magʻlubiyati va Isroil ishgʻolining kengayishidan eng koʻp kuyingan davlat rahbarlaridan biri boʻldi.
Faysal uchun burilish nuqtasi 1969 yil 21 avgustda avstraliyalik mutaassib yahudiy Maykl Dennis Rohan Quddusdagi Al-Aqso masjidiga oʻt qoʻyganida yuz berdi. Oʻshanda Salohiddin Quddusni fath qilganidan keyin oʻrnatgan yogʻoch minbarni yongʻin vayron qilib, masjidga jiddiy zarar etkazgandi.
Bunga javoban qirol Faysal Saudiya Arabistoni rahbarligidagi Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ni tuzdi. U Isroilni qattiq qoraladi va Al-Aqso masjididan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi.
Tashqi siyosat borasida qirol Faysal Isroilni har qanday tarzda qoʻllab-quvvatlagan mamlakatlar bilan diplomatik aloqalarni uzishdan choʻchimadi. Masalan, 1965 yil 14 mayda Gʻarbiy Germaniya Isroilga katta miqdorda pul toʻlashga rozi boʻlganida ham Faysal oʻz printsipida turdi. 1967 yilda Isroilning arab davlatlariga tajovuzidan keyin Saudiya Britaniyaga neftʻ eksportini toʻxtatdi.
Saudiya va Frantsiya oʻrtasidagi munosabatlar ham qirol Faysal hukmronligi davrida maʻʻlum darajada keskinlashdi. Bunga Faysalning Jazoir kabi Frantsiya mustamlakasi boʻlgan arab davlatlarini moliyaviy, harbiy va maʻʻnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagani sabab boʻldi. Ayniqsa Faysal va Frantsiya prezidenti Sharlʻ de Goll oʻrtasidagi uchrashuv frantsuzlarning arablarga nisbatan pozitsiyasi oʻzgarishiga xizmat qilgani eʻʻtiborli.
Qirol Faysal 1967 yilgi urushdan keyin Misrni qatʻʻiy qoʻllab-quvvatlashga eʻʻtibor qaratdi. 1973 yil 6 oktyabrda toʻrtinchi Arab-Isroil urushi boshlandi. Qirol Faysal Misr va Suriya bilan birgalikda sionistlarga qarshi jangga kirishdi.
1973 yilgi Yom Kipur urushida Misr va Suriya Isroilga hujum qilib, bosib olingan erlarni qaytarib olish uchun ittifoq tuzdi. Gʻarb davlatlari, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya Isroilni qoʻllab-quvvatladi. Bunga javoban qirol Faysal Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlarga neftʻ embargosini joriy qildi. Embargo global energiya inqiroziga olib keldi. AQSh Davlat kotibi Genri Kissinjer muzokaralar olib borish uchun qirol Faysal bilan uchrashdi, biroq Faysal barcha murosa takliflarini rad etdi. Kissinjer Saudiyaning neftʻ quduqlarini bombalash bilan tahdid qilganida, Faysal tarixda qoladigan dadil bayonot bilan chiqdi:
“Neftʻ quduqlarimizni bombalashingiz mumkin. Ota-bobolarimiz xurmo va tuya suti bilan ham kun koʻrgan. Biz yana shunday qilishimiz mumkin, lekin siz neftsiz yashay olmaysiz”, dedi u.
Qirol Faysalning “neftʻ jangi” Misr va Suriyaning tajovuzga qarshi harbiy harakatlari bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Bundan tashqari, qirol Faysal Saudiya Arabistoni qurolli kuchlariga front chizigʻidagi davlatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun tayyorgarlik koʻrish va Suriyaga oʻtish toʻgʻrisida buyruq berdi. Ushbu harbiy hamkorlik arablarning urushdagi gʻalabasiga hissa qoʻshdi. Urush birlashgan arab frontini shakllantirishga erishdi. Natijada AQSh Arab-Isroil mojarosini hal qilish uchun barcha diplomatik vositalaridan foydalanishga shoshildi. Evropa davlatlari va qoʻshilmagan sotsialistik mamlakatlar ham arablarni qoʻllab-quvvatladi. Afrika davlatlari hamjihatligi va islomiy birdamlik harakatlari ham vujudga keldi.
Shundan soʻng, qirol Faysal Gʻarbning qoʻrqinchli tushiga aylandi. Oʻz navbatida turli fitnalar va makr-hiylalar qilishda ustasi farang boʻlgan bu kuchlar jim qarab turishi ham mumkin emasdi.
1975 yil 25 mart kuni Saudiyadagi ochiq forumda qirolning jiyani – Faysal bin Musaid amakisini koʻrgani keldi. Uchrashuv chogʻida kutilmaganda jiyani qirolga qarata oʻq uzdi. Oʻqlarning biri uning yuziga, ikkinchisi boshiga tegadi, uchinchisi esa moʻljaldan adashadi. Oqibatda qirol Faysal shifoxonada vafot etadi.
Musaid koʻp yillar AQShda oʻqigan hamda alkogolik va giyohvand boʻlgan. U Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) tomonidan yollangan va Saudiya Arabistoniga amakisini oʻldirish uchun yuborilgan deb ishoniladi. Ehtimol Markaziy razvedka boshqarmasi uni maxfiy dori va amerikalik qiz doʻsti Kristin Surma orqali boshqargandir. Nima boʻlganda ham oʻzining aqlbovar qilmas ishlari bilan AQShni dovdiratib qoʻygan qirol Faysalning oʻldirilishi musulmon dunyosini larzaga soldi. Islom va arab dunyosi oʻz ustunlaridan biri bilan xayrlashdi.