26.06.2025 10:36
351
Qiyomat qoʻshigʻi
Xonadonimizga kirib kelgan ustalarning biri darhol eъtiborimni tortdi.
Otam-quram moʻysafid. Doʻxtir zoti sinchkovda. Darrov rang-roʻyga nazar tashlaydi. Bir soniya etarli boʻldi.
Bu rangpar, hilviragan vujudda anchagina dard mahkam oʻrnashib olganga oʻxshaydi. Xayolan ularni bir-bir sanayapmanu, keksa, kasalmand usta norgʻul yoshlar orasida nima karomat koʻrsata olishiga aqlim etmadi. Tanasidagi dardlardan tashqari, nigohi, yuragidan sizib, ruhiy holatini oshkor qilib qoʻyayotgan yana bir dunyo iztiroblari ham bor edi.
Bobosini sogʻinib qolgan Temurim qoʻqqis yugurib borib moʻysafidni quchoqladi. U ham nabiralarini sogʻingan chogʻi, choʻkkalab oʻgʻlimni quchoqlab, hidladi. Mijjasida yosh qalqdi. Soʻng uni koʻtarmoqchi boʻldiyu, turib ulgurmay chayqalib, gandiraklab qoldi. Usta yigitlar ushlab qolmasa, bola bilan yiqilishi turgan gap edi. Bechora qizarib, hijolatlanib, Temurni asta erga qoʻyib, arang eshitiladigan past ovozda mendanmi, undanmi uzr soʻradi.
-Aybga buyurmang qizim. Nevaralarimni sogʻinib qolibman. Bizdayam bitta shunaqa sarigʻvoy borda…
Uning gʻijimlanib otib yuborilgan qogʻozdan abgor yuziga qarab dadamni esladim.
Yoʻq. Dadam ancha xushroʻy. Yuzi nurlanib turadi. Ayniqsa jilmayganida, kulganida.
Bu odam esa kulsa ham yozilmay, badtar gʻijimlanayotganga oʻxshardi.
Eng dahshatli manzaraga oxirida eъtibor beribman. Tanasi bir tomonga ogʻib turar ekan. Bu menga eng engil shabada ham yiqita oladigan qurilish maydonidagi eski, omonat kranni eslatdi.
Ularni boshlab chiqqan qoʻshnimiz labi-labiga tegmay ustalarning ishini maqtar ekan, koʻnglimdan oʻtayotganlarni sezganday moʻysafidga alohida urgʻu berdi:
— Ayniqsa Komil amaki zoʻr! hHalol, chaqqon, tajribali… xullas «noʻmer adin» quruvchi. Yoshiga qaramang! Oʻnta yigitga dam beradi. Uxlamasa ham ishini bitiradi. Qolganlarni ham ortiqcha dam oldirmaydi. Oʻshanchun ishlari unumli. «Remont» ga esa gap yoʻq! Oʻzingiz koʻrdingizku! «Koroche», afsus qilmaysizlar, qoʻshni. Narx ham bozordagidan ancha arzon. Suv tekin desa ham boʻladi. Ikkilanmang!
Ustalar xonadonimizni bir qur koʻzdan kechirib, ish xajmiga qarab, insof bilan narx aytishdi. Maslahatlashib, bir toʻxtamga kelib, qoʻngʻiroq qilishimizni aytib, kuzatib qoʻydim. Ularning ham boshqa joyda bir oylik ishlari bor ekan.
…Temurbek qurilish-qurilish oʻynashni yoqtiradi. Mashinachalari ichida eng koʻpi — qurilish krani. Boʻlaklarga boʻlib, sochib tashlanadiganidan mitti mashinadan tortib, eng soʻngi rusumda, zamonaviy, elektron boshqaruvli, bir qancha ishlarni bajara oladigan, krani ham bor. Orqa, oldinga yuradi. Ipga bogʻlangan oʻyinchoq toʻsinlarni koʻtarib «qurilish maydoni»ga etkazadi. Vaqtida quvvatlantirib qoʻysak boʻldi.
Oʻsha kuni ham u odatdagidek mehmonxonani qurilish maydoniga aylantirib, sevimli kranini harakatga keltirdi. Qolgan ishlarni men bajaraman. Avval maydonni tozalab , bir savat «lego» gʻishtlarni toʻkib, eng baquvvatlaridan poydevor qurishim kerak. Rolga kirib «ishchi»larni gapirtirib turmasam gap ham eshitib olaman. Har kuni vazifamni aъlo darajada bajarib, mahorat bilan rollarimni ijro etardim. Bugun shashtim ancha past. Xayolim joyida emas.
Beton aralashtirgich, ekskovator, bulьdozer hatto oddiy yuk mashinasini ham eplab «mina» olmadim. Onasining kayfiyatsizligini ilgʻagan Temur hech kimga ishonmaydigan kranining boshqaruv uskunasini qoʻlimga tutqazdi:
— Mayli, bugun siz kranni mining!
Boshqaruv uskunasini qoʻlimga olib, «prorab»ning buyrugʻi bilan ipga bogʻlangan «toʻsin»larni kran tumshugʻiga ilib, tugmachasini bosdim… Har doim ishlarni engil bajaruvchi mashina negadir bu safar yukni koʻtara olmay bir-ikki chirandiyu, oʻchdi.
Temur toʻpolon koʻtarib, maъsuliyatsizligim uchun koyidi, soʻng allaqaerdan quvvatlantirgichni topib keldi.
Tushunarli. Demak uni quvvatlantirib qoʻyish yodimizdan chiqqan ekan.
Kechga yaqin shamol turdi va hech qancha oʻtmay uning uvillashiga yana bir nola qoʻshildi. Avval uni hovlidagi eski, zanglagan «kacheli»nikiga oʻxshatdim.
Gʻiyq-gʻiyq…gʻiyq-gʻiyq.
Yoʻq. Uniki emas. Axir uyimiz tagidagi bolalar maydonchasi allaqachon taъmirlanib, barcha uskunalar qatori eski temir argʻimchoq ham allaqachon almashtirilgandi.
Ovoz oshxonada balandroq eshitilayotgani uchun derazadan tashqariga qaradim va hammasiga tushundim.
Mahalla tomonda boʻlayotgan qurilishlarning biriga oʻrnatilgan qurilish kranlaridan birining tumshugʻi shamolda chayqalib ovoz chiqarayotgan ekan.
Shamol yana kuchaydi.
Negadir koʻzimda yosh xalqalandi.
Tashqaridan kelayotgan nolaga ortiq toqat qila olmay derazani yopdim.
Biroq ovoz yopiq derazani ham yorib, miyamni sur nayiday parmalab, qaysi xonaga qochmay ortimdan quvlab berkingani joy qoldirmadi.
Oʻsha topda qalbimda Alloxga bitta munojot bor edi. Yaratgan Egam Shamol, kran, deraza, uy, meni… va butun borliqni million zarralarga parchalab tashlasayu, dunyoni qaytadan — Temurimning qurilish maydonidagi kabi sodda, begʻubor qilib tiklab bersa…
Xuddi dilimdagilarni oʻqib turganday tabiat oʻkirib yigʻlab yubordi.
«Dunyoni oqizib ketaymi» degan shasht bilan jala quydi.
Vahimadan qoʻrqib ketgan oʻgʻlim pinjimga tiqildi:
-Allox yiglayapdimi aya?
Uni bagrimga bosib begubor koʻzlariga tikildim. Nimalardandir umidlanib, chuqur xoʻrsindim…
Oqshomga yaqin jala ham tindi. Asfaltni ariqcha topolmagan loyqa suvlar egallab, «dengiz» xosil boʻldi. Toʻlqin xosil qilib suza boshlagan mashinalar esa kemaga aylandi.
Bu manzarani koʻrgan oʻglimning koʻzlari porlab, yangi oʻyin topganidan quvonib, pastda maydonchada turgan mashinamizga ishora qilib qichqirib yubordi:
— Vauuu. Mani oʻzim kapitan boʻlaman. Ketdik oyi. Dengizda qolgan qurt, qumursqa, mushuk, kuchuklarni qutqaramiz!
Uni bagʻrimga bosdim. Dilim yorishib , birga pastga tushdik. «Kema»da toʻlqin xosil qilib suzdigu baribir choʻkaetganlarni topa olmadik. Uning xafsalasi pir boʻlsada ancha aylandik. Axiyri bir narsaga tushunib menga dalda bergan boʻldi:
-Mayli, demak Allox qutqaribdi hammani. Uyga ketdik, yoʻlda birortasi chiqib qolar…
Charchab uxlab qolgan «kapitan»imni koʻtarib lift tugmasini bossam, kelmadi. Demak yana buzilibdi.
Zinadan koʻtarila boshladim. Ikkinchi qavatga etmay, kimningdir siniq ovozi qulogʻimga chalindi. Kimdir birov eshitmasin deb, hech kim yoʻq zinada, telefonda gaplashayotgan edi
Ovoz shunchalik dardli ediki, beixtiyor kechagi moʻysafid yodimga tushdi.
Xa, ana! Xuddi oʻziku!
Zinaning temir toʻsiqlariga suyanib turgan boʻlsada yanayam qiyshayib, mayishib turardi. Nazarimda yana ozroq ogʻsa, toʻsiqlardan qulab tushadiganday qoʻrqib ketdim. Shoshib koʻtarilib, yigirma uch yil avval qurilgan uy baquvvat boʻlsada, toʻsiqlar omonatligini, yiqilsa mayib boʻlishini aytgim keldi-yu, qoʻlimdagi bolam va qaytishda doʻkondan toʻldirilgan xalta bilan odatdagidek ikkita zina oralab sakrab chiqolmay, ogir koʻtarila boshladim;
-Xoʻp, xoʻp dedimku kampir. Yuboraman. Ozgina sabr qilgin. Erta-indin berib qolar….Qancha?….Vay-boʻ!!! Ja baland narxku! Ozroq tushmasmikan? Aparasiyasi shunaqa qimmatmi? Dori -darmoni ichidami ishqilib?….Mayli-mayli yigʻlama. Rahmatli bolam va kelinimning arvoxi chirqiramasin!…
Qulogʻimga avval telefon orqali kimgadir berilgan savol, dalda, taskin… soʻng yana jaladan avvalgi qoʻrqinchli ovoz eshitildi;
Gʻiyq-gʻiyq..gʻiyq-gʻiyq… Uvvvv…
Qoʻlim band, qulogimni berkitolmay zinaga oʻtirib qoldim.
Soʻng yana dalda, taskin, savol:
— Nevaramiz albatta oyoqqa turib ketadi. Singlisi Barnoxonni koʻzini ham aparasiya qildiramiz. Balki Toshkonga olib kelarmiz….Qimmatmas, axmoq xotin! Zato bagʻda ancha tajribali doʻxtirlar bor!
Gʻiyq-gʻiyq..gʻiyq-gʻiyq… Uvvvv…
-Mandan xavotir olma! Otdayman. Eeee, oʻlmayman xali.
Odatimga xilof ravishda boʻlsa ham, gunoh boʻlsa ham miq etmay, choʻkkalab, eshityapman.
-Bugun bir million chiqarvoraymi? …Yakshanba kuni yubordimku. Xozir topolmasam kerak onasi… Bilaman, tushunib turibman…mayli bir amallarman….
-Kreditmi? Uniyam vaqti kelib qoldimi? Bonkdan kelgan oʻsha xodimga kreditga uy olgan bolam va kelinimni Rossiyadan oʻligi keldi, xozir pulimiz yoʻq, ozgina sabr qilinglar demaysanmi?… Cholim shu yoshda Toshkonga ketdi. Pul topib kelar, deganingda, balki rahmilari kelib, sabr qilisharmidi, deyapman-da…
Gʻiyq-gʻiyq..gʻiyq-gʻiyq… Uvvvv…
-Bir nevaram rak, ikkinchisining koʻzi minus sakkiz, ota-onasining oʻlimidan soʻng gapirmay qoʻydi demaysanmi?….Dedingmi? Indashmadimi?
— Qarindosh urugimizda pul nima qilsin? Hammasi ham biz kabi bechora dedingmi? Narigi oʻglim ham Rossiyadayu uch oydan beri oylik olmabdi, demadingmi? Buyragi ham ogʻriydi, demadingmi? Xa, bilaman eshitishmaydi, tushunishmaydi… Mayli , bir amallarman.
Yiglama kampir…
— …Svetni qachan oʻchirishdi? Yangi uchyochik notoʻgʻri hisoblayapti, unchalik koʻp yoqmaganmiz demabsanda… Ogʻildagi goʻngni sotvoramizmi kampir?… Molingdan estalik boʻlib turmaydiku! Qish uzaaagʻ…. Tappini bir amallarmiz. Anu ikkita oʻrikni kestiraman borsam, oʻtindan xavotir olma! …Qantak, qantak… Bilaman nevaralaring eyishini, oʻtin ham kerakku, kampir…
Uvvvv….Gʻiyq-gʻiyq..gʻiyq-gʻiiiiiiyq… Uvvvv…
-Qattiqroq ishlayman deyapmanku… Ha, qarzi bor uy egasinikiga keldik. Bugun ham ozgina ishlarini qilib berdim. Lekin, hozir bir tiyin pullari yoʻq ekan. Berib qolar…. Yigʻlama, tushunyapman, doriga… Yashaydi, yashaydi nevarang. Barno ham gapiradi, koʻzi «aparasa» boʻladi.
Hammasini tushundim.
Miyamni parmalayotgan ovoz, anuv kran va shamoldan emas, shu moʻysafidning ichidan chiqayotgan ekan!
E,Allox! Agar bir gʻaribingni faryodi shu qadar boʻlsa, millionlab yoʻqsil, bechoralaringniki qanaqa boʻladi?!
Bank, kredit, dori, qarz, tappi, oʻlim…
Bunaqada lugʻatdagi barcha soʻzlarni yomon koʻrib qolamanku!
Etim, esir, yoʻqsilni yiqitayotgan, dard, yoʻqchilik… oʻlimni tan olmaydigan sudxoʻr banklarga, katta -kichik idoralarga oʻt qoʻysam, dunyoga oʻt ketmaydimi?!
Yigirma birinchi asrda tappi bilan isinaetgan bolalaringni terib chiqsam, quyosh erib ketmaydimi?!
Oʻgʻlimni koʻtarma kranichalik kuchi yoʻq anavi moʻysafidingni, dala-dasht, bozor, qurilishlarda, oʻrisni sovuq oʻrmonlarilayu, karisning zavodlarida qariyotgan minglab mehnatkashlaringni quvvatlantiruvchi muruvati – bola, chaqasi.
Nega anavi cholni bunchalik ogʻir sinayapsan? Boyaqishning jajji quvvatlantirgichlari ham oʻchsa qiyomat koʻpmaydimi?!
Ha, bechoraga bir molning boʻqini ham koʻp koʻrayotgan dunyoya!
Iltimos, Allohim, boyagi jalangdan oʻn baravar, yuz baravar kuchlirogʻini elektr, gaz…ni sotayotganlar, oʻmarayotganlar, notoʻgʻri hisoblaydigan hisoblagichlar ishlab chiqaradiganlaru, katta-kichik xaromxoʻrlarning, xalq hisobiga choʻchqadek semirayotganlarning ustiga yogʻdir!
Bolalarni otadan,ota-onalarni bolalaridan ayirib mardikorchilik qilishga majbur qilayotganlarni yigʻib qiyomatga surgun qil!
Barcha mevali daraxtlaring oʻtin boʻlib yoqilaversa, bolaligimda shirasi tilimni yorgan qantagingni mazasini unutib, shirin ertaklar emas, daxshat, qiyomatlarni yozamanku!
Nahot tarixda nomim ertakchi emas, isyonkor boʻlib qoladi?!
-Bir millionni bugun yubora olmayman kampir… ilojim yoʻq! Yuragimni ezma…
….Gʻiyq-gʻiyq..gʻiyq-gʻiyq… Uvvvv
Yana ozgina eshitsam, moʻysafidni arang tutib turgan temir toʻsiqlar ham, uy ham, dunyo ham dosh bera olmaydi…
Oʻrnimdan bola, xalta bilan qanday sakrab turganimni bilmayman.
Uyga chopdim. Bir milliondan sal kamroq pulim bor ekan. Olib yana zina tomon chopdim.
Koʻzim jiqqa yosh, telefonini oʻchirgan amakining qoʻliga tutqazdim. U barchasini tushundi. Goʻyo gapirib aybli ish qilib qoʻyganday, boshini xam qildi. Oʻzi ham yigʻlayapdi-yu, qani pulni olsa! Majburlab berdim.
-Oling, ikkilanmang. Baribir uy taъmiriga chaqiramizku. Vodiylikka oʻxshaysiz. Qolaversa musofirsiz. Agar shuncha dardingizni eshitib, indamay, jim ketsam, qiyomatda roʻbaroʻ kelib qolsak, nima deyman, amaki?!
Keyin nevarangiz yotgan kasalxona maъlumotlarini ham bering. Balki shifokorlar bilan gaplashib koʻrarman. Keyin kichik nevarangizni ham koʻrsatamiz.
Boyaqish elkalari silkingancha yigʻlab, telefon titkilab, kimningdir raqamlarini topib, aytyapdiyu, tinmay duo qiladi. Qayta-qayta qarzini qaytarib berishini aytiyu, qiyshiq qaddini biroz rostlab zinadan tushib ketdi.
Ertasiga tongdayoq sabrim etmay norasta bolakayning shifokoriga qoʻngʻiroq qildim. Qiziloʻngach saratonini ekan. Bu kasallik bilan avval katta yoshdagi odamlargina ogʻrigan. Afsus, oxirgi paytlar bolalar oʻrtasida ham uchrab qoldi.
Toʻyib- toʻymay, keyin pala-partish ovqatlanish , oʻta issiq , yoki oʻta muzdek taom va ichimliklarni isteъmol qilish, ximiya bodrab ketgan shirinliklar, ogriq qoldiruvchi, isitma tushiruvchi kabi turli hil, reklamasi koʻpchigan zaxri qotillar urchitib yuborgan maraz dard.
Xartugul, boshlanishi ekan, demak davolasa boʻladi. Shifokor Toshkentga olib ketishni maslahat berdi. Oʻzimning niyatim ham shu edi.
Keyin Temurbegimni etaklab bolalar maydonchasiga tushdim. Kecha ustalarni boshlab chiqqan qoʻshnimiz ham bolasini olib tushgan ekan. Kayfiyati chogʻ. Aylanib oʻrgilib koʻrishdi.
-Kayfiyatingiz zoʻrku!
-Boʻlmasamchi? Kecha gapni pulini olganman. Bugun xoʻjayin manga moshina olib kelyapdilar. «Kobalьt». Gapni puliga esa yuvib beraman. «Buhoro kafe»ga oʻtorasiz qoʻshni. Siznikidaka toʻq qizilini xoxlagandim. Mokriy aspalt boʻp qoldi. Shunisiga ham shukur!
Odatda bunaqa vaqtda chin yurakdan tabriklardim. Ammo bu safar tilim tanglayimga yopishib qoldi. Miyamda yana oʻsha ovoz paydo boʻldi:
Gʻiyq-gʻiyq…gʻiyq-gʻiyq…uvvvvv….
Keyin, kecha oqshom zinada eshitgan gaplarim ham jarangladi:
«Qarzi bor uyga keldik. Yaga biroz ishi bor ekan qilib berdim. Lekin xozir bir tiyin pullari yoʻq ekan. Berib qolar….»
Qoʻshniga uning gaplarini soʻzma-soʻz, dona -dona qilib takrorladim. Ammo uning bir tuki qilt etmadi. Yoʻq, xunuk irshaydi:
-Ufffff….Bilaman. Ozgina qarzimiz qolgan. Beramiz! Oʻzi it chaqirmaydigan qishlaqi ustalar boʻlsa. Bir tanishimning tanishlari ekan, rahmimiz kelib «remoʻnt» qildirgandik…
-Kecha maqtadingizku! Qolaversa oʻzim ham koʻrdim.
U iljaydi:
-Rostdan ishlari zoʻr! Eshakday ishlashadi.Boshqalar kabi choʻzilmay, vaqtidan oldinroq bajarishadi. Lekin, deyarli hamma pullarini oʻz vaqtida berganmiz. Endi arzimagan summa qolganida diydiyo qilib yuribdimi? Agar moshina olmaganimizda kecha bervorardim. Uyga odam keladiku qoʻshni. Qolaversa «gap»im bor.
Unga boshqa bir ogʻiz gapirmadim. Nafrat va nadomat bilan bosh chayqab, uzoqlashdim. Qoʻlim musht tugilgan, koʻzim jiqqa yosh miyamni esa birgina sas parmalardi:
Gʻiyq-gʻiyq… gʻiyq-gʻiyq… uvvvv!
Muazzam IBROHIMOVA