26.11.2024 21:30
Qurol-aslaharni yigʻish Abdulfattohga yuklangandi. Chunki uning tijorati bu ishda qoʻl kelardi. Tijoriy mollari bu ishga yaxshigina gʻilof boʻlardi. Shunday qilib, oz fursat ichida tashkillashgan guruhlar kichik-kichik amaliyotlar - Isroil harbiy mashinalariga granata uloqtirish, oʻqqa tutish yoki mergan orqali askarlarni moʻljalga olish kabilar bilan shugʻullanishni boshlab oldi. Yangi uyushgan boʻlishiga qaramay, xuddi ilgari asos solingan boshqa mintaqadagi jangchilardek amaliyot olib borishardi.
Allaqaysi amaliyotlarning birida ushbu guruh aʻʻzolaridan biri kichik bir xatoga yoʻl qoʻyib, guruh aʻʻzolari qoʻlga olinadi. Soʻng ular qattiq tazyiq oʻtkazilib, tergov qilganida, ayrimlar aybini eʻʻtirof qilishadi. Shu tarzda surishtiruvlar natijasidagi taxminlar Abu Aliyga olib boradi. Oʻshanda Abu Aliyni qoʻlga olib, qattiq qiynoqqa solishgandi. Abu Aliy sabotli va qatʻʻiyatli inson edi, qoʻyilgan mayda-chuyda ayblarni ham boʻyniga olmadi.
Abu Aliyning ishi koʻrilar ekan, surushtiruv natijalari Abdulfattoh bilan qalin doʻst boʻlganini, ikkisi osh-qatiq boʻlib yurishganlari haqidagi maʻʻlumotlarni ham qoʻlga kiritishgandi. Shundan keyin Abdulfattohning uyiga bir gala harbiylar kelib, uyini qattiq taftish qilishdi. Jihozlarini agʻdar-toʻntar qilib, ayoli (Fathiya xola)ni ham qoʻlidagi matohi bilan doʻpposladilar. Hatto, qoʻlidagi chaqalogʻi ham onasiga kelib tushayotgan zarbalardan oʻz nasibasini olgandi. Uzoq davom etgan taftishdan soʻng Abdulfattohni Xalil qamoqxonasiga olib ketishdi. U erda uni jahannam azobiga roʻbaroʻ qildilar. Kuchli qiynoqlarga solishdi. Tergovda undan Abu Aliy haqida, u bilan qanday aloqasi borligi haqida soʻrashardi. Goʻyo Abu Aliy barchasiga iqror boʻlganini, endi inkor qilishga oʻrin qolmaganini, bekordan-bekorga qiynalayotganini aytib, hiyla ham qilishardi. Hech narsani boʻyniga qoʻyisha olmagach, Abdulfattohni olti oylik maʻʻmuriy qamoqqa olishga hukm qilishdi. Abu Aliy esa ayrim yigitlarning qiynoqqa dosh berolmay bergan bayonotlariga asoslanib, besh yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
Mana shu erdan boshlab Abdulfattohning yangi olamga - qamoqxona olamiga sayohat boshlagandi. Xolam qoʻlida goʻdagi bilan har oyda bir marta koʻrishishga borardi.
***
Qishloq markazidan Xalilga yuradigan birgina avtobus boʻlardi. Markazdan to Xalil shahridagi harbiy qarorgohda joylashgan qamoqxonagacha yoʻl uzoq, soatlab yurilardi. Qamoqxona tashqarisida yuzlab odamlarning mahbuslikda saqlanayotgan farzandlari va yaqinliri ziyoratiga kelganini kurish mumkin. Xolam ham ayollar turgan qatorga oʻtib, bir qoʻlida bolasi, ikkinchi qoʻlida shaxsini tasdiqlovchi hujjat (aydikart)ni ushlab turardi. Navbat koʻpligidan xolamning navbati kelgunicha posbonlarning ish vaqti tugab, keyingi kun kelishlarini eʻʻlon qilishardi. Alal-oqibat navbati ham kelib, panjarali eshik ortida turgan zobitga qoʻlidagi hujjatini berardi. Zobit tekshirar, roʻyxatiga kiritib, eshikni ochardi. Ichkarida boʻlsa, bir harbiy ayol past nazar ila boqar, xaqoratomuz uslubda taftish qilardi. Xolam zoʻrgʻa erishilgan koʻrishish fursatini boy berishdan qoʻrqib, pastkash taftishchi ayolga nisbatan gʻazabini ichiga yutardi. Taftishdan ham oʻtgach, hamma ziyoratga kelgan ayollar bir xonaga jamlanib, soʻng zaif yoritiladigan uzun yoʻlaklar-u dahlizlardan olib oʻtilar, soʻng, simli panjaralar qilingan devorga olib kirilardi. Har bir deraza oldida bir asir turib, ziyoratga kelganlar orasidan oʻzining yaqinlarini qidirardi. Yaqinini topgan ziyoratchilar oʻsha panjaralarga otilib borar , bolakaylar otasining boʻynidan qucholmay yigʻlab suhbatlashishardi. Kimlardir jigargoʻshasini koʻrgani kelgan, rahm qilmas kishanlarda turgan farzandining ahvolidan kuyib, koʻzlaridan duv-duv yoshlar oqardi. Uzoq masofani bosib, uzun navbatlarda kunlab kutib, xaqoratli taftishlariga koʻz yumib, fayzsiz, qorongʻu yoʻlaklaridan bosib oʻtib etishgan yaqinlariga hali toʻymasidan turib posbonlarning «Ziyorat vaqti tugadi», deya baqirgan ovozi tishni milkdan sugʻurganday ziyoratchilarni asirlardan yulib chiqardi. Ziyorat vaqti tugaganini bildirgan posbonlarning ikki kaftini bir-biriga urib chiqarayotgan ovoz aslida yaqinlariga mushtoq qalblarni yanchar edi. Asirlarni sudrab, orqaga tortishar, ziyoratga kelganlarni esa tashqariga turtkilab chiqarishardi. Bu payt hamma ziyoratchilarning hissiyotlari joʻshib yigʻi-sigʻi ovozidan shovqin koʻtarilardi. Xolam esa posbonlardan koʻz yoshini yashirar, erining haq ekanligini aytib, bardam boʻlishga chorlar edi. Posbonlar ziyoratchilarni turtkilab chiqararkan, xolam beixtiyor koʻzidan tomayotgan koʻz yoshini roʻmolining bir burchagiga artib, yigʻlayotgan odamlar oralab: «Siqilmang, muhimi, bardam boʻling! Hech narsani oʻylamang, hoʻpmi? Xayr. Ketyapmiz...» - deya uzoqdan turib baland ovozda xayrlashardi.
***
Turli koʻchalarda, qishloqlar va lagerlarda yangi-yangi paydo boʻlayotgan guruhlar yangi qoʻlga kiritgan yoki ota-bobosidan meros qolib yashirib qoʻygan qurollarini olib, Gʻarbiy Sohilning vayrona boʻlgan erlariga qadar yoyilib borardi. Yigitlar turli vodiylar va baland togʻli hududlar orqasiga joylashib, oʻzlari bilan olib kelgan qurollarini ishlatish rejasini tuzishardi. Dushman koʻringanida qoʻllaridagi qurol-aslahalari oddiy va oz boʻlishiga qaramay, qolaversa, jangovar tajribasi boʻlmasa-da toʻqnashuvga mushtoq boʻlib, hozir turishardi. Sababi, ular doshqozondagi qaynayotgan suvdek qaynab toshardilar.
Oʻsha, Abdulfattoh bilan Abu Aliy bir guruh tujjorlar bilan choyxoʻrlik qilinadigan doʻkonda tijoratchilar yana oʻtirvolib gap sotishardi. Ular Abdulfattoh bilan Abu Aliyning hibsga olinishi, yosh umrlarini hazon qilganlari haqida suhbatlashishardi. Ayrimlar jang qilmaslik kerakligini aytsa, boshqasi avvaldan ikkalasi haqida shunday gumoni boʻlganligini aytardi. Yana kimdir ularni hibsga olinishi, ularning qilgan ishlarida chin, xolis ekanini bildirishini aytib, maqtardi. Yana biri boʻlsa, agar Abdulfattoh jimgina tijoratini qilib yurganida, kuniga uch Isroil lirasi ishlab topgan boʻlishini, shuncha vaqt qamoqda oʻtirish oʻrniga 500 liradan koʻproq pul topgan boʻlishini aytib, hisob-kitob qilardi.
Isroilga qarshilik qilayotgan jangarilar sababli koʻpchilikning iqtisodiy ahvoli juda yomon edi. Shuni bahona qilib, bosib olingan hududda yangi shahar barpo qilish uchun koʻplab ishchilarga ehtiyoj borligini olgʻa surishardi. Bundan qiynalib qolgan falastinliklarga yordam qoʻlini choʻzmoqchidek boʻlgani tushunilardi.
Xavfsizlik jihatidan obdon oʻrganib chiqilgach, chindan ham ishgʻol qilingan erlarga borib ishlash ruxsati eʻʻlon qilindi. Odamlar 1948 yili bosib olingan erlarga borib ishlash uchun hujjat topshira boshladilar. Bu narsa falastinliklar orasida oʻta kuchli ixtiloflarni keltirib chiqardi.
***
Hovlimiz orqasidagi majlisxonaga yana oqsoqollar yigʻila boshladi. Bobom keksayib qolgani, soʻnggi kunlarda betob boʻlganlariga ham qaramay har kungi yigʻilishga chiqar, hodisalar muhokamasiga muntazam aralashib kelardilar. Bu safargisida ham chiqdik. Yangi mavzuda odamlar ikkiga boʻlinib qoldi. Baʻʻzilar qattiq eʻʻtiroz bildirib, oʻzimizni oʻldirishga tashna dushmanimizning poydevorini mustahkamlab, yana oʻzimizga qarshi kuchliroq boʻlishiga hissa qoʻshmasligimiz kerak, derdi. Kimlardir u erga borib ishlashni xiyonat turlaridan biri deya hisoblardi. Buning muqobili oʻlaroq, kimdir Isroil oyoqqa turib olganini, bir necha yuz yo ming odam borib ishlamagani bilan Isroil parchalanib qolmasligini aytib, borishni maʻʻqullardi. Ularning qarashiga koʻra, bu masalaga faqat bir jihatdan yondashmoq kerak edi - bir luqmaga zor, goʻdagiga sut zarur boʻlgan oilalar mavjudligini hisobga olish lozim. Qiyin va alamli boʻlishiga qaramay, Isroilga ishlashga oʻtishni maʻʻqullanishi ham xalqni qoʻllash demak, deya tushunishardi.
Choyxoʻr tijoratchilar majlisida Xalildan koʻra Isroilga borib ishlagan foydaliroq deb hisoblanardi. Chunki ularni raqamlar koʻproq qiziqtirardi. Nima boʻlganda ham, katta fursat eshigi ochilgan, iqtisodiy rivojlanishga zoʻr imkoniyat, deya baholanardi. Buning aksi oʻlaroq, jangchilar buni jinoyat deb bilishardi. Kimlar ishlashga borish ruxsatini olgani haqida maʻʻlumotlar yigʻib, buning xatarli ekanligini tushuntirganlaridan soʻng hujjatlarini yirtib yuborishar, gapga kirmaganlarga bir-ikki marta tushirib, esini kiritib qoʻyishardi. Yoki qattiqroq gapirib boʻlsa ham qaytarishardi.
Ishlashga ruxsatni qoʻlga kiritganlarning biri sakkiz bolasi borligini, xayriya jamgʻarmalari beradigan yordamlar ularga etmagani uchun ishlagani bormasa boʻlmasligini aytib, iltimos qilardi. Buning oqibatini tushuntirolmagan jangarilardan biri koʻzidan yoshlar oqib, qoʻpolliklarsiz ruxsatnomani ming hijolatda yirtib tashlaydi.
Ettinchi fasl
Mahmud akamning yakuniy imtihonlaridan bir necha hafta oldin uyimizda favqulodda holat joriy qilindi. Qay birimiz ovozimizni koʻtarib gapirsak, onam «Mahmud akangning yakuniy imtihoni bor, biroz tinchlik yaratib beringlar», deb koyirdilar. Odatdagiday quvlashmachoq oʻynasak, yo birortamizning qoʻlimizdan nimadir tushib ketsa, yo birimiz boshqamizga hazil qilib silkib qoʻysak ham, qulogʻimizdan burab qoʻyardi, yo bir tarsakidan nasiba olib olardik. Onamning dardi Mahmud akamning imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib olishi boʻlib qolgandi, xolos.
Qay birimizga onamning keltagini egizishni xohlab qolsak, oʻshanga qarab yuzimizni burishtirib, kulguli qiliqlar qilardik. Koʻpincha opam bunday holatda oʻzini tutib turolmay, kulib yuborardi. Qancha oʻzimizni bosishga harakat qilmaylik, beixtiyor kulib yuborardik va yana kulayotganimizning sababini bilolmagan onamdan nasibamizni olardik.
Biz yillik imtihonlarimizni tugatgan boʻlsak, Mahmud akamning yakuniy imtihonlari bir oyga kechikkan edi. Bu imtihonlarimizni yakunlagan boʻlishimizga qaramay, favqulodda holat yana davom etadi, degani edi. Shunday qilib, Mahmud akamning imtihonlari tugashini Isroil bosqini tugashidan ham koʻproq kutdik. Va nihoyat, soʻnggi imtihonini yakunlab, maktabdan qaytib kelganida, katta marosim bilan kutib oldik. Ikki oy ichimizga yutganlarimizni sochib soldik. Uyimiz baqir-chaqir kulgu ovoziga toʻldi. Hamma - aka-uka, opa-singllarim bilan Mahmud akamga yopirilib, urib-tepib ikki oylik alamimizni oldik. Onam avvaliga rostdan urishyapti deb oʻylab, «Nima qilyapsizlar? Boʻldi qilinglar!» - deya baqirardi, ammo foydasi yoʻq edi. Oxiri oʻzi ham kulib yuborganini yashirolmay qoldi, onaginam. Keyin Mahmud akamga qoʻshilib hammamiz onamga hujum qilib, birimiz qoʻllaridan, birimiz oyoqlaridan, yana birimiz peshonasidan oʻpib erkaladik. Onam boʻlsalar, bizdan qochishga urinar, biz esa ortidan quvib, etib olib, yana quchoqlardik. Sovuqdan yorilgan, mehnatlar oqibatida toshday qotgan mehrigiyo qoʻllari bilan ogʻzini toʻsib kulgusini yashirmoqchi boʻlsalar-da, allasini tinglab ulgʻaygan quloqlarimizdan kulgu tovushlarini yashirolmasdi.
Imtihon natijalari hammamiz uchun muvaffaqiyatli boʻldi, faqat 9-sinfda oʻqiyotgan amakivachcham Hasan imtihondan yiqilgandi. Endi ikki oy kuchli nazorat ostida boʻlgan Mahmud akamning natijalarini kutishimiz qolgandi, xolos. Uning yakuniy natijasi keladigan kuni yanada jiddiyroq favqulotda holat eʻʻlon qilindi. Hammamiz Mahmud akamni qanday xabar olib kelar ekan, deya kutardik. Kun boʻyi kuttirgan akam darvozadan xursandchiligi ichiga sigʻmay chopib kirdi. Kirib, birinchi aytgan soʻzi: «Ona! 92 foiz ekan!» - boʻldi. Onam zagʻrura chalib nishonladi, biz boʻlsak, yana ikki oylik mehnatimiz samarasini oʻtgan galgiday akamni bosib olib, qiynoqqa solish bilan nishonladik.
Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor