16.11.2024 20:00
“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, ettinchi qism)
Marhum qoʻmondon, Falastinning HAMAS ozodlik harakati etakchisi Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda davom etamiz. Ettinchi qism. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor.
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism
***
Beshinchi fasl
Yaqinda turmushga uzatilgan Fathiya xolam eri bilan biznikiga mehmon boʻlib kelishdi. Onam xolamni bagʻriga bosib kutib oldi. Xolam har birimizning yuzimizdan oʻpib koʻrishdi. Bu vaqt onam mehmonlar uchun joy hozirlashga kirib ketgandi. Bobomni uygʻotib chiqdik, bobom qoʻlida bozorlik koʻtarib turgan pochchamizning qoʻlidan narsalarini olib, iliq kutib oldi. Fotima opam choy qoʻydi. Bir finjon choy ichib, pochcha togʻamning ham oldiga borish uchun izn soʻradi. Xolam bir kun biz bilan qolsalar, ertaga olib ketishini aytib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Bobom uni qolishga harchand koʻndirishga urinmasin, zaril ishlari borligini aytib, uzrini aytdi. Shundan soʻng ularni eshik oldigacha kuzatib qoʻydik. Bobom oʻz xonasiga kirib ketdi, onam bilan xolam esa onamning xonasiga kirib oʻtirishdi. Biz ham ularning atrofida halqa boʻlib oʻtirib oldik. Onam xolamlar olib kelgan savatni ochib, ichidagilarni xontaxtaga qoʻya boshladi. Xaltalarning birida koʻpgina qip-qizil olmalar bor edi. Ilgari bunaqa olma emagan, koʻrmagandim. Umrim boʻyi ikki yo uch marta olma eganimni eslay olaman, lekin biz egan olma bunday chiroyli emasdi. Boshqa bir xaltada esa biz hatto ismini ham bilmaydigan meva bor ekan. Ulgʻayganimdan keyin u mevaning nomi shaftoli ekanligini bilganman. Yana bir xaltadan sutli mahsulot chiqdi. Onam savatdagi noz-neʻʻmatlarni olarkan, xolamga qarab: «Nega buncha narsa olib oʻzingni urintirding, Fathiya?!» - dedi. Fathiya xolam koʻzlaridan yoshlar oqib: «Opa, xoʻjaynimning ishlari yaxshi, ammo, nachora, qaniydi sizga koʻproq yordam berolsam!» - deya rahmi kelganday boʻldi. Onam mevalarni savatdan olarkan, tashqariga chiqib, yuvib keldi-da, Mahmud akamga: "Buni bobongga, bunisini amakingning bollariga olib chiqib ber", deya taqsimlab berdi. Shunday qilib, kun boʻyi yangi mehmonimiz - jonajon xolamizning oldilaridan jilmadik.
Abdulfattoh pochchamiz tuni bilan togʻamning aziz mehmoni boʻldi. Togʻamga Xalil mintaqasi, boshqa shahar va qishloqlardagi vaziyatlar haqida gapirib berdi. Abdulfattoh pochcha ikki-uch yil oldingina oʻn birinchi sinfni tamomlagan edi. Undan soʻng otasining ishlarida koʻmaklashib kelgan. Uydagi chorva hayvonlarining parvarishi bilan mashgʻul boʻlgan. U otasi bilan Iordaniyadagi Saudiya universitetlaridan biriga oʻqishga kirish masalasini maslahat qilib turgandi.
Togʻam Abdulfattoh ogʻadan oʻzimizning fidoyi jangchilar, Isroil ishgʻoli soʻnggi uch yil ichida odamlarning ruhiyatiga taʻʻsiri, iqtisodiy ahvollari va nimalar reja qilinayotgani haqida soʻradi.
Xalil shahri bosib olinganidan soʻng «Ibrohim haram»ini ziyorat qilish maqsadida tashqaridan sayyohlar toʻlqini oqib kira boshlagandi. Bu erga yahudlar oʻzlarini haqli deb hisoblardilar. Sayyohlar oqimi bu shahar iqtisodining unib-oʻsishiga turtki boʻlgandi. Sababi, shahar tujjorlari oʻz mahsulotlarini sayyohlarga imkon qadar eng qimmat bahoda sotishga harakat qilishardi. Hatto eman daraxti yongʻoqlarini ham yaxshigina pullashardi. Ular buni Ibrohim bobomizning yurtidan yodgorlik, muqaddas deb eʻʻtiqod qilishardi. Bundan tashqari, nimaiki jihozlarga ehtiyoji boʻlsa, yahudlar shu shahardan xarid qiladigan boʻlishdi. Shu sababdan ham iqtisodiy oʻsish kuzatilgandi.
Isroil askarlari u erda koʻp ham odamlar orasiga kirmasdi. Bunga sabab, ushbu shahar bosib olinganidan soʻng Xalildagi milliy xavfsizlik raisi Shayx Jaʻʻbariyning Isroil qoʻmondonlari bilan kelishuvida harbiylar oddiy aholiga tajovuz qilmasligini soʻragan boʻlishi taxmin qilinardi. Uchrashuvdagi Isroil qoʻmondonlarining raisi Mushiyan Dayan boʻlgan. U bu kelishuvga amal qilib, harbiylarini oddiy aholidan uzoq tutishga buyurgan.
U erning aholisi hali magʻlubiyat uyqusidan uygʻonib ulgurmagandi. Magʻlabiyat odamlarning yahudlarga boʻlgan qoʻrquvini boshqarardi. Koʻchalarda yahudlar istaganicha bir oʻzi bemalol sayr qilib yuraverar, hech kim hech narsa qilolmas, bordiyu kimdir biror chora koʻrish haqida oʻylaguday boʻlsa, atrofidagilar qoʻrqib, uni shashtidan qaytarib qoʻyardi. Shunday boʻlsa ham, baribir, oʻzimizning jangchilar bu shaharning tashqarisida - Isroil harbiylari turadigan erlarda baʻʻzi amaliyotlarni amalga oshirib turishardi. Yoki shu shaharga yaqin shahar qishloqlarda toʻqnashuvlar boʻlib turardi.
Hali Isroil bosib olishga ulgurmagan shahar va qishloqlar, xossotan togʻli hududlarda yashaydigan mujohidlar ahyon-ahyonda bosqinchilarga hujumlar uyushtirib, ularni yarador qilishar, baʻʻzan oʻlim holatlari ham boʻlib turardi. Soʻng Isroil harbiylari borishga qoʻrqadigan qiya-adirliklariga qaytib ketishardi. Oʻsha jangchilarning eng mashhuri «Abu Sharror» boʻlib, u bu atrofdagi bosqinchi harbiylarning uyqusini qochirib qoʻygandi.
«Fath» harakati shahar atrofida amaliyotlar boshlashga harakat qilardi. Afsuski, muvaffaqiyatlar gʻoyat kam edi. Chunki jangchilar qachon reja tuzishsa, amaliyot boshlashlari bilanoq bosqinchilar tomonidan hibsga olinardi. Shunday, hali oyoqqa turmaslaridan qulatilardi. Ehtimol, bunday zaiflashib qolishga odamlarning oʻz hayoti bilan, iqtisodiy unib-oʻsish bilan mashgʻul boʻlib ketganlari sabab boʻlgandir. Jangovarlar muvaffaqiyatidan boʻlak barcha jabhalardagi yutuqlar bu mintaqani tashi yaltiroq, ichi qaltiroq koʻrinishidagi aldovchi manzaraga aylantirib qoʻygandi. Ammo harbiy qanot zaiflashgani bilan toʻxtab qolishi mumkin emasdi. «Fath» harakatining aʻʻzolari, siyosiy qanotda Xalq fronti, ijtimoiy faoliyatlar kabilar bilan siyosiy faoliyatlarini boshlab yuborgandi.
Abdulfattoh mintaqadagi yangiliklarni tafsilotlarigacha soʻzlab berar ekan, togʻam u kishini diqqat bilan tinglar, ora-sirada har bir masalani yaxshiroq anglash uchun Gʻarbiy Sohil bilan Gʻazodagi farqlarni bilish maqsadida batafsilroq soʻzlab berishini soʻrardi.
Gʻazo sektorida 1967 yili sochilib ketgan «Falastin ozodligi» zobitlarini qayta yigʻib, «Xalq ozodligi» harakati tashkillashtirilgandi. Bu harakat avvalgidan ham kuchliroq boʻlib uyushgan, shu bilan birga, «Fath» va «Xalq fronti» guruhlari bilan hamkorlik boshlagandi. Bosqinchilar jangovorlarning ayrim vakillarini hibsga olib, koʻp sirlaridan boxabar boʻlishsa ham, ularning sumrʻʻatini tushirishga harakat qilganiga qaramay, jangchilarning umumiy ahvoli Gʻazoda yomon emasdi.
Xolam uyiga qaytganidan bir necha kun oʻtib, tashqari maydonda gʻarbiy mintaqadagi yoʻlakda bir ayolning jasadi tashlab ketilgani xabari keldi. Jussani koʻrish uchun otilib chiqdik. Chindan ham oʻsha erda bir ayolning jussasi yotardi. Kim qilganini hech kim bilolmasdi. Keyin jangchilar amaliyotida halok boʻlgan ekan, degan mish-mishlar tarqala boshladi. Hech kim bunga eʻʻtiroz bildirib, tafsilotini soʻrashga, amaliyot emas, deya ovozini koʻtarishga jurʻʻat qilmadi. Aslida esa oʻzini fidoyi jangchilardan qilib koʻrsatgan ayrim nomardlar hiyla-nayrang bilan uni tuzogʻiga ilintirgan, nomusini poymol qilgach, qilmishlarini berkitish maqsadida uni oʻldirishgan. Soʻng buni amaliyot sifatida talqin qilishga urinishgan. Bosqinchilarning maxfiy josuslari xalqning zaif nuqtasidan oʻzlarining hunrezliklari yoʻlida foydalanib kelishgan. Iqtisodiy ahvoli tang faqirlarni fidoyi jangchilar haqida maʻʻlumotlar etkazib berib uchun yollashardi. Omma orasida chinakam jasoratlari bilan obroʻ qozongan qahramonlarning suratini buzib koʻrsatish uchun ham aynan oʻshalardan foydalanib kelgan.
Bosqinchilar koʻplab erkaklar va yosh yigitlarni qoʻlga olar, ularni harbiylari qoʻnim topgan bazalarga olib ketishardi. U erda bir gala harbiylar asirlarni kaltaklab, qiynoqqa solganidan soʻng koʻzlarini tangʻib, qoʻllarini orqaga qilib bogʻlab, oʻzlarini devorga qaratib qoʻyishardi. Yomgʻirli sovuq kunlarda ham soatlab turishga majbur qilinardi. Asirlar sovuqdan zir titrashar, harbiylar boʻlsa, ularga parvo ham qilmay, navbat almashgancha poyloqchilik qilishardi. Kimdir devorga suyanib olsa yo oʻngga-chapga qaraguday boʻlsa, kelib tepkilab tashlashardi. Sal nariroqdagi isitish moslamalari bilan jihozlangan shinamgina xonada bir necha zobit boʻlib, asirlarni galma-galdan xonasiga chaqirardi. Oldidagi kursiga oʻtkazib, koʻzini ochirar va nima ish qiladi, yashaydigan eri, ahli-oilasi-yu aka-ukalari qolmay, hatto qoʻshnilarigacha, ayniqsa jangchilar haqida soʻrab savollar yogʻdirardi. Albatta, bu savollar haqoratli soʻzlarsiz boʻlmasdi. Odam bolasi talaffuz qilishi mumkin boʻlgan eng qabih va fahsh soʻzlar bilan haqorat qilishar, mazahlab, ustidan kulishar va ora-orada doʻpposlar ham edi. Soʻroqqa tutarkan, baʻʻzilarining zaif nuqtasini topishga, oʻz yoʻrigʻiga yurgʻizishga urinib, tilyogʻlamalik ham qilishardi. Baʻʻzilariga esa, surbetlarcha oʻz vatandoshlariga qarshi aygʻoqchilik qilishi uchun bosim oʻtkazib, koʻndirishga urinardi. Yana kimlardandir fidoyi jangchilar haqida maʻʻlumot olishga urinishardi. Yigitlarning bir qismi bu xoʻrliklardan qaynab, vulqon kabi otilay derdi. Ammo, nachora, sabr qilishdan boshqa imkonlari boʻlmasdi. Bordiyu nimadir qilguday boʻlsa, oldida yana ham kuchliroq xoʻrlanish, qahr-gʻazab kutib turardi. Shunday boʻlsa ham, ayrim yigitlar chidolmay qarshilik qilardi, qoʻllari orqaga qilib bogʻlab qoʻyilganidan, toʻrt-beshtasiga bas kelolmay, oxiri yanada qattiqroq qiynoqqa solinardi. Yana shunday toifalar boʻlardiki, ular na bosqinchilar taraf boʻlishni, na bu taraf boʻlishni istamas edilar. Ular bolalarini parvarishlab, tinch yashashni xohlardilar, xolos. Yana shunday turkumdagilar boʻlardi-ki, ular yurtini ham, jonini ham arzimas chaqa evaziga bosqinchilarga sotib yuborardi. Bor bilganlarini aytib berib, sotqinlik qilishardi.
Gʻazo sektoridagi jangarilarning vaziyati Gʻarbiy Sohildagilarga nisbatan ancha kuchli edi. Buning asosiy sababi «Falastin ozodligi» deya nomlangan jangari guruhlarning mavjudligi, deyish mumkin. Bu jangari guruh oʻsha vaqtlarda zimmalaridagi Falastin masʻʻuliyatini engillatish maqsadida «Arab tizimlari» tomonidan shakllantirilgandi. 1967 yilgi urushda bu armiya tarqalib ketgan, jangchilarning bir qismi shahid boʻlgan, koʻproq qismi Gʻazoni tashlab, Misr tomonga joʻnab ketgan yoki joʻnatib yuborilgandi. Ulardan qolgan baʻʻzi qismi «Xalq ozodligi» harakatiga asos solib, amaliyotlarda davom etgan. Ulardan tashqari, «Fath» va «Xalq fronti» harakatlaridan ham ayrim qoldiqlar boʻlib, sektor lagerlarida oʻzlariga xos koʻrinishlarda tashkillasha boshlagandi.
Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor