11.11.2024 21:47
“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, oltinchi qism)
Marhum qoʻmondon, Falastinning HAMAS ozodlik harakati etakchisi Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda davom etamiz. Toʻrtinchi qism. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor.
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism
***
Baland daraxtlarga ega juda keng maydonli maktabga kirib bordik. Maydon atrofida oʻnlab xonalar joylashgan boʻlib, kiraverishdagi yoʻlakning ikki yoniga gullar ekilgan, yonida suv hovuzi ham boʻlardi. Muhammad akam bu «A» sinf, bu «B» sinf, bu «Oʻqituvchilar xonasi», bu «Nozirning xonasi», deya maktab bilan tanishtirib chiqdi. Tonggi qoʻngʻiroq chalinib, oʻqituvchilar oʻquvchilarning saflarini tartiblash uchun chiqib kelishdi. Eskilar darrov saflanib olishdi, biz kabi yangi oʻquvchilar tarqoq turardik. Nomma-nom chaqirib, bizni ham uch saf qilib terib olishdi. Soʻng har bir sinf rahbari oʻz oʻquvchilarini oʻzi bilan sinflarga olib ketdi. Bizning sinf rahbarimiz olim odam boʻlib, boshida qizil doʻppisi boʻlardi. Bu uning Azhariy, yaʻʻni Azhar madrasasida taʻʻlim olganini anglatardi. Birinchi «A» sinfiga qabul boʻldim. U erda bizni avvaliga boʻylarimizga qarab, uch guruhga ajratib oldi. Har bir guruhdan uchtadan bolani ajratib, uzunasi bir metrdan sal oshadigan, eniga 40 sm keladigan, ostida nimchalarni qoʻyishga qutisi ham boʻlgan yogʻoch partalarga oʻtqazdi. Oʻtiradigan kursisi ham partaga ulangan boʻlib, uzunligi parta bilan bir xil hajmda, eniga esa 20 sm keladigan kursi edi. Har bir sinfda shunday partadan uch saf boʻlardi, har bir safda ettitadan parta, har bir partada uchtadan oʻquvchi oʻtirardi. Har ikki safning orasida taxminan bir yarim metr masofa boʻlib, soʻnggi safning boshida oʻqituvchi uchun parta, roʻparadagi devorga esa katta sinf taxtasi osilgandi.
Har bir oʻquvchi oʻzini Hasan deya tanishtirgan ustozimizning koʻrsatmasiga binoan oʻz joyiga oʻtirdi. Keyin ustoz Hasan biz bilan birma-bir tanisha boshladi. Har bir oʻquvchi ismini aytardi, ustoz Hasan esa otasi, amakisi-yu togʻalari, bobolarini ham soʻrardi. Ustoz deyarli hammamizning amaki-togʻalarimizgacha tanishini bilgandik tanishuv asnosida. Mendan ham soʻraganida, ilk bor oʻzimning toʻliq ismi-sharifim Ahmad Ibrohim Solih ekanligini tushunganman. Ustoz qoʻlini duoga ochib, «Iloho otalaringiz sogʻ-salomat qaytishsin!», deya duo qildi. Men ichimda "demak, bu ustoz otamning gʻoyib boʻlganini, u kishining qaerda ekanligini bilmasligimizdan xabardor ekanda", deganman.
Tanishuv asnosida sinfga kitob, daftar, qalam va oʻchirgʻich kabi oʻquv qurollarini olib kirishdi. Ustozimiz har birimizga oʻz nasibamizni tarqatib chiqdi. Olgan kitoblarimiz ostida biz hali oʻqiy olmaydigan soʻzlar yozilgan chiroyli ranglar bilan boʻyalgan suratlarga toʻla edi. Shuningdek, «hisob» kitobi, «Amma porasi» yozilgan kitob ham bor edi. Undan tashqari, har birimizga beshta daftar va beshta oʻchirgʻichli qalam ham berdi. Daftarlarning gʻilofi yashil va qizil rangda boʻlib, ustida YuNESKO tashkilotining belgisi qoʻyilgandi. Soʻng ustozimiz oʻquv qurollarini bizga tanishtira ketdi - «Bu - oʻquv kitobi. Bu - hisob kitobi. Bular esa daftarlar. Uchtasini onangizga berib qoʻyinglar. Ikkita daftarning birini hisob uchun, ikkinchisini oʻqish kitobi uchun ishlatamiz. Har kuni «Amma porasi»ni, «Hisob kitobi»ni, ikkita daftar, bitta qalam va oʻchirgʻichni oʻzingiz bilan olib kelasizlar. Tushunarlimi?»
Soʻng har birimizning daftarlarimizga oʻzining xattotlik mahorati bilan oʻta goʻzal qilib ismlarimizni yozib berdi.
Oʻsha kungi oʻqishimiz ham tugadi, Muhammad akam va Ibrohim bilan qoʻl ushlashgancha oʻquv qurollariga toʻla nimchalarimizni koʻtarib uyga qaytdik. Ketma-ket kunlar ham oʻtaverdi, men ham qolgan bolalar qatori oʻqish-yozishni oʻrgana boshladim, kichik suralarni yod oldim. Tanaffus payti hovliga chiqib oʻynardik, onam tayyorlab bergan qiymalangan loviyali sendvichimizni er edik. Sendvichimiz koʻproq murabboli boʻlardi. Baʻʻzan maktab tashqarisida etak yozib savdo qiladigan xolalardan sutli krem sotib olib, oʻzimiz bilan olib kelgan nonimizga surtib erdik. Bundan shirini boʻlmasdi. Ayniqsa nordon taʻʻmi juda yoqimli oʻtardi. Uyga qaytgandan soʻng tushlik qilib, oʻynagani chiqardik, keyin ustoz Hasan bergan uy vazifalarni bajarardik. Darslarimizni kunduzi tayorlashga ulgurmagan kunlarimiz kechasi togʻorani olib kelib, ustiga shamchiroqni qoʻyib, atrofida dars qilardik. Kattalar atrofimizda gaplashib oʻtirishardi.
Hech bir haftamiz katta yoʻldan keladigan karantin eʻʻlonini eshitmay oʻtmasdi. Qachon shunday boʻlsa, qaysidir fidoyi bosqinchilarga hujum qilganini tushunadigan boʻlib qolganmiz. Qachon bosqinchilar lagerga kirishga urinsa, fidoyilar tomonidan qahshatqich zarba eb, chekinardi. Yil boʻyi shunday davom etdi. Faqat bir safargisida qoʻshnimiz Abu Yusuf shahid boʻldi. Oʻshanda Abu Yusuf oʻzi bilan ikki yigitni bosqinchilarga qarshi amaliyot uyushtirish maqsadida olib chiqqandi. Ularning rejasiga koʻra, yigitlarning biri harbiy moshinaga granata uloqtirib, ataydan ularga koʻrinib qochishi kerak edi. Ortidan quvib kelganlarida, Abu Yusuf bilan sherigi ularni pistirmada kutib olish lozim edi. Birinchi yigit oʻz vazifasini bajarish uchun harbiy moshinani poylab turgan vaqtda toʻsaddan orqadan hujum qilib qolishadi. Natijada birinchi yigit oʻsha erda shahid boʻladi, undan soʻng Abu Yusufni sherigiga qoʻshib otishgan. Uchovlon oʻsha zahotiyoq shahid boʻldilar.
Shu kuni bosqinchilar tomonidan karantin eʻʻlon qilinmadi. Butun lagerdagilar erkagu ayoli, yosh bolasiyu qarisi chiqqandi. Odamlar Abu Yusuf oʻlimidan kuyib yigʻlardi. Shahidlarning janozasiga ilgari lagerlarda misli koʻrilmagan jamoat toʻplandi. Odamlardan joʻr boʻlib «Jonimiz ham, qonimiz ham fido boʻlsin, Abu Yusuf. Jonimiz ham, qonimiz ham fido boʻlsin, Falastin!» , degan ovozlar takror-takror eshitilardi. Shunday joʻr boʻlib aytilgan jumlalar bilan tobutlarni lager koʻchalarida bir necha bor aylantirishdi, soʻng lager yaqinida joylashgan qabristonga dafn qilishdi. Oʻsha kunning asr vaqtida bobom meni etaklab, hovlimiz orqa tarafidagi kishilar majlis qilib oʻtiradigan erga olib bordi. Oʻsha erda oʻtirib, soʻnggi hodisalarni muhokama qilishardi. Bu galgisida, adashmadingiz, Abu Yusuf va sheriklarining shahid boʻlganlari asosiy mavzu boʻldi. Hamma boʻlgan ishdan dahshatga tushib qolgandi. Majlisda bir kishi gap boshladi: "Ular dushmanning hiyla-nayrangiga tushib qolishgan". Oʻtirganlarning biri soʻradi:
-Bu qanday sodir boʻlgan?
-Eshitganingdek. Dushman ularga orqadan hujum qilgan. Yaʻʻni, ular raqibni kutib turgan tarafdan emas, orqadan poylab kelishgan.
Shunda uchunchi shaxs suhbatga qoʻshilib soʻradi:
-Nimalar deyapsiz?
-Eshitganingizdek!
Bobom ham suhbatga qoʻshilib:
-Aytmoqchisiz-ki, kimdir xiyonat qilgan? Yaʻʻni, sotqin bor oramizda, toʻgʻri topdimmi? - dedi. Gap boshlagan birinchi odam bir nuqtaga termulib turarkan, shunday deb javob berdi:
-Men bilaman. Bu ishni kim qilishi mumkinligini sezib turibman.
Shu oradi majlisdagilardan yana biri: «Aql bovar qilmaydi! Nahot-ki..! Ex... Abu Yusuf... Alloh seni rahmatiga olsin! Sening oʻrningga sendayi kelsin yana, ilohim!», deya achinib yigʻladi.
Bir necha kun oʻtdi. Quyosh botishiga yaqin, karantin vaqti kirishi oz qolganida biz koʻcha oʻynab yurgandik. Bir payt fidoyilardan bir guruh qurollangan jangchilar kirib kelib, xiyobonning turli nuqtalariga borib joylashdilar. Ularning orasida Abu Hatim lagerda yashovchilaridan birini qulogʻidan sudrab keldi. Abu Hatimning bir qoʻlida tayoq, elkasida osib olgan miltigʻi bor edi. Hamma bolakaylar manzarani koʻrib, oʻyindan toʻxtab qoldik. Darrov ularning atrofida odamlar toʻplanishdi. Sudrab kelingan shaxs esa qoʻllari bilan yuzini toʻsishga harakat qilardi. Odamlarning shovqin-suronlarini Abu Hatimning quyidagi xitobi kesdi:
-Ey xaloyiq! Hammangiz Abu Yusufning jasurligini, oʻz yurtimizda egilgan boshimizni koʻtarishga hissa qoʻshganini yaxshi bilasizlar. Bosqinchilarga yaxshilab dars berib qoʻyganini, ojiz qolgan xalqimiz sal boʻlsada erkin nafas olishga sababchi boʻlgan qahramon ekanini hammangiz eʻʻtirof qilardingiz. Endi mana bu pastkashni yaxshilab tanib olinglar. Aynan mana shu yahudlar bilan til biriktirib, Abu Yusufni poylab yurgan va u haqdagi hamma maʻʻlumotlarni yahudlarga etkazib turgan ekan.
Odamlar orasida shovqin koʻtarildi. Hamma birdek gapirayotgani uchun nima deyishayotganlarini tushunib boʻlmasdi. Abu Hatim qoʻlidagi tayogʻini yuqoriga koʻtargandi, odamlar jimib qoldi. Keyin oʻsha josusga qarab, «Gapir, nomard, nima boʻldi? Aytib ber hammasini!», dedi. U esa duduqlanib past ovozda tushunarsiz gaplar aytayotgandi, Abu Hatim qoʻlidagi tayoq bilan bir necha marta tushirdi. U tizzasi bilan choʻkkalab, ikkala qoʻli bilan boshini toʻsib olgandi.
-Tur oʻrningdan. Nima qilganingni aytib ber, ablax!
Josus arzimas pul evaziga Abu Yusuf bilan uning doʻstlarini yahudlarga chaqib turganini eʻʻtirof etdi. Ularni yahudlar oʻldirib yuborishlarini bilmagandim, deb qoʻshimcha ham qilib qoʻydi. Abu Hatim tayoq bilan yana savalay ketdi. Odamlar «Alloh seni hor qilsin!», «Pastkash-e..!», «Nomard!», «Xoin!» ,«Ablah josus» kabi haqoratli soʻzlarni aytib baqirishardi. Abu Hatim yana tayogʻini havoga koʻtargandi, hamma jimib qoldi.
-Ey xaloyiq! Yahudlar yurtimizni bosib olib, bizni uylarimizdan quvib chiqardi. Nomuslarimizni toptadi. Erkaklarimizni oʻldirdi. Shunday boʻlsa ham, oramizda jonlarini dushman qarshisida qoʻllari bilan koʻtarib yurgan fidoyilarimizga qarshi yahudlar bilan til biriktirishga tayyorlar bor ekan! Oʻzinglar aytinglar, bunday xoinga qanday jazo muqarrar?
Odamlar «Oʻlim!», «Oʻldirish kerak», «Uning jazosi oʻlim», deya baqirishardi. Shunda Abu Hatim elkasidagi miltigʻini qoʻliga olib, oʻsha josusga qaratdi. Oʻsha vaqt onam meni bu manzarani koʻrmasin, deb qoʻllari bilan koʻzimni toʻsib oldilar. Lekin oʻq uzilgan ovozni, odamlarning «Xoinlarga oʻlim, «Yahudlarning malayiga oʻlim», deya baqirayotganlarini eshitdim.
Ertasi kuni fidoyilar Abu Yusufning qasosini olish maqsadida bosqinchilarga pistirma qoʻyib, bir necha harbiylar ustidan oʻq yogʻdirib yuborishdi. Ularning yordamchi kuchlari kelib oʻsha mintaqani chor atrofdan oʻrab olishib, odamlarni uyidan urib, tepkilab, sudrab olib chiqa boshlashdi. Erkaklarni devorga qaratib saf torttirdi va miltiqlarini oʻshalarga tirib turishdi. Keyin oʻsha mintaqaga masʻʻul zobit "Jip" mashinasida kelib, eshigini ochib oʻtirdi. Erkaklarni birma-bir miltiq oʻqtalgan askar uning oldiga olib borardi. Har biriga oʻnlab, yuzlab savollar berardi. Fidoyilar haqida ozgina boʻlsa ham maʻʻlumot olishga harakat qilardi. Lekin hech kim ular haqida lom-mim demasdi.
Bir necha kun oʻtib, kuchli nazorat ostidagi karantin yana olib tashlandi. Odatdagiday maktabga qatnay boshladim. Tanaffus paytida tashqariga chiqqanimda, bir gala bolakaylar uncha baland boʻlmagan devorga osilib chiqib, pastda turganlar bilan bir nimalarni gaplashib turishardi. Men ham borib, tirmashib devorga chiqdim. Qarasam, narigi taraf bizdan yuqori sinfda oʻqiydigan oʻquvchilarning qismi ekan. Amakivachcham Hasan aka mana shu qismda oʻqirdi. U tarafda oʻqiydigan bolalar bizdan boʻylari balandroq edi. Shu kuni Muhammad akam bilan koʻchani toʻldirib qaytayotgan yuzlab oʻquvchilarning orasida bizdan oʻn metrcha niriroqda amakivachcham Hasanni koʻrib qoldim. Oramizdan oʻquvchi qizlar va bolalar tinmay oʻtib turardi. Hasan akamning qoʻlida nimadir tutib turgani, tinmay ogʻziga olib borayotganini sezdim. Bu tamakimidi?! Soʻng qarasam, qoʻlini pastga tushirib, ogʻzidan tutun chiqardi. Muhammad akamlar odatdagiday qoʻlimdan ushlab olishgan, hadeb meni «Yur, nimaga turibsan?», deya tortishardi. Men koʻzim bilan Hasan akam tarafga ishora qilmoqchi boʻldim, ammo tushuntirolmadim. «Hasan akam» deganimga qadar bizni payqab qolib, qoʻlidagini tashlab yubordi.
Kelinoyim tarafdagilar bobom bilan maslahatlashib, kelinoyimni turmush qurishga koʻndirishgandi. Oʻshandan buyon amakivachchalarim biz bilan yashab kelishardi.
Uyga kelib, tagʻin gullab qoʻysam Hasan akamdan tepki eb oʻtirmay, deb jim yurdim. Bir kuni onamga koʻrganim aytib bergandim, onam menga oʻtkir nigohi bilan qaradi-da, adashayotgan boʻlishim mumkinligini aytib, bu gapni hech kimga aytmasligimni tayinladi. Boshimni silkib, indamay ketdim. Lekin oʻsha kuni onam akamlarni xovlida soʻroq qilayotganlarini, akamlar esa boshini egib turganlarini koʻrdim, suhbatlarini eshitmasdim. Bir necha kun oʻtib, maktabdan qaytganimda Mahmud akam onamga Hasan akamni maktabga deb chiqib, darsga kirmagani haqida gaplashib turganlarini koʻrdim. Onam tashvishli koʻrinardi. Bobom bilan onam Hasan akamni chaqirib, koyib boshladilar. U oʻzini oqlashdan toʻxtamasdi. Bobom yana darsdan qochsa, ustunga bogʻlab qoʻyib savalashini aytib, tahdid qildi. Bir necha kun oʻtib, onam Hasan akamning kiyimlarini yuvayotib, choʻntagidan tamaki bilan bir qancha pul topib oldi. Uni xovlida oʻtirgan bobomga olib chiqib koʻrsatgandi, bobom dahshatga tushib qoldi. «Bu bola pulni qaerdan olgan ekan?!»