22.01.2025 08:00

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 24-qism)



Juma kuni tongni Gʻazo markazidagi qamoqxona qarshisida kutib oldik. Erta kelganimizga qaramay, qamoqxona eshigi oldida yuzlab oilalar eshik ochilishini kutib turgan ekan. Bino devoriga yaqin qilib temirdan saflarni tartiblash uchun yoʻlak qilib qoʻyilgan. To bir posbon eshikni ochib, qoʻlidagi varaqqa qarab, roʻyxatdagilar nomlarini aytib chaqirguniga qadar kutish maydonida oʻtirdik. Roʻyxatga qarab «Falonchi-pistonchi» desa, ziyoratga kelganlar orasidan nomini eshitganlar «Men» deya qoʻlini koʻtarib, devor oldidagi yoʻlakka oʻtishardi. Har oʻttiz kishini chaqirgach, erkak-ayollarni alohida taftishxonaga kiritishardi. Taftishdan soʻng ichkariga - ziyoratga kirib ketishardi.

Qizib turgan choʻgʻdan ham issiqroq hayajon bilan Mahmud akamning ismi aytilishiga zor-intizor boʻldik. Nihoyat beshinchi chaqiruvda Mahmud akamning ismini aytishdi. Biz ham yoʻlakka borib turdik. Oʻttiz ism toʻlganidan soʻng taftishga kirdik. Taftishdan oʻtib ichkariga kirarkanmiz, bizdan avval kirganlarning qaytib chiqayotganiga guvoh boʻldik. Ularning koʻzlaridagi alamlar - biz uchun oʻqilmagan kitobning muqaddimasidek edi goʻyo. Zaif yoritilgan uzun yoʻlaklardan oʻtib borib, ziyorat boʻlimiga kirdik. Betondan qilingan devor, qatorasiga ketgan panjarali derazalar bizni qarshi oldi. Yosh bolalar yugurib kirib borardi. Men ham ular qatori yugurib kirdim. Kattalar sekin kirib kelishdi, lekin yaqinlarini izlayotgan nigohlari bolakaylarning yugurishidan tezroq kirib borgandi. Hamma oʻz yaqinini izlashga tushdi. Derazalarning biri ortida Mahmud akamga koʻzim tushdi-da, «Onajon! Akam... Mana Mahmud akam» , deya baqirdim. Ammo xonaning shovqunligidan onam meni eshitmasdi. Qoʻlimni siltab chaqirayotganimdan payqab qolib, oldimizga shoshib kelishdi. Onam deraza oldiga kelarkan, Mahmud akamni yuzlab savollarga koʻmib tashladi:

- Oh... Bolam-a, bolajonim... Urishdimi? Qiynoqqa solishdimi? Qaerlaringga urishdi? Ovqat berishyaptimi oʻzi? Badanlaringga nima qildi? Oyogʻing nega oqsayapti? Qoʻlingni sindirishdimi?

Bu savollarning javobi oʻzi bilan edi. Ketma-ket savollarga javob bermasa-da, har bir savolning javobi uning jismida koʻrinib turardi. Yigʻidan savol berolmay ham qoldi. Mahmud akam onamni tinchlantirmoqchi boʻlardi:

- Hammasi yaxshi, onajon. Men yaxshiman. Koʻrishdik-ku mana. Xudo xohlasa, tez orada oldingizga qaytaman. Qarshingizda turibman-ku. Hamma joyim sogʻ-salomat, Allohga shukr! Oʻzingiz yaxshimimiz? Uka va singillarim qanday? Fotima, sen yaxshimisan? Maryuma (Maryam ismining erkalab chaqirilishi), sen qandaysan?

Fotima opam koʻz yoshlarini artib «Xudoga shukr, yaxshiman, aka!», dedi. Maryam esa, «Alhamdulillah!» deb javob berdi. Keyin men bilan salomlashdi. Onam yana savolga tutdi:

- Nima ayblov qoʻyishdi, bolam? Sud qachon boʻlarkan?

- Tashvishlanmang, katta ayblov qoʻyishmadi. Bir yo bir yarim yildan oshiq berishmasa kerak.

Panjaraga yopishib tinglab turgan onam oʻzidan ketib qolay dedi. Tinkasi qurib, oʻtirib qoldi:

-Bir yil yo bir yarim yil deydimi?! Endi nima qilaman-a?! Shoʻrim quridi-ku!..

Mahmud akam onamni tinchlantirishga harakat qilarkan, onam oʻzini qoʻlga olib, durustroq advokat yollayotganini aytdi. Shu vaqt ziyoratchilar va mahbuslarning ortida turgan posbonlar qarsillatib qarsak chala boshlashdi:

- Ziyorat tugadi! Ziyorat tugadi!

Ichkaridagi posbonlar mahbuslarni tortib ketishdi, bizni esa tashqariga chiqarishdi. Ungacha zoʻrgʻa xayrlashishga ulgurdik, xolos.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador