23.10.2024 20:25

Yahyo Sinvarning vasiyati: “Dushman qurollarimizdan emas, haqda sobitligimizdan qoʻrqadi”


Falastin qarshilik harakati etakchisi Yahyo Sinvar soʻnggi nafasigacha Isroil bosqinchilariga qarshi kurashib, mardonavor halok boʻlgach, sionistlar "Gʻazo sheri"ning oxirgi lahzalari aks etgan videoni eʻʻlon qildi. Aslida bosqinchilarning bu videoni tarqatishdan maqsadi – eng katta dushmanimiz etakchisini yoʻq qildik, deb maqtanish boʻlgan. Ammo Allohning marhamati bilan Isroil bu tasvirlarni ochiqlab, chinakam xatoga yoʻl qoʻyganini kech tushundi. Chunki hayotining soʻnggi damlarida chalajon holatida ham qoʻlidagi tayoq bilan dronni urishga uringan Sinvar butun dunyoda chinakam qahramonga aylandi.

Yaqinda Isroil telekanalining 12-kanali Sinvar allaqachon oʻlimiga tayyorgarlik koʻrib, izdoshlariga bir qancha koʻrsatmalar qoldirganini maʻʻlum qildi. Biz imkon qadar Yahyo Sinvarning qalamiga mansub vasiyatni tarjima qilib, eʻʻtiboringizga havola etmoqdamiz.

“Men, gʻurbatni vaqtinchalik vatanga, orzuni abadiy maʻʻrakaga aylantirgan muhojir Yahyoman. Ushbu soʻzlarimni butun hayotimni – bolaligimdan tortib, uzoq yillik mahbuslik davrigacha, mujohidlarning ushbu muqaddas zaminga toʻkilgan har bir tomchi qonigacha oʻtgan onlarni xotiramda jonlantirib, yozmoqdaman.

1952 yili Falastin parcha-parcha etilgan, siyosat xaritalardan oʻchirilayotgan bir zamonda Xon Yunisdagi chodirlardan birida dunyoga keldim. Men, olov bilan kulga qorishib ketgan insonman. Bosqinchining soyasida yashamoq bu – doimiy qamoq ekanligini erta idrok etgan insonman. Goʻdakligimdanoq bu hayotning oddiy hayot emasligini, bu zaminda tugʻilgan kishi oʻzida sinmas irodani mujassamlashtirib yashashi lozimligini, hurriyat uchun yoʻl ancha uzoqligini anglashi zarurligini tushunib etganman. Mening sizga qilajak vasiyatim, mana shu erdan – oʻsha bosqinchilarga birinchi boʻlib tosh uloqtirgan, tilimiz mana shu qarshilik bilan chiqishini anglagan bolalikdan boshlanadi.

Hayotim davomida shuni oʻrgandimki, bu erda insonning yoshi yillar bilan emas, vataniga nima taqdim etganiga qarab belgilanar ekan. Shunday qilib, umrim mahbuslik, urush, qon kechish va soʻnmas umid qurshovida oʻtdi. Ilk bor 1988 yilda hibsga olindim. Oʻshanda haqiqiy jinoyatchilar menga umrbod qamoq jazosini tayinlashdi, lekin qoʻrqmadim.  Qorongʻu zindonlarning har bir devorida uzoqda porlagan ufqni, har bir singan novda qayta gullab yashnashini koʻrar edim. Sabr qilish shunchaki fazilat emasligini, balki u toma-toma koʻl boʻladigan oʻtkir qurolligini angladim. Sizga vasiyatim, qamoqlardan qoʻrqmang. Bu bor-yoʻgʻi hurriyat sari uzun yoʻlimizning bir qismi, xolos. Qamoq yillari menga shuni oʻrgatdiki, u shunchaki olib qoʻyiladigan haq emas ekan, balki alamlardan tugʻiladigan, sabr bilan qatʻʻiylashadigan fikrat ekan. Allohning xohishi bilan 2011 yili mahbuslar almashinuvi doirasida hibsdan ozod boʻlganimda, men butunlay boshqa insonga aylangandim. Biz tutgan yoʻl shunchaki talashib-torishish yoʻli emasligini, balki soʻnggi nafasimizgacha kurashishimiz kerak boʻlgan qadarimiz ekaniga iymonim komil edi.

Sizlarga vasiyatim: sinmas gʻurur va oʻlmas umid bilan qoʻlingizdagi qurolingizni tushirmang. Dushman, kurashishdan voz kechishimizni istaydi. Oxiri yoʻq kelishuvlarga chorlaydi, lekin men erkingizdan voz kechmang, kelishmang, deb aytaman. Oʻz haqqingizdan voz kechib, uning ustida kelishuvga bormang. Dushmanlar qurollaringizdan koʻra, koʻproq sobit turishingizdan qoʻrqadi. Kurash bu – faqatgina qurol koʻtarishimiz emas, balki har bir olayotgan nafasimizda Falastinga boʻlgan muhabbatimiz, dushmanning kuchli adovatiga qaramay kuchli irodamiz hamdir.

Vasiyatim: shahidlar qoniga vafodor qoling. Ular shu tikonga toʻla yoʻlni bosib oʻtdilar va bizga qoldirdilar. Oʻshalar oʻz qoni bilan ozodligimiz sari yoʻl qurib ketishdi. Diplomatik oʻyinlari-u, siyosiy aldovlarga uchib, ularning jasoratini yoʻqqa chiqarmang. Biz bu erda ular boshlagan ishni davom ettirish uchun turibmiz. Bu bizga qanchaga tushmasin, bu yoʻldan voz kechmaymiz. Bu er sobitqadamlik markazi edi, shunday boʻlib qoladi. Garchi er bizga tor kelib qolsa ham, undan voz kechmaymiz.

2017 yili HAMAS boshqaruvini qabul qilganimda, shunchaki mansabdan mansabga oʻtish emas, balki tosh bilan boshlangan kurashni, qurol bilan davom ettirishni maqsad qilgandim. Har kuni xalqimning qamal ostidagi ogʻrigʻini his qilardim. Hurriyat sari bosgan har bir qadamimizning badali toʻlanishini juda yaxshi bilar edim. Lekin shuni ayta olaman-ki, taslim boʻlishning badali bundan ancha qimmatga tushadi. Shuning uchun, tomir erni qanday mahkam tutsa, siz ham bu erni shunday mahkam tuting!  Shamol baquvvat ildizlarni sugʻura olmaydi. "Al-Aqso toʻfoni"da etakchi boʻlmasam-da, har bir ozodlikni istovchi falastinlikka haqiqatni etkazuvchi ovoz boʻldim. Iymonim har daqiqa bu kurash xayoliy gap emas, aksincha amalga oshirish vojib boʻlgan ish ekanligini aytib turdi. Har bir Falastinlikning kitobida, barcha turkumdagi insonlar bir yoqadan bosh chiqargan, yosh bilan keksani ham ayab oʻtirmaydigan dushmanga qarshi yangi sahifa yozilishini istadim. Chunki "Al-Aqso toʻfoni" jasadlardan oldin ruh uchun, quroldan oldin iroda uchun kurash boʻldi.

Soʻnggi vasiyatim, shuni yodda tuting-ki, kurash oddiy narsa yo shunchaki quroldan oʻq uzish emas, balki sharaf va gʻurur bilan yashashimizdir. Hibsda shuni tushundimki: jang hali uzoq davom etadi, yoʻl esa mashaqqatli. Ammo shuni ham bildimki, taslim boʻlmaydigan xalq moʻʻʻjizalarini oʻz qoʻli bilan yaratar ekan. Bu olamdan sizlarga rahm-shafqat koʻzi bilan boqishlarini kutmang! Dunyo ahli bizga nisbatan amalga oshirilayotgan jabr-zulmlar qarshisida qanday jim turishlarini koʻrdim, bildim, shuni his qilib yashadim. Insof qilishlarini kutmay qoʻyavering. Sizdan insof kutishsin. Falastin orzusini qalbingizda asrang, har bir jarohatingizdan qurol yasang, har bir tomchi koʻz yoshingizdan umid bulogʻini qazing! Shular sizlarga vasiyatim edi. Yana takrorlayman, qurollaringizni qoʻya koʻrmang! Shahidlaringizni unutmang. Haqqingizdan voz kechmang. Biz shu erda qolamiz. Qalbimizda, kelajak avlodlarimiz hayotida shu erdamiz. Oʻlimga qadar habibimiz boʻlgan Falastinni mahkam tutishni vasiyat qilaman. Togʻdek ulkan, egilmas umidlarimizni mahkam tuting. Men qulasam, birga qulamang. Mendan Islom bayrogʻini olib qoling, toʻkilgan qonimdan avlodlar uchun koʻprik yasang. Ular bizning kulimizdan yanada kuchliroq boʻlib unib-oʻssinlar.

Vatan rivoyat qilinadigan hikoya emas, balki yashaladigan hayot ekanligini unutmang! Har bir shahidning kulidan bu erda ming jangchi unib chiqadi. Islom dushmanlarining halqumiga tiqilgan tikon boʻling. Biz haq ekanimizni, xabarlarda eʻʻlon qilinadigan raqamlar emasligimizni eʻʻtirof etmagunlaricha toʻxtamaydigan toʻfonga aylaning!

Yahyo Sinvar

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi