16.01.2025 08:00

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 22-qism)

Shaharlarda oʻzini katta olish xislati shakllana boshdi. Xususan, Xalil shahrida bu narsa yaqqol sezilib turardi. Shahar va qishloqlaridan siqib chiqarilgan muhojirlarga past nazar bilan qaraladigan boʻldi. Hozirgiday qishloqliklarga yuqoridan turib boqish oʻsha vaqtdan avj ola boshlagandi. Shahar va qishloq orasidagi bunday muomala avvaldan mavjud boʻlsa-da, bosqinchilar kelishi bilan kuchaygandi. Oʻz shaharidan, oʻz qishlogʻidan quvib chiqarilib, muhojirga aylanishining oʻzi past nazar bilan boqilishga loyiqdek edi goʻyo. Qishloqliklar dehqonchilik qilar, chorva boqib, sutidan tayyorlangan turli mahsulotlarni shaharga olib kelib sotishardi. Tushgan pulga esa shaharning oʻzidan kiyim-kechak, oziq-ovqat xarid qilib, ortib qolsa uch-toʻrt tiyin oʻzi bilan olib ketsa ketar, boʻlmasa shu ham yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham, rozi-rizolik chehralaridan ufurib turardi. Ertalab sahar payti yosh goʻdaklar, ayollar qoʻlidagi savatga tuxum yo biror meva solib, qishloq markazida avtobus kelishini kutib oʻtirishardi. Soatlab kutib, soatlab yoʻl yurib, shaharga kelishardi. Avtobus bekatida bu ayol meva-cheva olvogan, bunisi sutli mahsulotlar, narigisi tuxum koʻtargan boʻlardi. Shaharga etib kelishgach, tujjorlar ular olib kelgan mahsulotlarni aylanib-oʻrgilib, avrab arzimas chaqaga sotib olishadi. Mahsulotini sotib boʻlgan qishloqliklar toʻgʻri bozorga kirib, extiyojlarini xarid qilar, yana qishloqlariga qaytib ketishadi. Ayrim dehqonlar olib kelgan mahsulotlarini sotolmay, uyga qaytarib olib ketishga majbur boʻlishardi. Bordiyu yuki ogʻir boʻlsa, biror qoʻshnisi yo qarindoshi kelib yordamlashib yuborguniga qadar kutib oʻtirardi. Shunday boʻlsa ham, ularning koʻzlarida hayotidan nolish alomatlarini sezib boʻlmasdi.

Ichkarida ishlashga ruxsat berilgani ortidan koʻplab falastinliklar yahudlarning urf-odatlarini oʻrganib olishgandi. Ularda juma kunining peshin vaqtidan soʻng shanba kuni kirib keladi. Koʻplari bunga rioya qilmasa-da, hukumat tarafidan majburiy tatbiq bor edi. Biror korxona, biror rasmiy ish joyida chiroq yoqilmasdi. Ayniqsa, «Gʻufron kuni» deya nomlangan bayramida hamma narsa toʻxtatilardi.

1973 yili «Gʻufron kuni» oldidan taʻʻtil olgan falastinlik ishchilar uylariga qaytib, mahalla choyxonasida oʻtirishardi. Oʻsha erda ishlari, muammolari haqida suhbatlashishardi. Hazil-mutoyibalar qilishar, turmushlari haqida gaplashib oʻtirishardi. Bizning mintaqadagi ishchilar ham xuddi shunday - oltinchi oktyabrʻ kuni mahallada chaq-chaqlashib oʻtirishgandi. Shu payt qoʻshnilardan biri radio koʻtargancha baqirib kelib qoldi:

-Arablar bilan Isroil oʻrtasi urush alanga oldi!

-Qanday urush haqida gapiryapsan?! Qaysi arablar urushayotgan ekan?! - dedi atrofini oʻrab olgan odamlar. U esa hansirab, qoʻlidagi radioga ishora qilarkan: «Mana, radioda aytyapti. Eshitsangizlar-chi...» - dedi. Radioda misrlik boshlovchi Misr harbiylari oyoqqa turgʻizilib, Sinoga hujum qilishganini, u erda nazoratni qayta qoʻlga olishganini eʻʻlon qilayotgandi. Buni tinglagan insonlar quloqlariga ishonmaganidan bir-birlariga boqar, qolganlar ham shunday eshitdimi yo unga shunday tuyuldimi, deb soʻrardi. Radiodan kelayotgan xabarlarning qolganini tinglab, odamlar xursandligidan doʻppisini osmonga otdilar. Xabarning qolgan qismida urushga Suriya ham kirishgani, urush arablarning foydasiga hal boʻlayotgani, bir qancha samolyot va tanklar Misr harbiylari tomonidan yakson qilingani aytilgandi. Yaqin gʻalaba haqidagi xayollar har bir muhojirning oʻy-xayolini chulgʻab olgandi. Tashqarida hamma uydan chiqmasligini eʻʻlon qilishib, karantin joriy etishganida, Xudo xohlasa, soʻnggi karantinimiz shu boʻladi, deb oʻtirishardi. Hamma oʻz uyida, oilasi bilan radioning atrofida terilib, jarayonni lahzama-lahza kuzatib borardi.

Davomi bor...

 

Mavzuga aloqador