29.05.2025 15:57
178
Itanbul fathiga 572 yil toʻldi yoxud maqtovga loyiq boʻlgan fotih kim edi?
Bugun Konstantinopol fath etilgan kun: hijriy 857, milodiy 1453 yil yigirma oltinchi robiul-avvaldan boshlab Muhammad Fotih shaharni qamal qildi va nihoyat, biz xotiralab turgan ayni shu kunda, aniqroq aytganda, yigirma uchinchi jumodul-avval erta tongda shaharni fath qilishga muvaffaq boʻldi. Yaъni, qamal ikki oyga yaqin davom etdi. Muhammad Fotih shaharga zafar bilan kirib borgach, tulporidan tushib, shu ishga muvaffaq aylagani uchun Allohga sajda qilib, shukrona aytgani tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Shundan soʻng u Ayo Sofiya cherkoviga bordi. Vizantiya xalqi va rohiblari cherkovga toʻplanib olishgan edi. Muhammad Fotih ularga omonlik berdi va Ayo Sofiya cherkovini masjidga aylantirishga amr qildi. Birinchi juma namozida fath xutbasini oʻqildi.
Paygʻambar alayhissalomning bashoratiga sazovor boʻlgan Sulton Muhammad, bagʻrikenglik bilan shaharni talon-taroj qilishga ruxsat bermagan.
Shuningdek, ulugʻ sahoba Abu Ayyub ansoriyning qabri oldiga bir masjid bino etishga farmon berdi. Zero, marhum Abu Ayyub roziyallohu anhu shahar fathi uchun qilingan ilk yurishda ishtirok etib, shahid boʻlgan va oʻsha erda dafn etilgan edi.
Shahar fathidan keyin fotih taxallusini olgan Muhammad Fotih Kanstantinopolni oʻz davlatining poytaxti qilishga qaror qiladi. Kanstantinopol nomini "Islom shahri", "Islom diyori" maъnolarini anglatuvchi Istanbulga oʻzgartiradi.
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Abdulloh ibn Amr ibn Os tomonidan rivoyat qilingan ushbu hadisdagi bashoratlari roʻyobga chiqdi:
"Abdulloh ibn Amr ibn Os aytadi: Biz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozib oʻtirgandik, ul zotdan – qaysi shahar birinchi boʻlib fath etiladi, Qustantiniyami yoki Rummi? deya soʻraldi. Ul zot
"Iraklining shahri, yaъni Qustantiniya birinchi fath qilinadi", deya marhamat qildilar. Ushbu hadisni Ahmad oʻzining "Musnad"ida va Hokim "Mustadrak"ida rivoyat qilgan va sahihligi aytilgan.
Abdulloh ibn Bishr Xosъamiyning otasidan qilgan rivoyatida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlari aytiladi:
"Albatta Qustantiniya fath etiladi. Uning amiri naqadar yaxshi amir, oʻsha qoʻshin naqadar yaxshi qoʻshin". Yana Bishr aytadi: "Meni Maslama ibn Abdulmalik chaqirib, soʻragan edi, men unga hadisni aytib berdim, shunda u Qustantiniyaga gʻazot qildi" (Ahmad rivoyati). "Majmauz zavoid"da bu hadisga "uni Ahmad, Bazzor, Tabaroniy rivoyat qilganlar va uning roviylari ishonchlidir", deb sharh berilgan.
Shunday qilib, ushbu bashorat hali yigirma bir yoshdan ham oshmagan yigit Muhammad Fotihning qoʻli bilan roʻyobga chiqdi. Lekin u yoshligidanoq bu ishga obdan tayyorlangan edi. Zero, uning otasi sulton Murod II unga astoydil eъtibor bergandi. Shu bois, Muhammad Fotih oʻz zamonasining eng yaxshi ustozlari qoʻlida tahsil oldi. Ulardan biri, Ahmad ibn Ismoil Guroniy boʻlib, Suyutiyga koʻra, u kishi Muhammad Fotihning birinchi muallimi hisoblanadi. Suyutiy bu haqda bunday deydi: "Guroniy faqih olim edi. Oʻz zamonasi olimlari uni ustunligi va mohirligiga guvohlik berganlar. Hatto Guroniyni oʻz zamonasining Abu Hanifasi, deb ataganlar".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Konstantinopol (Istanbul) fath etilishi haqidagi hadislarini Muhammad Fotihning yoshligidan miyasiga quygan birinchi zot shayx Oq Shamsiddindir. Yigit ulgʻayar ekan, ayni fath uning qoʻllari bilan amalga oshishiga intildi. Oq Shamsiddin Muhammad Fotihga Qurъon, Hadis, Sunnati Nabaviya va fiqh kabi asosiy ilmlar bilan birga, arab, fors va turk tillaridan ham taъlim berdi. Shuningdek, matematika, astranomiya, tarix kabi boshqa fanlardan ham taъlim berdi. Bundan tashqari Muhammad Fotih jang sanъatini puxta oʻzlashtirgan shijoatli chavandoz edi…
Alaloqibat, Alloh oʻzining fazlu marhamati ila, rasulining maqtovlarini shu yigit qoʻli bilan roʻyobga chiqardi. Haqiqatdan ham, Muhammad Fotih naqadar yaxshi sarkarda, uning qoʻshini naqadar yaxshi qoʻshin boʻldi…
Chunki ular qalblari imonga toʻla, jismonan chiniqqan, sidqidildan jihodga tayyorlangan kishilar edi. Ular Allohga yordam berdilar va Alloh ham ularga shunday buyuk fath bilan nusrat-yordam berdi…