15.08.2024 10:53
Yaponiya musulmon sayyohlar uchun eshiklarini ochmoqda
Yaponiya hukumati soʻnggi yillarda mamlakatda halol sanoatni rivojlantirishga katta eʻʻtibor qaratib, musulmon turizmini rivojlantirishga har tomonlama yordam bermoqda. Yaponiya sayyohlik agentligi xorijlik sayyohlarning diniy ehtiyojlarini inobatga olgan holda turli menyular ishlab chiqish va namoz oʻqish joylarini tashkil etish borasida hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi, deb yozadi The Sun nashri.
Ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mahalliy hokimiyat organlari, turizmni boshqarish tashkilotlari, restoran va mehmonxonalar Yaponiya hukumati bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Jumladan, Osakada sumo mavzusiga bagʻishlangan yangi koʻngilochar zal mavjud boʻlib, u erda tashrif buyuruvchilar sobiq professional sumo kurashchilarining chiqishlaridan bahramand boʻlishlari mumkin, shuningdek, bu erda joylashgan restoranda halol va vegetarian taomlar oʻrin olgan taomnoma mavjud.
Mashhur maneki-neko haykalchalariga bagʻishlangan Okayama muzeyi hududida esa halol sertifikatiga ega oziq-ovqat korxonalari bilan birgalikda, namozxona ham ochildi.
Kumamoto prefekturasi tabiiy issiq buloqlar va kurortlari bilan mashhur boʻlib, bu erda birinchi halol sertifikatiga ega ryokan (yaponcha mehmonxona) ochildi.