18.09.2024 15:00

Yana bir davlatda "Tolibon" elchixonasi ish boshladi



Afgʻonistonning Ummondagi elchixonasi qaytadan oʻz faoliyatini boshladi. Bu haqda seshanba kuni Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi maʻʻlum qildi, deya xabar bermoqda Associated Press. 

“Elchixona ishi odatdagidek Afgʻoniston Islom Amirligi Tashqi ishlar vazirligi diplomatlari tomonidan olib borilmoqda”, dedi Afgʻoniston TIV matbuot kotibi Ziyo Ahmad Takal. 

“Elchixona ishining mezbon davlat bilan kelishilgan holda tiklanishi Kobul va Maskat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diniy aloqalarni mustahkamlashda konstruktiv rol oʻynaydi”, deya qoʻshimcha qildi u. 

Qayd etilishicha, elchixonaning ochilishi "Tolibon" hukumati va Fors koʻrfazi davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. 

Ummon Tashqi ishlar vazirligi yoki mamlakat davlat matbuoti elchixona ochilishi haqidagi maʻʻlumotni tasdiqlamadi. 

Oʻtgan oy BAAda Afgʻoniston diplomatik vakolatxonasi ochilgan edi.  

Hozirda dunyo boʻylab 39 ta afgʻon diplomatik vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Mavzuga aloqador