21.12.2023 10:38

JSST: Afgʻonistonda 13 mln kishi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda

Cheklangan gumanitar yordam tufayli bu raqamlar kelgusi hafta va oylarda yanada oshishi mumkin.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Afgʻonistonda 13 mln kishi jiddiy oziq-ovqat taqchilligiga uchraganini aytdi.

"Afgʻonistonda aholining 30 foizini tashkil etuvchi 13 mln kishi keskin oziq-ovqat taʻʻminoti inqiroziga duch kelmoqda", - dedi Gebreyesus. Uning qoʻshimcha qilishicha, mamlakatda 1 mln ga yaqin bola ogʻir, 2,3 mln bola esa oʻrtacha darajada oʻtkir toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.

Bosh direktor Afgʻonistonda yashovchi odamlarning immuniteti zaiflashgani va qishning ogʻir sharoiti tufayli yuqumli kasalliklardan oʻlish xavfi yanada yuqori ekanini aytdi.

"Gumanitar yordam cheklangani sababli kelgusi haftalar va oylarda bu raqamlar yanada oshishi mumkin", - dedi Gebreyesus.

JSST afgʻon bolalari va ayollarining toʻyib ovqatlanmaslik hamda oziq-ovqat xavfsizligi oqibatlaridan oʻlishining oldini olish uchun shifoxonalarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish uchun 185 mln dollarga muhtoj, dedi u.

Mavzuga aloqador