23.12.2023 13:05

Oktyabrdan buyon Afgʻonistonga 800 mingdan ortiq noqonuniy muhojir qaytdi

Pokiston hukumati 1,7 million afgʻon muhojiriga noyabrʻ oyigacha mamlakatni tark etishni buyurgandi.

Oktyabrʻ oyidan beri Afgʻonistonga 800 mingdan ortiq noqonuniy muhojir qaytdi, ularning yarmidan koʻpi Pokistondan.

Bu haqda jurnalistlarga Afgʻoniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid maʻʻlum qildi.

Qolganlarini, deydi u, Afgʻonistonga boshqa davlatlar, jumladan Turkiya, lekin asosan Eron yuborgan.

Pokiston hukumati barcha noqonuniy afgʻon muhojirlari, taxminan 1,7 million kishiga 1 noyabrga qadar mamlakatni tark etishni buyurgandi. Belgilangan sanadan oldin Pokistonni mustaqil ravishda tark etishdan bosh tortganlarga Islomobod deportatsiya qilinishini bildirdi.

Pokiston ichki ishlar vaziri Sarfaraz Ahmad Bugtining aytishicha, shu kungacha 482 mingdan ortiq noqonuniy afgʻon muhojirlari oʻz yurtiga qaytgan.

Avvalroq BMT Afgʻonistonda 13 mln kishi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotganini maʻʻlum qilgan edi.

 

Mavzuga aloqador