Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) Rossiya-Ukraina mojarosining davomiyligi yuzasidan oʻz prognozini qayta koʻrib chiqdi. Hozirgi tayanch stsenariy janglar 2025 yil oxirigacha, salbiy stsenariyda esa 2026 yilning oʻrtalariga qadar davom etishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Ayni paytda aksariyat tahlilchilar Oq uyda maʻʻmuriyat oʻzgarishi fonida mojaro kelasi yildayoq barham topishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

XVJ, shuningdek, Ukrainaning energetik xavfsizligi va Gʻarb davlatlari dastagining kamayishi bilan bogʻliq xavflar haqida ham ogohlantirmoqda. Jamgʻarma prognozlariga koʻra, davom etayotgan mojaro Ukraina hukumatini mudofaa xarajatlarini oshirishga majbur qilmoqda, bu esa iqtisodiyotni tiklashni qiyinlashtiradi.

Avvalroq Ukraina rasmiylari Rossiya aviazarbalari tufayli mamlakatdagi barcha elektr stantsiyalarining 70 foizdan ortigʻi shikastlangani yoki ishdan chiqqani haqida xabar bergan edi. Times nashri energetika inqirozi Ukraina hukumatini Moskva bilan kelishuvga erishishga majbur qilishi mumkinligini tan oldi.

XVJ, shuningdek, Ukraina iqtisodiyoti uchun ishchi kuchi etishmasligi ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi – bu odamlarning sharqdan gʻarbga safarbarligi va ommaviy harakati, shuningdek, ularning chet elga chiqib ketishi tufayli yuzaga kelganini maʻʻlum qilmoqda. Jamgʻarma maʻʻlumotlariga koʻra, 10,3 milliondan koʻproq odam (Ukrainaning 31 million aholisidan) koʻchirilgan va aholining beshdan bir qismi oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda.

Ukraina qarzlari ham oʻsib bormoqda: davlat qarzining Ukraina yalpi ichki mahsulotiga nisbati, muassasa prognozlariga koʻra, 2024 yilda 100 foizdan oshishi, 2029 yilga kelib esa qariyb 300 foizga etishi mumkin.

XVJ Kievni qutqaruv dasturining bir qismi sifatida taklif qilingan soliq choralarini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi va G7 mamlakatlariga favqulodda kreditlar orqali ukrainaliklarga koʻp yillik moliyalashtirish uchun 50 milliard dollar ajratishni tavsiya qildi.

Ukraina hukumati allaqachon Oliy Radaga 2025 yil uchun byudjetni taqdim etgan boʻlib, unda 1,6 trillion grivna (38,68 milliard dollar) taqchillik (defitsit), shuningdek, milliy valyuta kursini bir dollar uchun 45 grivnagacha pasaytirish koʻzda tutilgan. Harbiy soliqni 1,5 foizdan 5 foizga oshirish toʻgʻrisidagi qonun ham qabul qilindi.

Mavzuga aloqador