17.01.2024 10:05

Xitoy aholisi ketma-ket ikkinchi yil kamaymoqda

Xitoy aholisi ketma-ket ikkinchi yil kamayib, 1 mlrd 409 mln nafarni tashkil etdi. Yil davomida aholi 2 mln kishiga kamaygan.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat statistika boshqarmasi tomonidan eʻʻlon qilingan maʻʻlumotlarga koʻra, 2023 yilda Xitoy aholisi 1 mlrd 409 mln kishini tashkil qildi, bu 2022 yilga nisbatan 2,08 million kishiga kam.

Qayd etilishicha, Xitoy aholisi ikkinchi yil ketma-ket kamayib bormoqda. Xitoy aholisi 1960 yillar boshidagi qurgʻoqchilik va ocharchilikdan keyin birinchi marta 2022 yilda kamaygan edi.

2023 yilda Xitoyda 9,56 mln yangi tugʻilgan chaqaloq va 11,1 mln oʻlim qayd etilgan.

Tugʻilish darajasi milliy rekordlar 1949 yilda boshlanganidan beri eng past darajaga tushib, 6,39 promilleni tashkil qildi. Xitoyda tugʻilish darajasi 2022 yilda 6,77 promillega kamaydi.

2022 yil yakunlari boʻyicha Hindiston ilk bor aholi soni boʻyicha Xitoydan oʻzgan edi. 2022 yil oxirida Hindiston aholisi, World Population Review (WPR) maʻʻlumotlariga koʻra, 1,417 mlrd kishini tashkil etdi, bu Xitoydagidan 5 millionga koʻp. 2050 yilga borib oradagi farq 300 mln ga etishi kutilmoqda.

Mavzuga aloqador